OPeK+ davlatlari neft qazib olishni kamaytirishga kelishdi. Rossiya iqtisodiyoti qutulib qoldimi?

Iqtisodiyot 17:08 / 06.10.2022 54238

OPeK+ davlatlari 5 oktyabr kuni neft qazib olish hajmini kuniga 2 million barrelga kamaytirishga kelishib olishdi. Oqibatda bozorda «qora oltin» narxi ko‘tarilib, 1 barrel uchun 93 dollargacha chiqib ketdi. «Meduza» bu qaror Rossiya iqtisodini qutqarib qoladimi, degan savolga javob olish uchun Energetika va moliya instituti direktori Marsel Salixov bilan suhbatlashdi.

– Ayting-chi, OPeK+ davlatlarining ushbu qarori nimani anglatadi?

– Men bu [AQSh va Yevropa Ittifoqiga] yo‘llangan signal deb o‘ylayman. Mart oyidayoq Ukrainadagi voqealar sabab neft narxi keskin ko‘tarilishni boshladi va AQSh narxni tushirish uchun federal zaxirasidan kuniga qo‘shimcha 1 million barrelni bozorga olib chiqishga qaror qildi.

Oxirgi oylarda narx 120 dollardan 80 dollargacha tushib ketganida OPeK davlatlari narxni ko‘tarish uchun AQShdan bozorga qo‘shimcha neft chiqarishni to‘xtatishni so‘rashdi. Ammo AQSh bunday qilmadi: benzin narxi oshayotgani, yaqinlashib kelayotgan saylovlar bahona qilindi. Ya’ni AQSh administratsiyasi uchun doim narx oshishiga qarshi kurashayotgandek ko‘rinish muhim hisoblanadi. OPeKning aksar davlatlari, xususan, Saudiya Arabistoni AQShning bu harakatini nodo‘stona deb topdi.

Yana bir omil – Rossiya neftiga chegaralangan maksimal narx belgilanishi mumkinligi haqidagi gaplardir. OPeK davlatlari esa bu borada Rossiyani qo‘llasa kerak, chunki narxni cheklash bir kun kelib OPeKning o‘ziga ham ta’sir qilishi mumkinligini tushunib turishibdi. Aytaylik, bugun bundan Rossiya jabr ko‘rmoqda, bir necha yildan keyin esa biror nodemokratik harakati uchun Saudiya ham zarar ko‘rishi mumkin.

Shunday ekan, bu masalada OPeK davlatlari Rossiyani qo‘llashi ehtimoli yuqori, chunki ular uchun siyosiy holat, Ukraina bo‘yicha pozitsiya qiziq emas. Xullas, ular «Siz narxga cheklov qo‘yavering, biz ham siyosatingizni qiyinlashtiradigan chora-tadbirlar ko‘rishni bilamiz», qabilida yo‘l tutishmoqda.

– Qazib olishni kuniga 2 million barrelga kamaytirish kelishuvi qanchalik ishonarli?

– Bilasizmi, OPeK+ davlatlari hozir shundog‘am kuniga maksimal kvotadan 3,6 million barrel neftni kamroq qazib olishmoqda. Ko‘p davlatlar maksimal imkoniyatlaridan kamroq gaz qazib olmoqda. Masalan, Rossiya, Qozog‘iston, Nigeriya, Venesuela. Saudiya Arabistoni qazib olishni kamaytiradimi-yo‘qmi – asosiy gap shunda. Agar Saudiya ham qazib olishni qisqartirsa, bozor OPeK+ kelishuvi nimanidir hal qilishiga ishonadi. Axir OPeK+ uchrashuvidan avval ham qazib olish kamayishi haqidagi mish-mishlar fonida narx oshishga ulgurdi.

– Ya’ni hali neft narxi keskin oshishini kutishga erta, shundaymi?

– Ha, chunki aniqlashtirish kerak bo‘lgan narsalar bor. AQShdagi inqiroz ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan retsessiya (dunyodagi eng yirik iqtisodiyot bo‘lmish AQSh YaIMi ilk marta ketma-ket ikki chorak davomida kamaydi. Agar AQSh iqtisodi ortga keta boshlasa, butun dunyodagi iqtisodiyot ham ortga ketadi) qanchalik chuqur bo‘lishi aniq emas. Agar retsessiya chindan sodir bo‘lsa, neftga bo‘lgan talab keskin pasayib, qazib olishni kamaytirishga to‘g‘ri keladi.

Kelajakda talab qanday bo‘lishi, OPeK+ kelishuvi chindan qazib olishni kamaytirishi yoki yo‘qligi ham mavhum bo‘lib turar ekan, bu borada aniq gap aytish qiyin. OPeK+ qarori amalda ham kuchga kiradimi yoki shunchaki qog‘ozda qoladimi – bu ham aniq emas. Menimcha, bu avvalo «signal almashish» bo‘ldi.

– Bu «signal almashuvi»dagi Rossiyaning o‘rni qayerda?

– Rossiyaning bu boradagi o‘rni muhim. Oxirgi yillarda OPeKning roli pasayib ketdi. Kvotalar oshirildi, lekin amalda qazib olish oshmay turaverdi. Chunki ko‘pchilik davlatlarda neft qazib olishni oshirishga texnik va resurs jihatdan imkon yo‘q. Istalgan vaqtda qazib olishni oshirishi va kamaytirishi mumkin bo‘lgan davlatlarning bozorga ta’siri esa kuchayib bormoqda. Rossiyada, aytaylik, bu borada imkoniyatlar Saudiya Arabistoni kabi emas, lekin har holda eplay oladi.

Aynan hozir Rossiya OPeK+ ichida qandaydir ta’sir ko‘rsatishi qiyin, chunki sanksiyalar sabab xaridor kamaygan, shu sabab neftni kamroq qazib olmoqda. Bundan tashqari, Venadagi uchrashuvda Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novakning shaxsan o‘zi ishtirok etdi, bu esa hozirgina kiritilgan sanksiyaga qaramay muhim signal hisoblanadi.

Rossiya OPeK+ darajasida neft qazib olishni keskin kamaytirish g‘oyasining tashabbuskorlaridan biri ekanini istisno qilib bo‘lmaydi. Hozir Rossiyaning o‘zi qazib olishni kamaytira olmaydi, lekin OPeK u tomonda bo‘lishi juda muhim. Qolgan davlatlar qazib olishni kamaytirsa, Rossiya nefti uchun xaridorlar biroz ko‘payadi. Endi xaridorlar Rossiya va OPeK davlatlari narx bo‘yicha cheklovga qarshi harakatlariga qanday munosabat bildirishi qiziq bo‘ladi.

– Nima deb o‘ylaysiz, Rossiya narx chekloviga va o‘ziga nisbatan kiritilgan neft embargosiga qarshi chiqish uchun qazib olishni kamaytira oladimi?

– Rossiya baribir qandaydir harakatlari bilan xayrixohligini ko‘rsatadi. Umuman olganda, narx bo‘yicha cheklov o‘rnatish Rossiya har qanday narxga rozi bo‘lib ketadi, degan umidda kiritilmoqda.

Yaqinda bu borada dunyodagi mashhur iqtisodchilar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi va ularning aksari bu mexanizm ish berishini aytishdi, chunki iqtisod mantig‘iga ko‘ra shunday bo‘lishi kerak. Ammo bu Rossiyada boshqa mantiq bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi. Aytaylik, «Hechqisi yo‘q, zaxiralarimiz bor, amallaymiz» degan mantiq ishlashi mumkin. Yoki neft narxi ko‘tarilib, zararni qoplab ketishi mumkin. Menimcha, Rossiya rahbariyati neftni narx cheklovi bo‘yicha sotish shartiga rozi bo‘lmoqchi ham emas, ular bu haqda allaqachon aytib bo‘lishdi.

Rossiya neft qazib olishni kamaytirishdan boshqa choralarni ko‘rishi ham mumkin. Masalan, eksportni cheklash orqali. Amalda Rossiya Qozog‘istonga bosim qilishi mumkin, chunki Qozog‘iston neftini faqat Rossiya orqali sota oladi. Rossiya xohlasa bu mamlakat eksportini cheklashi mumkin. Aynan shunday bo‘ladi demoqchi emasman, lekin Rossiya narxni ko‘tarish va ko‘rajak zararini kamaytirish uchun har xil ishlarni qilishi mumkin.

– Benzin nima bo‘lishidan qat’i nazar azronlamaydimi?

– Yo‘q, albatta. Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Aftidan, Rossiya bozori benzin narxi na o‘sishi va na tushishiga yo‘l qo‘ymaydigan qilib qurilgandek. Bizda bu borada dempfer tizimi yo‘lga qo‘yilgan, qonunchilikda neftning bazaviy narxi belgilangan. Unga ko‘ra: narx bozordagidan past bo‘lsa, davlat neftchilarga pul to‘lab beradi; agar narx yuqori bo‘lsa, neftchilar budjetga qo‘shimcha to‘lov qilishadi. Ya’ni jahon bozorida nima bo‘lishiga qaramay, neft mahsulotlari narxi o‘zgarmasligining ehtiyoti qilingan. Bu ish to‘g‘ri ekani esa fakt emas. Masalan, Amerikada benzin goh qimmatlashadi, goh arzonlab ketadi. Bizda esa narx barqaror bo‘lishi kerak degan tushuncha bor.

Ko‘proq yangiliklar: