Toshkent shahar kengashi tezlik limiti joriy etish taklifi qaytarilganiga izoh berdi

O‘zbekiston 16:41 / 24.09.2022 7843

Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida belgilangan tezlikni 10 km/soatga pasaytirib, 60 km/soat qilib belgilash to‘g‘risida Toshkent shahar IIBB YHXB taklifi poytaxtlik deputatlar tomonidan rad etilgani haqida avvalroq xabar bergan edik.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi ushbu masala yuzasidan rasmiy munosabat e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar Kengashi tomonidan Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish yuzasidan kiritilgan taklif rad etilganligi haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar asossiz.

«Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2022 yil 16 sentabrdagi yetmishinchi sessiyasi kun tartibida Toshkent shahar IIBB YHXBning Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqilgan.

Deputatlar tomonidan yuqorida kiritilgan taklifni muhokama qilish jarayonida aloqador idora va tashkilotlar bilan birgalikda har tomonlama va chuqur o‘rganish zarurligi, bunda Toshkent shahar ko‘cha va yo‘l tarmog‘i, aholining harakatlanish oqimlari yo‘nalishlarini va shu kabi bir qator omillarni hisobga olish zarurligi bildirildi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, deputatlar tomonidan mazkur taklif rad etilmagan bo‘lib, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lum qilinadi», deyiladi munosabatda.

«Hurmatli blogerlar» va OAV vakillari kelgusida ma’lumotlarni har tomonlama chuqur o‘rganib, mazmun-mohiyatni to‘liq anglagan holda asosli ravishda omma e’tiboriga yetkazishlaringizni so‘rab qolamiz, deyiladi munosabat so‘ngida (imlo va punktuatsiya saqlanib qolindi).

Munosabatning rasmiy matnida «Hurmatli blogerlar» so‘zi qo‘shtirnoqqa olingani e’tiborli.

Ko‘proq yangiliklar: