Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlarining vakolatlari kengaytiriladi

O‘zbekiston 16:43 / 24.09.2022 10006

Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Ta’kidlanganidek, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, jamiyatda jamoat tartibini saqlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha vujudga kelayotgan muammolar atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini yangi darajaga ko‘tarish hamda mas’ul davlat organlari jamoat tartibini saqlash bo‘yicha vazifa va vakolatlarini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Prezident raisligida 2021 yil 24 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar organlari tizimida ekologiya sohasida nazoratni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan bo‘linmalarini tashkil etish hamda ular zimmasiga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakonerlik, chiqindilarni noqonuniy tashlash kabi holatlarga qarshi kurashish vazifalarini yuklatishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirig‘i berilgan edi.

Tadbir davomida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Ekologiya qo‘mitasi mas’ul xodimlari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlari to‘g‘risida axborot berildi.

Mutasaddilar aytishicha, ushbu qonun loyihasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan foydalanish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir vakolatlarini kengaytirish, ushbu sohadagi ma’muriy huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish tizimini samarali tashkil etish tartibini belgilaydi.

Yig‘ilishda deputatlar hujjatning bugungi kundagi ahamiyati va zaruratini e’tiborga olib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surishdi. Qo‘mitada qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: