Yil boshidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 1 mlrd dollarga kamaydi

Iqtisodiyot 19:20 / 20.09.2022 39953

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.

2022 yilning 1 sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 34,08 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 avgust holatiga ko‘ra 34,6 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari 527 mln dollarga kamayganini ko‘rsatmoqda.

Avgust oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli miqdorda: 12 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga ( taxminan 9,33 tonna) oshgan bo‘lsa-da, qiymati 21,07 mlrd dollardan 21 mlrd dollarga pasaygan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining arzonlashgani bilan bog‘liq.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari ham 12,47 mlrd dollardan 12, 04 mlrd dollarga yoki 432,9 mln dollarga kamaygan.

“O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan beri 1,06 mlrd dollarga yoki 3 foizga kamaydi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1712,4 dollargacha pasayishining ta’siri 1,07 mlrd dollarni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Oltin narxining arzonlashishi ortidan O‘zbekiston Markaziy banki mart oyidan beri ushbu qimmatbaho metall eksportini amalga oshirmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: