«Azovstal» himoyachilari ozod qilindi. Rossiyada ular tribunalga tortilishini kutishgandi

Jahon 22:25 / 23.09.2022 32237

21 sentabr kuni kechqurun Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush boshlanganidan buyon eng yirik va katta ehtimol bilan eng muhim asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Ukraina hukumatiga ko‘ra, 215 kishi rossiyaliklar asirligidan qaytarilgan:

  • «Azovstal» mudofaasidagi besh qo‘mondon
  • 124 ofitser
  • «Azov» polkining 108 jangchisi
  • Ukraina tomonida jang qilgan xorijliklar (jami 10 kishi), jumladan «DXR»da o‘limga hukm qilingan ikki britaniyalik va bir marokashlik.
  • Olenivkadagi portlash vaqtida yaralangan sakkiz harbiy.

Ukraina Rossiyaga 55 harbiy va «Putinning kumi» Viktor Medvedchukni (Putin uning katta qizining cho‘qintirgan otasi hisoblanadi) qaytargan. U Kiyev tomonidan davlatga xiyonatda ayblangan. «Rybar» telegram-kanaliga ko‘ra, asirlikdan qaytarilgan rossiyaliklar orasida quyidagilar bor:

  • mayor va podpolkovnik
  • olti nafar kichik ofitserlar va to‘rt nafar praporshchik
  • 40 nafar oddiy askar va serjantlar
  • «DXR» «xalq militsiyasi»dan ikki, «LXR» «xalq militsiyasi»dan bir kishi.

«Rybar» Rossiyaga yana 32 kishi qaytishi kerakligi haqida yozgan.

Foto: Reuters

Ukrainaga 200 nafar atrofida harbiy xizmatchi qaytgani to‘g‘risida Ukrainada telemarafon efirida ham ma’lum qilindi: prezident ofisi rahbari Ondriy Yermak Volodimir Zelenskiy oldida hisobot berdi, keyin ular asirlikdan qaytarilganlar bilan, jumladan «Azov» komandirlari bilan videoaloqa orqali muloqot qilishdi.

«Biz o‘z qahramonlarimizdan 200 kishini allaqachon tergovda barcha ko‘rsatmalarini berib bo‘lgan Medvedchukka almashdik. «Azovstal»ning besh qahramon qo‘mondoni — biz uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan 55 nafar rossiyalik asirga almashtirildi», — deya almashuv sxemasini ochiqlagan Yermak.

Zelenskiy Ukrainada barcha tanib olgan odamlarni nomma-nom sanagan, ular qatorida «Azovstal»dagi mashhur fotograf Dmitroy Kazatskiy («Orest») ham bor.

«Azovstal» mudofaasini boshqargan komandirlar — Denis Prokopenko («Redis»), Svyatoslav Palamar («Kalina»), Sergey Volinskiy («Volina»), Denis Shlega va Oleg Xomenko — urush oxiriga qadar Turkiyada qolishadi. Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular «shaxsan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning himoyasida to‘liq xavfsizlikda va qulay sharoitlarda» bo‘lishadi. Ushbu qaror sabablari to‘g‘risida ma’lum qilinmagan; Zelenskiy kechki videomurojaatida bu odamlar uchun «uzoq va mashaqqatli» kurashishga to‘g‘ri kelganini qayd etdi. Zelenskiy bilan muloqot vaqtida ularning barchasi bir necha so‘z aytishdi va ularning ozod etilishida hissa qo‘shganlarga, shuningdek Ukraina uchun jang qilishda davom etayotganlarga minnatdorchilik bildirishdi.

Ozod qilinganlar orasida bir necha kishi — «DXR»da o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Bular ukrainalik Nikolay Kushch («Frost») va Konstantin Nikitenko («Foks»), Rossiya nashrlari ularni Mariupolda asirlar va tinch aholi vakillarini o‘ldirishda ayblagan. Shuningdek, Ukraina uchun jang qilgan britaniyaliklar Shon Pinner va Eyden Eslin hamda marokashlik Ibrohim Saadun ham «DXR»da «zo‘ravonlik bilan hokimiyatni egallash yoki hokimiyatni majburan egallab turishga urinish» va «yollanish» moddalari bo‘yicha o‘limga hukm qilinishgandi.

Pinner, Eslin, Saadun va boshqa yetti nafar xorijlik — ular katta ehtimol bilan, britaniyaliklar Jon Harding, Endryu Hill va Dilan Hili, amerikaliklar Aleksandr Dryuke va Endi Hyun, Shvetsiya fuqarosi Matias Gustavsson va Xorvatiya fuqarosi Vekoslav Prebeg — Saudiya Arabistoni vositachiligida ozod qilindi va 21 sentabr kuni qirollik hududiga olib kelindi. Volodimir Zelenskiy urush vaqti Kiyevga yordam ko‘rsatish uchun kelgan mamlakat fuqarolari ozod etilishi «Ukraina uchun sharaf masalasi» ekanini aytdi.

Ukraina hukumati «Azovstal» himoyachilarini ozod etishni ular asirga tushgan kundan buyon va’da berib kelayotgandi — Rossiyada esa ularga tribunalda sud qilinish xavf solayotgandi. RF TIVdagilar asir tushgan ukrain harbiylarni almashish jarayoni faqat ular ustidan sud jarayoni bo‘lib o‘tganidan keyin amalga oshirilishi mumkinligini bildirishgandi. Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin esa «natsist jinoyatchilarni almashishga taqiq»ni qo‘llab-quvvatlashini aytib, Rossiya «Azov»ning faqat «og‘ir yarador» bo‘lgan jangchilarini almashishi mumkinligini aytgandi.

May oyida «Azovstal»ning qancha himoyachisi asir tushgani noma’lumligicha qolmoqda, ammo gap kamida ikki ming kishi haqida ketadi, chunki o‘shanda kombinatdan 2,5 ming kishi chiqqandi, shu vaqtgacha 350 kishi almashilgandi.

Ukraina Oliy Radasining inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitro Lubinets telegram-kanalida almashuv doirasida qaytarilgan rossiyalik harbiylar suratini e’lon qilib, shunday izoh yozdi: «Darvoqe, bular ozod etilgan rossiyalik harbiy xizmatchilar - maxsus amaliyot muvaffaqiyati tufayli chegarada safarbarlikdan qochayotganlarni tutayotgan dunyoning ikkinchi armiyasining yosh «bolalari» va pensionerlari.

Bu jarayon Rossiyada qanday yoritildi?

RF mudofaa vazirligi faqat 22 sentabr kunining ikkinchi yarmiga kelib «murakkab muzokaralar jarayoni yakunida» 55 nafar harbiy xizmatchi asirlikdan qaytgani haqida xabar berdi. Bayonotda faqat asirlikda ularga «o‘lim xavf solgani» hamda ularga zarur tibbiy va ruhiy yordam ko‘rsatilishi keltirildi.

Bir kun oldinoq Ukraina tomonidan xabarlar chiqib turganiga qaramay, Rossiya davlat nashrlari asirlar almashinuvi haqida churq etmadi. «TASS», RIA Novosti va «Interfaks» ham na rossiyalik harbiy muxbirlar va na ukrain manbalari asosida bu haqda xabar bermadi.

Rossiya tomonidan asirlar almashuvi haqida faqat norasmiy manbalarda xabar berildi; «Rybar» kanali «Qahramonlar, uyga xush kelibsiz!» izohi bilan asirlikdan qaytgan guruhning Moskva yaqinidagi Chkalovskiy aerodromida olingan suratini e’lon qildi. Ayrim kanallar 87 nafar rossiyalik harbiy qaytarilganini yozishdi.

Payshanba tongida ham Rossiya rasmiy shaxslari va yirik telekanallar asirlar almashinuvi haqida to‘xtalmadi. Faqat «Kommersant» va «Izvestiya» nashrlarida kichik xabarlar berildi.

Kremlparast sharhlovchilar Moskvaning asirlar almashinuvi bo‘yicha kutilmagan qadamiga turlicha munosabatda bo‘lishmoqda, yirik propagandachilar rossiyaliklar qaytarilganini olqishlashga undamoqda.

«Tong otdi, quyosh ko‘tarildi va hozir bizning 87 nafar harbiy uxlamoqda! Yarim yil ichida ilk bor. Bugun ularni hech kim turtkilab urmaydi. Hech kimning biror joyini kesib olishmaydi. Ulardan hech kimni otib tashlashmaydi. Ular shunchaki uxlashmoqda. Bugun kimningdir onasi ibodatxonada tizzasini qonatib o‘g‘li uchun iltijo qilishiga hojat yo‘q», deyiladi teleboshlovchi Vladimir Solovyov telegram-kanalida e’lon qilgan xabarda.

Bundan bir necha soat oldin Rossiya yadro quroli qo‘llashi mumkinligiga ishora qilgan Margarita Simonyan uning uchun «o‘zinikilar qutqarilganidan olingan quvonch» «dushmanga ta’sir qilishdan olinadigan qoniqish»dan muhimroq ekanini aytdi.

«Men bir necha bor yigitlarimizni do‘zaxdan olib chiqish uchun kimga bo‘lsa ham almashtirish kerakligini aytgandim. Shunday bo‘ldi. 87 nafar askar va ofitserlar, 87 qahramonimiz. Imijga putur yetishiga tupuramiz. Garchi ma’lum yondashuvlar bilan bunday yo‘qotishlarning oldini olish ham mumkin edi», deyiladi RT bosh muharriri Margarita Simonyan ulashgan postda.

Almashuvga qarshi bo‘lganlar ham, uni qo‘llab-quvvatlaganlar ham bu jarayon haqida Rossiya rasmiylaridan emas, G‘arb va Ukraina manbalaridan xabar topganlaridan e’tiroz bildirishdi.

Shu kabi postlarga izoh qoldirayotgan o‘quvchilar esa ulkan norozilik to‘lqini hosil qilishdi. Sharh yozuvchilarning aksari ukrain siyosatchisi Medvedchuk uchun Rossiya hukumati natsistlar deb hisoblaydigan «Azov» jangchilari berilganidan qattiq norozi bo‘ldi va buni xoinlik deb atashdi.

Bu almashuv Rossiyada «qisman safarbarlik» e’lon qilingan vaqtga to‘g‘ri kelgani ham g‘azabni oshirdi.

Rossiyalik «patriot» blogerlar va mediya shaxslarining bir qismi «Azov» komandiri berib yuborilganini hazm qila olishmadi. VGTRK korrespondenti Andrey Rudenko avvaliga «Kimdir izohlaydimi????» deya yozdi, keyin esa o‘zini aldangandek his qilayotganini aytdi.

«Azovstal»ni ikki oy mudofaa qilgan «Azov» jangchilari may oyining ikkinchi yarmida asirga tushishgandi. Davlat dumasidagilar ularni sud qilish lozimligini aytgan, avgust oyida Rossiya Oliy sudi polkni «terrorchi tashkilot» deb topgandi. «DXR» rahbari Denis Pushilin sud jarayoni Mariupolda o‘tkazilishi haqida gapirdi. Bundan tashqari, iyul oyida ayirmachilar o‘lim jazosiga moratoriĭni bekor qilishgandi.

Zelenskiy Ukrainada davlatga xiyonatda ayblangan Medvedchukni asirlarga almashishni aprel oyidayoq taklif etgandi. Ammo Kremldagilar Medvedchuk Ukraina fuqarosi ekani va harbiy hisoblanmasligini bildirib, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emasligini bildiradi. «Medvedchuk Ukraina fuqarosi ekani, uning Rossiyaga aloqasi yo‘qligi va u harbiy emasligini avval aytganmiz. «Azovstal»dagi asirga olingan shaxslarga keladigan bo‘lsak, gap harbiylar va natsionalist tuzilmalar a’zolari to‘g‘risida bormoqda. Ular turli toifadagi shaxslar bo‘lgani uchun qandaydir almashish to‘g‘risida gapirish imkonsiz», - degandi o‘shanda Dmitriĭ Peskov.

Medvedchuk evaziga «Azov» jangchilarini berib bo‘lmasligi haqida rossiyalik propagandachilar, jumladan Vladimir Solovev ham aytgandi. «Bundan nima chiqadi? Jinoyat qilib, zo‘rlab, o‘ldirib, sakkiz yil terror bilan shug‘ullanib [...], endi ularni qandaydir Medvedchukka almashamizmi?! Ukraina fuqarosiga? U yerda bizning 400 yigitimiz asirlikda! Yo‘q, yigitlar, agar biz hozir bu og‘riqli mavzu bilan o‘yin qilsak, xalq buning uchun kechirmaydi!» - degandi u may oyida o‘zining mualliflik dasturida.

Keyinroq «DXR» rahbari Denis Pushilin almashuv jarayonida ishtirok etgani va Viktor Medvedchuk «ozod etilgani»ni tasdiqladi. U barchaning «hissiyotlarini to‘g‘ri tushunishi»ni ta’kidlagan holda «yigitlar hayoti barchasidan ustun ekani» tufayli almashuv haqidagi farmonga imzo chekkanini aytdi.

«Mening ko‘z o‘ngimda Minsk jarayonlari doirasida va undan tashqarida Viktor Medvedchukning ishtiroki bilan mingdan ortiq yigitlarimiz ozod qilingan, ular o‘sha sharoitlarda omon qola olishmasdi», degan Pushilin Medvedchuk haqida.

Ko‘proq yangiliklar: