O‘zbekistonga rossiyalik muhojirlar oqimi: iqtisodchilar nima deydi?

Iqtisodiyot 19:35 / 30.09.2022 55663

Rossiya prezidenti Vladimir Putin safarbarlik e’lon qilganidan keyin rossiyaliklar mamlakatni faol ravishda tark eta boshladi. Sayyohlar uchun ochiq bo‘lgan davlatlarga parvozlar uchun chiptalar deyarli to‘liq sotib bo‘lindi, quruqlik chegaralarida ko‘p kilometrlik tirbandliklar paydo bo‘lgan.

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentabrdan keyin yuz minglab Rossiya fuqarolari Qozog‘istonga, yana minglab ruslar O‘zbekistonga kirib kelgan.

Kun.uz Rossiyadan muhojirlar oqimining navbatdagi to‘lqini O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida mutaxassislar fikrlarini to‘pladi.

“Ko‘p narsa migrantlarning soniga bog‘liq”

Valijon To‘raqulov, iqtisodchi:

— Bu yerda ko‘p narsa rossiyaliklarning nima maqsadda kelayotganiga bog‘liq. Urushning boshida sanksiyalar tahdidi ostida O‘zbekistonga bizneslar ko‘chib kela boshlagandi. Hozirgi holatda esa Rossiyadan ketayotganlarning aksariyatini safarbarlikdan norozi oddiy odamlar tashkil etadi. Bu iqtisodiyotga ko‘p narsa beradi, deb ayta olmayman.

Ko‘chib kelayotganlarning yosh guruhlari va ilmiy darajasini tahlil qilib chiqish kerak, chunki boshqa millat vakillarining kirib kelishi mamlakatdagi ijtimoiy holatga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ishsizlik ortidan turli tartibsizliklar yuzaga kelishi mumkin.

Rus tilida muloqot qilish imkoniyati nisbatan yuqoriligi bois asosiy ko‘chib keluvchilar Toshkentga kelishi va bu yerda talabning oshishi hisobiga oziq-ovqat va kvartiralarning narxi qimmatlashishi mumkin.

Menda Rossiyadan qancha odam O‘zbekistonga kelgani yoki kelishi mumkinligi haqidagi aniq ma’lumotlar yo‘q. Agar katta miqdorda ruslar kirib keladigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan ular shuncha miqdorda rubl ham olib keladi. Bu Rossiya valutasiga nisbatan so‘m kursining mustahkamlanishiga ta’sir qilishi mumkin. Bu esa rublda import qilinadigan mahsulotlarning narxi pasayishiga, Rossiyaga eksport qiladigan tovarlarimiz bahosi oshishiga olib keladi. Bularning barchasi, albatta, O‘zbekistonga qancha miqdorda rossiyalik kelishiga bog‘liq.

“Rossiyalik muhojirlar ichki bozordagi talab va taklif muvozanatiga ta’sir qilmaydi”

Abdulla Abduqodirov, iqtisodchi:

— Mening o‘ylashimcha, Rossiyadan kelayotganlar bizning bozordagi talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni buza olishmaydi. Moskva, Sankt-Peterburg yoki boshqa yirik shaharlarni inobatga olmasa, Toshkentdagi narx-navo Rossiyaning boshqa shaharlaridan yuqori, ya’ni ko‘chib kelayotganlarning ko‘pchiligida Toshkentdagi talabni oshirib yuborish potensiali yo‘q, ularning aksariyati boy qatlam emas, balki urushdan qochib kelayotganlar.

Kelsa, 50 ming odam ko‘chib kelishi mumkin. Bu 35 mlnlik aholisi bor mamlakatning ichki bozoridagi talab va taklif o‘rtasidagi mutanosiblikni buzib yubora olmaydi. Vahima qilishga hojat yo‘q.

Rossiyadan kelayotgan bizneslarning ham O‘zbekiston uchun foydasi u qadar sezilarli bo‘lmaydi. Birinchidan, tadbirkorlar o‘zlarining biznesini Rossiyaga tashlab keladi, ular O‘zbekiston ichki bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib faoliyat olib borishi kerak. Ya’ni bizdagi biznes muhitiga kirishi kerak, o‘zi bilan yangi texnologiya va ishlab chiqarish modelini olib kirmaydi. Jamiyatni sifat jihatdan o‘zgartira olmaydi. Faqatgina, kam miqdorda bo‘lsa ham malakali kadrlarning kelishi, iqtisodiyotimizga qisman bo‘lsa-da, ijobiy ta’sir qilishi mumkin.

“Bu masalaga his-tuyg‘uni bir chetga surib qarash to‘g‘riroq bo‘ladi”

Behzod Hoshimov, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi:

— Iqtisodiyotda qiymatni insonlar yaratadi, ular iqtisodiyot uchun eng muhim resurs va boylik manbai. Shu jihatdan ham, Rossiyadan kelayotgan qochqinlarning ijobiy jihatlari mavjud, ular kelajakda qiymat yaratadi. 200 mingga yaqin mehnatga layoqatli rossiyaliklar chetga chiqib ketishdi. Bu qochqinlar borayotgan mamlakatga qisqa muddatli davrda qiyin bo‘lishi mumkin, chunki ularni vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash kerak.

Shu bilan birga, Qozog‘istonga 100 ming kishi ko‘chib keldi deb oladigan bo‘lsak, 17 mln aholisi bor mamlakat uchun bu katastrofik ko‘rsatkich emas, ammo kichkina raqamlar ham emas. Menimcha, 6-12 oy ichida Rossiyadan kelayotgan qochqinlar Gruziya yoki Qozog‘iston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Ular nafaqat bu mamlakatlarga pul olib kiryapti, balki ishlab, iqtisodiyotda qiymat yaratishi mumkin.

Boshqa tomondan, bu immigratsion oqimning ham bir qancha spetsifik jihatlari bor. Birinchidan, qochayotganlarning katta qismi o‘ziga to‘q insonlar. Rossiyada ham aholining barcha toifalarida ko‘chib chiqib ketish uchun pul yo‘q. Urushdan oldingi tadqiqotlarda ham, mamlakatdagi ichki migratsiyaga aholida birlamchi ehtiyojlar uchun mablag‘ning yo‘qligi to‘siq bo‘lib kelgan. Agar hozirgi “buyuk qochqin” uzoqroq davom etsa va O‘zbekiston hamda Qozog‘istonga ko‘plab miqdorda qochqinlar kirib kelsa, mezbonlar ularning assimilyatsiyasiga yordam berishsa, uzoq muddatli istiqbolda buning ta’sir ijobiy bo‘ladi va katta miqdorda dividend olishadi.

O‘zbekistonga Rossiyadan kelayotgan qochqinlar oqimining ijara va oziq-ovqat narxlarini oshirib yuborishi haqidagi xavotirlardan qo‘rqmasligimiz kerak. Masalan, qandaydir tasodif bilan O‘zbekistonga millionlab turistlar kelishni boshladi. O‘z-o‘zidan bu vaziyatda mehmonxonalar narxining oshib ketishini hech kim yomon demaydi. Hozirgi sharoitda rossiyalik qochqinlarning O‘zbekiston va Qozog‘iston shaharlarida pul sarflashi iste’molni oshiradi va mamlakatni boyitadigan jihat.

Ko‘p narsa talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatga bog‘liq. Qisqa muddatda, ijara narxining oshishi hisobiga odamlar ko‘proq daromad olish maqsdadida o‘zlari yashayotgan uylarni ham ijaraga bera boshlashi mumkin. Uzoq muddatda esa, kvartiralar tezroq qurila boshlashiga rag‘batlar paydo bo‘ladi. Umuman, talabalar uchun ham ijara narxining oshayotganiga muammo sifatida qaraymiz, vaholanki bu – imkoniyat.

Oziq-ovqat narxlari haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, 100 mingta odam ovqat bozorida narxlarni keskin oshirib yubora olmaydi. Mamlakatga har yili keladigan turistlarning salmog‘i ham bundan bir necha barobarga ko‘proq. Bu masalaga his-tuyg‘uni bir chetga surib qarash to‘g‘riroq bo‘ladi.

Umuman olganda esa, O‘zbekiston ham yashash qimmat, ham pul topishga imkoniyat kamligi uchun qochqinlarga jozibador joy emas.

“Inson kapitali qiymat yaratadi”

Botir Qobilov, AQShning Harvard universiteti doktoranti, iqtisodchi:

— Qancha ko‘p inson kapitali mamlakatga kirib kelsa, bu shunchalik o‘sha mamlakat uchun foydali. Inson kapitali – istalgan davlatning asosiy milliy boyligi. AQShning sobiq prezidenti Ronald Reygan AQShning kuchi bu – immigrantlar deb aytgandi. Prezidentlik davridagi oxirgi nutqida ham muhojirlarga “sevgi maktubi” shaklida monolog o‘qib ketgan. Shu jihatdan kelayotgan odamlar uzoq muddatli davrda mezbon mamlakatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Inson kapitali qiymat yaratuvchi kapital hisoblanib, undan foydalanmaslik qo‘ldan boy berilgan eng katta imkoniyatlardan biri hisoblanadi. Kelayotgan odamlar o‘zi bilan yangicha fikr, yangicha yo‘nalish olib keladi, jamiyatdagi g‘oyalar xilma-xilligini ta’minlaydi.

Odamlarda juda ko‘p immigrantlar O‘zbekistonga kelyapti, degan qo‘rquv bor. To‘g‘ri, qisqa muddatli davrda ko‘plab odamlarning kelishi narxlarni oshiradi, chunki taklif buni qoplab berishga ulgurmaydi.

Ijara narxlarining oshishi ortida ham toza iqtisodiy mexanizm yotadi. Talabning oshib ketganini ko‘rgan uy egasi, mo‘maygina pul ishlab olish ilinjida uyini bo‘shatib beradi. Masalan, bizda yaxshi aviakompaniyalar bo‘lganda Moskva yoki boshqa shaharlarda yuzaga kelgan talab ortidan yaxshigina pul ishlab olishi mumkin bo‘lardi. Turk kompaniyalari bundan foydalanib qolishdi.

Ijara masalasiga qaytadigan bo‘lsak, siz shartnoma asosida ijarada turibsiz. Uyning egasi narxlarning oshishi va katta qondirilmagan talab tufayli sizni uydan chiqarib yuborishga harakat qilishi mumkin. Ammo 1 yillik shartnoma bor, hali 6 oy yashagansiz. Ya’ni mavjud muammolar fonida ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslari paydo bo‘lishi mumkin.

“Ortiqcha sentimentlar bo‘lmasligi kerak”

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

— Sentyabrning 21-sidan keyin shimoldan oqib kelayotgan qochoqlar to‘lqiniga nisbatan o‘zbek jamiyatida aniq-tiniq munosabatlar shakllangani yo‘q, mulohazalar, yondashuvlar, fikrlar turlicha.

Lekin bir narsani o‘zimiz uchun belgilib olishimiz zarur: yangi to‘lqin zehniyati ma’no mundarijasiga ko‘ra urushga qarshi emas, urushga borishga qarshi xolos. Ularni qabul qilishimiz, Ukrainaga safarbar etilayotgan bosqinchilar sonini kamaytiradi, o‘ldirilayotgan, zo‘rlanayotgan, talanayotgan ukrainlar sonini qisqartiradi. Sentimentlar bundan ortiq bo‘lmasligi zarur.

Iqtisodiy naf, boyitiladigan insoniy kapital, sotsial sohaga, infratuzilmaga qo‘shimcha yuklamalar, uy-joy bozori, mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish, transport sohasi boshdan kechirayotgan kichik shoklar mazmunli diskussiya yaratmaydi. Spekulyativ investitsiyalar uzoq muddatli trendlar yaratmaganidek, vaqtinchalik, tranzit boshpana ilinjidagi qochoqlar to‘lqini shovqinlardan bo‘lak iz qoldirmaydi.

Ularga tilaydiganimiz Ukraina g‘alabasidan keyin qochoqlarning tezroq o‘z vatanlariga eson-omon qaytib olishlari va insoniyatni va dunyoni yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan antixristni qaytib hech qachon hokimiyatga keltirmaslik choralarini ko‘rish bo‘lishi kerak. 

Ko‘proq yangiliklar: