AQSh Rossiya «referendumlari»ga javob tez va keskin bo‘lishini ma’lum qildi

Jahon 07:44 / 24.09.2022 21902

AQSh hech qachon Ukraina hududini Ukrainaning bir qismidan boshqa narsa sifatida tan olmaydi, dedi 23 sentabr, juma kuni AQSh prezidenti Jo Bayden. Rossiya tomonidan o‘zi egallab turgan Ukraina hududlarida - Zaporijjya va Xerson oblastlarining bir qismida, shuningdek, o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlarda uyushtirilgan «referendumlar»ni Bayden xalqaro huquq va BMT nizomini buzadigan annexia uchun uydirma va bahona deb atadi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT nizomining asosiy tamoyillarini hurmat qiladigan har qanday davlat kabi AQSh ham bu «referendumlar»ning uydirma natijalarini rad etadi. Vashington o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda Ukraina xalqi xavfsizligini ta’minlash, Rossiya agressiyasini qaytarishda qo‘llab-quvvatlash va yordam berishda davom etadi. Bundan tashqari, AQSh va uning hamkorlari soxta referendumlar uyushtirgani uchun Kremlga qarshi «tez va qattiq» iqtisodiy choralar ko‘rish uchun birgalikda harakat qiladi, deya ogohlantirdi Oq uy rahbari.

BMT Bosh assambleyasining 77-sessiyasida so‘zlagan AQSh prezidenti Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan rossiyaliklarni Ukrainaga qarshi urushga safarbar qilish va yadro qurolidan foydalanish tahdidini «mas’uliyatsizlik» deb atadi. «Yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi va u hech qachon olib borilishi kerak emas» dedi Bayden. U Rossiyaga hech kim tahdid qilmaganiga e’tibor qaratdi.

The Washington Post nashrining yozishicha, AQSh bir necha oydan beri Kremlni Moskva Ukrainada yadro qurolidan foydalansa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirib keladi. Sentabr o‘rtalarida Jo Bayden CBS telekanaliga bergan intervyusida Putinni bu g‘oyadan voz kechishga undagan edi. Shu bilan birga, jurnalist AQSh bunday qadam bo‘lsa, qanday munosabatda bo‘lishini so‘raganida, Bayden shunday javob berdi: «Sizningcha, nima bo‘lishini bilganimda, sizga aytgan bo‘lar edimmi? Albatta, buni aytmayman. Bu oqibatlarga olib keladi».

Sentabr oyi boshida Jo Bayden Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish imkoniyati haqidagi uzoq munozaralardan so‘ng uni bunday davlatlar ro‘yxatiga kiritmaslik to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qildi. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning so‘zlariga ko‘ra, Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Suriyani o‘z ichiga olgan qora ro‘yxatga Rossiya kiritilishi oziq-ovqat eksporti va Qora dengiz orqali yuk tashishning kechikishi bilan tahdid qiladi. O‘z navbatida, Rossiya terrorizmning homiysi sifatida tan olinishi AQSh-Rossiya aloqalarini batamom buzishini e’lon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: