Ukraina Eron elchisini akkreditatsiyadan mahrum qildi

Jahon 07:35 / 24.09.2022 4823

Eron tomonidan Rossiyaga uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) yetkazib berilishi munosabati bilan Ukraina rasmiylari Eron elchisining akkreditatsiyasini bekor qilishga, shuningdek, mamlakatning Kiyevdagi elchixonasida akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlar sonini qisqartirishga qaror qildi. Eronning muvaqqat ishlar vakili 23 sentabr, juma kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. U yerda unga «Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukraina tinch aholisi va mudofaa kuchlariga qarshi foydalanish uchun Rossiyaga Eron qurollarini yetkazib berish Eron rahbariyati tomonidan ochiq e’lon qilingan neytrallik, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish pozitsiyasiga bevosita ziddir», deya ma’lum qildi Kiyevdagi TIV.

Ukraina prezidentining matbuot kotibi Sergey Nikiforov Facebook'da Volodimir Zelenskiyning Rossiya qo‘shinlari tomonidan Eron uchuvchisiz uchoqlaridan foydalanishiga javob berish talabi haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlari va OAVning Eron Rossiyaga qurol yetkazib berayotgani haqidagi xabarlari nihoyat «jang maydonida» tasdiqlangan. OAV Eron Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Mohajer-6 va Shahed-136 «kamikadze dronlari»ni Rossiya armiyasiga yuborishga rozi bo‘lgani haqida bir necha bor yozgan. Sentabr oyi boshidan beri Ukraina harbiylari o‘z mamlakati hududida kamida to‘rtta shunday UUAni urib tushirganliklari haqida xabar berishdi.

Akkreditatsiyadan mahrum qilinishi Eron elchisi Manuchehr Moradi endi Ukrainada diplomatik faoliyat yurita olmasligidan dalolat beradi. Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi boshidanoq u Kishinyovga jo‘nab ketib, mamlakat tashqarisida edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin iyul oyi o‘rtalarida Tehronda Islom Respublikasi rahbari Ibrohim Raisiy bilan uchrashganidan so‘ng Eronning Ukrainaga qarshi urushda Moskvaga yordam berishi mumkinligi muhokamasi kuchaydi. Bu Putinning urush boshlanganidan beri xorijga ikkinchi safari edi. AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, bu uchrashuvda Putin nafaqat Kreml rasman e’lon qilgan savdo aloqalarini kengaytirish, balki qurol-yarog‘ yetkazib berishni ham muhokama qilgan. Oq uyning ta’kidlashicha, Eron Rossiyaga bir necha yuztagacha uchuvchisiz uchoqlarni, jumladan, qurol olib yurishga qodir bo‘lgan dronlarni yetkazib berish niyatida.

Oradan ko‘p o‘tmay Rossiya kosmodromidan Eronga tegishli sun’iy yo‘ldosh uchirildi. G‘arb razvedka xizmatlariga ko‘ra, bu apparat Tehronning Yaqin Sharqdagi harbiy nishonlarga josuslik qilish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishi kerak. Bungacha Moskva, OAV xabar qilganidek, sun’iy yo‘ldoshdan Ukraina qurolli kuchlarini kuzatish uchun foydalanish niyatida edi. Eron bu kabi taxminlarni rasman rad etdi, biroq mamlakat rasmiylari Rossiya armiyasiga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilishini ham rad etgandi.

OAV xabarlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi ortidan Shimoliy Koreya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR»ni qayta tiklashga yordam berish uchun Moskvaga minglab ishchilarni yuborishni taklif qilgan. Bundan tashqari, Pxenyan Rossiyaga harbiy yordam taklif qilishi mumkin - Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun 100 000 askar yuborish.

O‘z navbatida, Rossiya va Xitoy may oyida BMT Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida Pxenyanga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketi kiritilishiga qarshi chiqishdi, shuningdek, yadroviy qurol dasturi tufayli KXDRga nisbatan ilgari kiritilgan sanksiyalarning bir qismini olib tashlashga chaqirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: