«Al-Azhar» O‘zbekiston tarixiga oid qo‘lyozmalar raqamli ma’lumotlar bazasini taqdim etdi

O‘zbekiston 14:22 / 24.09.2022 4533

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan olib borilgan manzilli izlanishlar natijasiga ko‘ra, Misrning «Al-Azhar» diniy majmuasi arxiv va kutubxona fondidan O‘zbekiston tarixiga oid qo‘lyozma va nodir nashrlar yangi raqamli ma’lumotlar bazasi olindi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

«Al-Azhar» diniy majmuasi qoshidagi Islom tadqiqotlari akademiyasi (ITA) bosh kotibi Nazir Muhammad Ayyod tomonidan ushbu majmua kutubxonalarida saqlanayotgan jami 49 ming 361 qo‘lyozma adabiyot ro‘yxati keltirilgan 28 kitobdan iborat yangilangan jamlanma hamda aynan shu noyob nashrlar bo‘yicha tafsilotlarni o‘z ichida olgan 50 GB hajmidagi elektron fayllar 8 ta CD-diskda tegishli dasturiy ta’minot ilovasi bilan birga taqdim etildi.

Dasturiy ta’minot ilovasida O‘zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan yaratilgan «O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri»dan o‘rin olgan va hozirda «Al-Azhar» universiteti markaziy kutubxonasida saqlanayotgan quyidagi asarlar mavjud:

  • Alouddin Usmandiy Samarqandiy, sharh “Uyun al-Masail”, inv. № (1980) 26819;
  • Imom al-Buxoriy, “Al-Adab al-Mufrad”, inv. № (466) 3778;
  • Imom al-Buxoriy, “Al-Jome’ as-Sahih”, inv. № 197;
  • Imom al-Buxoriy, “Az-Zu’afa as-Sag‘ir”, inv. № 446;
  • Imom al-Buxoriy, “At-Tarix al-Kabir”, inv. № 681;
  • Imom al-Buxoriy, “Xayr al-Kalom fi al-Qiroat xalf al-Imom”, inv. № (2032) 22407;
  • Imom al-Buxoriy, “Xalq af’al al-Ibod”, inv. № (2895) 36424.

«O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestrini» yangilash va to‘liq ma’lumotlar bilan boyitish maqsadida ushbu manbalar ichida o‘zbek allomalari qalamiga mansub qo‘shimcha qo‘lyozma asarlarni aniqlash, to‘plangan materiallarni rasmiy nashrlarda chop etish va ilm ahliga yetkazish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, Misrda saqlanayotgan mamlakat tarixi va ajdodlarga oid adabiyotlar nusxalarini ko‘chirish ishlari davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: