Respublika valuta birjasida ilk bor valutaviy fyuchers operatsiyalari joriy etildi

Iqtisodiyot 21:20 / 04.10.2022 40439

Respublika valuta birjasida ilk bor valutaviy fyuchers shartnomalari bilan oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati yaratilib, O‘zRVB davlat qimmatli qog‘ozlari bozori mobil ilovasi va likvidlik provayderlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ichki valuta bozoridagi ushbu yangilik Markaziy bank va O‘zRVB bilan hamkorlikda tashkil etilgan taqdimotda ta’kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga, tadbirda valutaviy fyuchers shartnomalari, uni joriy etishdagi ahamiyatli jihatlar, “UZCE mobile GB” mobil ilovasining bozor ishtirokchilari uchun qulayliklari xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.

Qayd etilishicha, valutaviy fyuchers shartnomalarining joriy etilishi valuta bozorida yangi turdagi instrumentlarning paydo bo‘lishiga hamda bu orqali korxonalarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashqi shoklar ta’sirini yumshatishga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, O‘zRVB davlat qimmatli qog‘ozlari bozori ishtirokchilari uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida “UZCE mobile GB” mobil ilovasi ishga tushirildi.

Ushbu mobil ilovadagi mavjud imkoniyatlar davlat qimmatli qog‘ozlari bozoridagi auksionlar parametrlariga oid ma’lumotlarni ko‘rish, kiritilgan buyurtmalarni bekor qilish, davlat qimmatli qog‘ozlarini sotish yoki sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzish, RePO bitimlarini amalga oshirish va ularning natijalarini ko‘rish, birja ma’lumotlari – kotirovkalar, birja yangiliklari va tahliliy materiallarni yoki ushbu bozorga oid boshqa birja ma’lumotlarini olish kabi afzalliklarni yaratishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: valutaviy fyuchers kontrakti – ma’lum bir miqdordagi valutani (bazaviy aktiv) bitim tuzilgan kundagi kelishilgan narx bo‘yicha kelgusida aniq bir kunda sotish yoki sotib olish shartnomasidir.

Ko‘proq yangiliklar: