G7 yetakchilari Kreml «referendumlari» va safarbarlikni qoraladi

Jahon 08:24 / 24.09.2022 7039

G7 mamlakatlari yetakchilari Ukrainaning bosib olingan hududlari – Zaporijjya va Xerson oblastlarining bir qismida, shuningdek, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlarda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha o‘tkazilayotgan «referendumlar»ni keskin qoraladi. Bu soxta referendumlar «hech qanday yuridik kuch va qonuniylikka ega emas», deyiladi 23 sentabr, juma kuni G7 veb-saytida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda.

Rossiya bosib olingan hududlarda «demokratik me’yorlarni e’tiborsiz qoldirmoqda», «mahalliy aholini ochiqdan-ochiq qo‘rqitmoqda», deyiladi hujjatda. Okkupatsion hokimiyat tomonidan uyushtirilgan «ovoz berish» Rossiyaning davlat chegaralarini majburan o‘zgartirishga urinishlariga doimiy qarshilik ko‘rsatayotgan Ukraina xalqining irodasini aks ettirmaydi, deya ma’lum qilingan bayonotda.

Germaniya, AQSh, Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya va Yaponiyani o‘z ichiga olgan G7 na «referendumlar»ning o‘zini, na ularning «natijalari»dan keyin kutilayotgan Ukraina mintaqalarining Rossiya tomonidan annexia qilinishini hech qachon tan olmasligi haqida ogohlantirdi. Bundan tashqari, bayonotda mojaroning yanada kuchayib borayotgani, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan, rossiyaliklarning mamlakatdan ommaviy chiqib ketishiga sabab bo‘lgan safarbarlik va Kremlning «mas’uliyatsiz yadroviy ritorika»sidan afsus bildirilgan.

G7 dunyoning barcha mamlakatlarini «Rossiyaning xalqaro huquqni buzgani uchun yolg‘on niqob yaratishga urinishi» bo‘lgan soxta «referendumlari»ni tan olmaslikka chaqirdi va Rossiyaning Ukrainaning suveren hududini annexia qilishga urinish bo‘yicha noqonuniy harakatlarini qo‘llab-quvvatlovchi shaxslar va guruhlarga nisbatan keyingi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashga va’da berdi.

Putinning e’lon qilgan safarbarligi fonida Yevropa ittifoqi va Ukraina tashqi ishlar vazirlari Nyu-Yorkda norasmiy favqulodda yig‘ilish o‘tkazdilar. Sakkizinchi sanksiyalar paketi juda tez taqdim etilishi mumkin, dedi Yevrokomissiya matbuot kotibi Erik Mamer.

Kreml duch kelishi mumkin bo‘lgan cheklovlar qatoriga G7 davlatlari avvalroq kelishib olgan Rossiya nefti narxlarining yuqori chegarasi, jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan individual jazo choralari hamda Yevropa ittifoqi Rossiyaga eksport qiladigan bir qancha texnologiyalarning qo‘shimcha eksport nazorati bo‘yicha taklif kiritilishi mumkin.

25 oktyabr kuni Berlinda G7 tomonidan tashkil etilgan Ukrainani tiklash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. G7 rahbarlari iyun oyida Bavariyada bo‘lib o‘tgan tashkilot sammiti chog‘ida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga mamlakatni tiklashda yordam berishga va’da qilishgan edi.

Biroq, tanqidchilar G7 o‘z va’dalarida aniqroq bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi - masalan, Germaniya kansleri Olaf Shols DW jurnalistining G7 konferensiya davomida Zelenskiyga va’da qilgan urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlari haqidagi savoliga tushunarsiz javob qaytardi. Bu jurnalistlar va muxolif nemis siyosatchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: