“Ayolimga yuragimni beraman” - ikki xastaning muhabbati haqida hikoya 

Jamiyat 16:33 / 19.10.2022 18441

Andijonlik Jamoliddin ko‘z saratoni bilan dunyoga kelgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolishgan-u, ko‘zlarini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Lekin ko‘zi ochiqlar erisha olmayotgan natijalarga erishishda ko‘zi ojizlik ham to‘sqinlik qila olmagan. Jamoliddin bugun adabiyotshunos olim.

“Andijondagi maxsus bolalar internatida tahsil olganman. Undan keyin Toshkentdagi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida, magistraturani esa Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universitetida davom ettirdim. Orada bir yil ishsiz yurganimdan keyin oliygohga o‘qituvchilikka qabul qilindim. Hozirda Andijon davlat universitetida talabalarga adabiyotshunoslikdan saboq beraman”.

Jamoliddin maktab davridan kitoblarga mehr qo‘ygan. Birinchi kitoblarini nafaqa puliga sotib olgan yigit hozir kattagina kutubxona tashkil qilgan. Uning taqdiri uning kutubxonasi bilan ham bog‘liq. Chunki bo‘lajak turmush o‘rtog‘i Sanamxon kitob olish uchun kelganida ular bir-birlariga ma’qul bo‘lishgan.

Shundan so‘ng ular turmush qurishadi. Turmush o‘rtog‘ining hayotiga yorug‘lik olib kirgan ayol bugun ming afsuski og‘ir ahvolda. Tug‘ma yurak porogi xastaligi bilan tug‘ilgan ayol ayni paytda shifoxonada. Og‘ir kechgan tug‘uruq va o‘t qopida o‘tkazilgan operatsiyalar Sanamxonning dardini zo‘raytirgan.

Bu haqida biz Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar topdik va buni ulashgan vodiylik shifokor Muazzam Ibrohimova bilan bog‘landik.

“Bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan shu ikkala yoshning baxtli hayoti yana davom etishini xohlardim. Jamoliddin bilan gaplashganimda: “Imkoni bo‘lsa ayolimga men o‘z yuragimni beraman” degan gapni aytdi. Bu muhabbat, mehr-oqibatni ko‘rib juda ta’sirlandim. Ma’lum bo‘lishicha Sanamxonda o‘tkaziladigan operatsiya O‘zbekistonda qilinmas ekan. Rossiyadan yurtimizga kelayotgan mutaxassislar buni qilishi mumkin, lekin ularga navbat asosida murojaat qilish kerak ekan. Shu masalada SSV mutasaddilaridan bu masalaga yordam berishlarini so‘raymiz.

Sanamxon endi 24 yoshga kirdi. U yashashi kerak. Bu oilaning xorijda o‘tkaziladigan operatsiyalarga imkoniyatlari yo‘q” dedi shifokor.

Ko‘rsatuvni tayyorlash jarayonida Jamoliddin yana bir yaxshi xabarni yetkazdi: Yoshlar ishlari agentligi tomonida ularga 15 mln mablag‘ ajratilibdi. Lekin o‘tkaziladigan uch bosqichli operatsiya uchun hali ancha mablag‘ kerak bo‘ladi.

Ayni vaqtda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik shifokor ko‘rigi masalasida amaliy yordam ko‘rsatilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.

Bu ikki insonni ham qahramon deyish mumkin. Ikki yorti bir butun bo‘lib yashayotgan bu oila yana butun bo‘lishi uchun ozgina ko‘mak kerak.

O‘zkard: 8600 0610 1538 4547 bemor Sanamxon Mamadaliyeva nomida. 

Kun.uz muxbirlari - Abduvali Qurbonov, Gulmira Toshniyozova.
Montajchi Mirvohid Mirrahimov.

Ko‘proq yangiliklar: