Toshkentdagi restoran ma’muri qashqadaryoliklarni haqorat qilgani uchun jarimaga tortildi

Jamiyat 22:54 / 18.10.2022 43793

Magic City'da joylashgan “Chaman armenian food” restorani ish yurituvchisi va mijoz o‘rtasidagi yozishma muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda restoranning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yurituvchi shaxs mahalliychilikka yo‘l qo‘ygani aks etgan.

“Biz minimal buyurtmalarni qabul qila olmaymiz. Chunki ijaraga beruvchilarning shartlari asosida ishlaymiz va kafe formatida ishlamaymiz. Bu restoran va bu yerda hamma narsa qimmat. Agar biz bu tizimni bekor qiladigan bo‘lsak, siz qashqadaryoliklar bilan qo‘shni stolda o‘tirishingizga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bu biz uchun foyda keltirmaydi”, deb ta’kidlaydi restoran ish yurituvchisi mijoz bilan yozishmasida.

Mijozning: “Qashqadaryoliklarga nima qilibdi?” degan savoliga javoban u: “Bu odamlar restoran uchun emas” deb yozgan.

 “Chaman armenian food” restorani ish yurituvchisining mijoz bilan yozishmasidan skrinshot.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bu yozishma internetda tarqalgach, qizg‘in muhokamaga va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining noroziligiga uchradi. Tarmoqda restoranni boykot qilish, mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqiriqlar paydo bo‘ldi. Shundan keyin jarayonga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar aralashdi.

Chilonzor tumani IIO FMB o‘tkazgan tekshiruvda restoran xodimi mahalliychilikka yo‘l qo‘ygani tasdiqlangan. Restoran boshqaruvchisi Bagran Xudayan ichki ishlar organiga chaqirilib, undan ro‘y bergan holat bo‘yicha izoh olingan. Mas’ul shaxs o‘z tushuntirishida xatoga yo‘l qo‘yilganini tan olgan.

Toshkent shahar IIBB Telegram-kanali va UzReport TV'da e’lon qilingan videodan lavha. Foto: Toshkent shahar IIBB

“Egilgan boshni qilich kesmaydi. Chunki biz xato qilganmiz. Noto‘g‘ri gap bizdan chiqdi. 30 yildan beri shu yerda yashayman. Shu yerning suvini ichib, nonini yeb kelaman, bularning barchasi uchun rahmat deyman. Mana shu restoranda bir yildan beri ishlayapmiz. Har xil viloyatlardan mijozlarimiz bor, kelganlarning hammasi bizdan xursand bo‘lib ketgan. Bunaqa gapni bu kungacha hech kim eshitmagandi. O‘zbek xalqidan ming bor uzr so‘rayman. Bu men uchun saboq bo‘ldi”, deydi Bagrad Xudayan ichki ishlar organida bergan tushuntirishida.

Holat yuzasidan MJtKning 41-moddasiga (Haqorat qilish) binoan restoran ish yurituvchisiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Rasmiy xabarda huquqbuzarning ism-familiyasi ochiqlanmagan; u qancha jarimaga tortilganiga aniqlik kiritilmagan. Yuqoridagi moddaning sanksiyasi 20-40 BHM (6 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha) jarimani tashkil etadi.

IIBB o‘z bayonotida qonun oldida barcha barobar ekani, qonunga zid hech bir holat e’tibordan chetda qolmasligi va har bir fuqaroning qadri, sha’ni qonun bilan himoya qilinishini eslatib o‘tgan.

Foto: Kun.uz

Ro‘y bergan voqea ortidan “Chaman armenian food”ning Google platformasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida salbiy xarakterdagi munosabatlar ko‘paygan. Google xaritasida bu restoranga berilgan tavsiflar reytingi beshta yulduzchadan bitta yulduzchagacha tushib ketgan.

Ro‘y bergan holat ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylanishi ortidan Bagrad Xudayan “Chaman armenian food”ning Facebook va Instagram'dagi sahifalarida videomurojaat e’lon qildi va mijoz bilan noto‘g‘ri muomalada bo‘lgan xodim jazolanganini bildirdi.

E’tiborlisi, hozirga kelib har ikki platformadan Xudayanning qashqadaryoliklardan uzr so‘ragani aks etgan videolar o‘chirib yuborilgan. Yuqoridagi havolalarni bosib ko‘rsangiz, “bu sahifa topilmadi” degan yozuvni ko‘rishingiz mumkin xolos. Biroq video ayrim internet foydalanuvchilarining sahifalarida saqlanib qolgan.

Chaman armenian food’ning Facebook va Instagram’dagi sahifalarida e’lon qilingan va hozirga kelib o‘chirib yuborilgan videomurojaatdan skrinshot.
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“Sodir bo‘lgan holat uchun restoranimiz mehmonlaridan, birinchi navbatda, qashqadaryolik mehmonlarimizdan kechirim so‘rashni istardim. Inson Surxondaryodan bo‘ladimi yoki mamlakatimizning boshqa bir qismidan bo‘ladimi, buning farqi yo‘q. Ro‘y bergan tushunmovchilik uchun javobgarlikni zimmamizga olamiz va restoran muassisi va rahbari sifatida bunday munosabatga yo‘l qo‘ygan xodimlarni javobgarlikka tortdim.

Hurmatli qashqadaryoliklar! Ming marta uzr xatomiz uchun. Bizning eshiklarimiz sizlar uchun har doim ochiq. Provokatsiyaga aldanib qolmanglar! Biz qashqadaryoliklarni nihoyatda qadrlaymiz. Biz ishlatadigan qo‘y go‘shti aynan ushbu viloyatdan keltiriladi va bu bilan boshqa davlatdan keladigan sayyohlar oldida hamisha faxrdamiz. Shunday ekan, qashqadaryoliklar haqida yomon xayolga borishimiz ham noto‘g‘ri. Ro‘y bergan hodisa uchun yana bir marta uzr so‘rayman”, degan Xudayan keyinchalik o‘chirib yuborilgan videomurojaatida.

Ko‘proq yangiliklar: