Yil yakuniga qadar Farg‘onada elektromobil ishlab chiqarish boshlanadi, uchar mototsikl va eng baland tovushga ega smartfon – hafta texnodayjesti

Fan-texnika 19:30 / 24.09.2022 73355

Uchar mototsikl

Detroit Auto Show ko‘rgazmasida uchar mototsikl taqdim etildi. Bunday noodatiy texnikani ishlab chiqarish uchun 6 yil vaqt sarflangan.

Uchar mototsikl bitta oddiy va 4ta elektr dvigatel hamda 6ta parrak bilan jihozlangan. Uning og‘irligi 300 kiloni tashkil qiladi. Hoverbayk 100 km/soat tezlik bilan 40 daqiqagacha parvoz qila oladi. 

Motosiklning ilk parvozi muvaffaqiyatli yakunlangan va Yaponiyada 777 ming dollardan sotuvga chiqarilgan. 2023 yildan boshlab esa uchar mototsiklning narxi 50 ming dollar bo‘lgan arzon modellarini ham ishlab chiqarish reja qilinmoqda.

ASUS'ning yangi o‘yin smartfonlari

Foto: ASUS

ASUS kompaniyasi ROG Phone 6D va ROG Phone 6D Ultimate o‘yin smartfonlarini taqdim etdi.

Ularga MediaTek kompaniyasining Dimensity 9000+ protsessori o‘rnatilgan bo‘lib, qurilmalarning tezkor xotirasi 16 Gb va doimiy xotirasi 256 yoki 512 Gb.

Smartfonlar 6,7 dyuymli AMOLED-ekran bilan jihozlangan. Displey Corning Gorilla Glass Victus oynasi bilan himoyalangan. 

Qurilmalarning old kamerasi 12 Mp, asosiy kamerasi 50 Mp. Akkumulyatori sig‘imi 6000 mA•sni tashkil etadi. 

ROG Phone 6D smartfoni 910 dollar va ROG Phone 6D Ultimate 1,3 ming dollar narxda sotuvga chiqadi.

Farg‘onada elektromobil ishlab chiqariladi

Foto: fergana.uz

Farg‘ona viloyatida joylashgan «Central Asia Motors» korxonasida yengil va yuk elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qayd etilishicha, loyihaning umumiy qiymati 50 mln dollarni tashkil etadi. Shundan 5 mln dollar tadbirkor mablag‘lari yana 5 mln dollar bank krediti hamda 40 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.

Elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari joriy yil yakuniga qadar boshlanishi kutilmoqda.Korxona to‘la quvvat bilan ish boshlagach, yiliga E-200 (krossover), E-400 (furgon) va E-500 (yo‘ltanlamas) modifikatsiyasidagi 10 ming elektromobil ishlab chiqarish imkoni paydo bo‘ladi.

Loyihaga ko‘ra, akkumulyator, kuzov va quvvatlash stansiyasi mahalliylashtiriladi. 

Eng baland tovushga ega smartfon

Foto: garumax.com

Ulefone kompaniyasi yangi Power Armor 16 Pro smartfonini namoyish etdi. Uning tovush balandligi 122 detsibelgacha yetadi. Smartfondagi ovoz kuchaytirgichdan favqulodda vaziyatlarda, xususan, olis masofadan turib yordam so‘rashda foydalanish mumkin.

Gadjet ikki xil: qora va to‘q sariq rangda taqdim etilgan. U 5,93 dyuymli HD+ displeyga ega, protsessori – MediaTek Helio P22, Android 12 tizimida ishlaydi. 16 va 2 Mp qo‘sh kamera bilan jihozlangan, yon tomoni metall hoshiya va orqa tomoni chiziqli naqsh bilan bezatilgan. Power Armor 16 Pro'ning yana bir afzalligi – 9 600 mAs sig‘imli akkumulyatori hisoblanadi.

Smartfonning narxi oshkor etilmagan, biroq uning qiymati 200 dollardan oshmasligi kutilmoqda.

Ko‘z ravshanligini ta’minlovchi antioksidantlar

Foto: Getty Images

AQSh olimlari ko‘rish qobiliyati yomonlashishining oldini olish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi.

Betesda milliy ko‘z instituti mutaxassislari ikkita antioksidant yordamida ko‘z ojizligi xavfini 25 foizdan ko‘proq kamaytirish mumkinligini isbotladi. Buning uchun ilgari ishlab chiqilgan mavjud ozuqaviy qo‘shimchalar formulasi o‘zgartirildi.

Besh yil davom etgan va 4000 nafarga yaqin kishi qatnashgan tajriba ishtirokchilaridan bir guruhi S vitamini, mis, rux va beta-karotinni o‘z ichiga olgan qo‘shimchalarni qabul qildi. Ikkinchi guruh yangi formulaga asosan tayyorlangan, ya’ni lutein va zeaksantin antioksidantlari bilan boyitilgan dorivor tarkibga ega qo‘shimchalardan foydalandi.

«Yakunda yangi formulaga ega ozuqaviy qo‘shimcha ko‘z o‘tmaslashishi xavfini 26 foizga kamaytirishi aniqlandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Toyota Rossiyada avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatdi

Foto: Picture Alliance/DPA

23 sentabrdan Toyota korporatsiyasi Sankt-Peterburgdagi zavodida avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatganini rasman e’lon qildi. Shu bilan birga, kompaniya rossiyalik xodimlarini qayta ishga joylashtirish, qayta tayyorlashda yordam berishga va’da berdi va ularga moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Toyota so‘nggi olti oy davomida voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib borgan va agar vaziyat o‘zgarsa, Sankt-Peterburgdagi korxona faoliyatini qayta tiklashga tayyor.

Ma’lumot uchun, Shusharidagi «Toyota Motor» zavodi 2007 yilda ochilgan. 2022 yil mart oyida butlovchi qismlar yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli korxona faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatgandi.

Ko‘proq yangiliklar: