Ekspertlar Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalar yuki ostida qulashini aytgandi. Shunday bo‘ldimi?

Iqtisodiyot 11:07 / 06.09.2022 81326

Rossiya 6 oydan beri eng ko‘p sanksiya qo‘llangan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Urush boshlanganidan so‘ng ko‘plab taniqli iqtisodchilar yaqin oylarda Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalar oqibatida chuqur inqirozga yuz tutishi va hatto qulashini bashorat qilishgandi. Hozircha bu yuz bermadi. «Meduza» ekspertlar bilan sanksiyalar oqibatlari va rossiyaliklarni kelajakda nimalar kutayotgani haqida suhbatlashdi.

Ruben Yenikolopov

Rossiya iqtisodiyot maktabining sobiq rektori va professori:

Sanksiyalar iqtisodiyotga katta zarba berdi, biroq, Rossiya prezidenti ma’muriyati va hukumati uning oqibatlarini pasaytirib ko‘rsatishga urinmoqda. Ularning ko‘pchiligi uzoq muddatli ta’sirga ega. Menimcha, sanksiyalarning sezilarli ta’siri keyingi yilning boshidan bilinadi va bir necha yil davom etadi.

Hozir Rossiyada iqtisodiyot soddalashmoqda, hamma narsaning sifati – xizmatlar, tovarlar, ishlab chiqarish keskin pasaymoqda. Bu bir necha yil davomida qanday bartaraf etilishi aniq emas.

Import mahsulotlarini Xitoy, Hindiston va boshqalardan olish mumkin, buning imkoni bor, lekin tushunish kerakki, bu sifat jihatidan Rossiyani ancha ortga tashlaydi. Eng muhimi – ishlab chiqarish mahsulotlarini import qilish. Zavod bor, unga ehtiyot qismlar kerak, lekin sotib olish qiyin. Hozircha bu muammo keng ko‘lamli emas, shu sababli hal qilinishi mumkin. Zavodlar ishlayapti, jihozlar hali buzilmadi. Lekin vaqt o‘tgach, ular katta hajmda ishdan chiqadi (masalan, eskirish tufayli), ammo o‘rnini to‘ldirishning iloji yo‘q. Buni Xitoyda ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlari bilan qoplab bo‘lmaydi, chunki texnologiya boshqacha.

Eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu – samolyotlar bilan bog‘liq. Ular hali ehtiyot qismlarga ajratilmadi, ammo jarayonga tayyorgarlik ko‘rilyapti. Albatta bu ayfonlar tanqisligi kabi sezilarli emas, ammo ta’siri ancha kuchli bo‘ladi.

Ba’zi zavodlar to‘xtaydi, mahsulot ishlab chiqarish kamayadi. Tovarlar ta’minotida ba’zi muammolar paydo bo‘ladi. Agar iste’mol tovarlari haqida gapiradigan bo‘lsak, sifat pasayishi va assortiment kamayishi – allaqachon sodir bo‘lgan voqea.

Menimcha, aholining aksariyati buni anglamaydi ham. Xuddi sovet davridagi kabi: hamma ikki-uch xil kolbasani iste’mol qilgan va faqat chet el safariga chiqqanda uning turi 50 ta bo‘lishi mumkinligini bilishgan. Muammo yo‘qdek tuyulishi mumkin, biroq, boshqalarda bor narsalarga razm solinsa, juda ko‘p qulayliklardan mahrum bo‘lganimizni anglashimiz mumkin.

Jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashganlar sanksiyalar tufayli ko‘proq jabr ko‘radi. Masalan, Rossiyaning eng ilg‘or tarmoqlari va eng boy fuqarolari. Chekka hududda yashayotganlar bunday import tovarlarga ehtiyoj sezmasligi mumkin, faqat ba’zi narsalarning narxi oshganini ko‘radi. Ammo Moskva yoki Sankt-Peterburgda yashayotganlar smartfonlar, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarning assortimenti kamayganini his qilishdi.

«Yashirin» import istiqbollari ancha cheklangan. Ba’zi hashamatli tovarlar haqida gapirsak, ha, ular keltiriladi, muammo hal qilinadi. Lekin ommaviyroq narsalar haqida gap ketsa, ularni katta hajmda yashirin import qilish ilojsiz.

Sanksiyalar ta’siri go‘yo qurbaqani qozonda isitishga o‘xshaydi: hamma narsa yaxshi bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo jarayon uzoq davom etadi. O‘zgarishlar asta-sekin sodir bo‘lganda, odamlar ularga nisbatan keskin munosabat bildirmaydi. Ammo uzoq kelajakda bu o‘zgarishlar dahshatli ekani va Rossiya iqtisodiyoti umidsiz ravishda yetakchi mamlakatlardan ortda qolayotganini ko‘ramiz.

Urush boshlangach biz ilonga duch kelganimizni, Rossiya iqtisodiyoti tezda zahardan nobud bo‘lishiga ishongan edik, lekin biz bo‘g‘ma ilonga duch keldik, u bizni asta-sekin o‘ldirmoqda. Intiho bir xil, ammo jarayon boshqacha.

Albatta bunday holatda yashash mumkin, hatto Venesuela ham qandaydir tarzda kun ko‘rmoqda. Lekin biz Venesuela emasmiz, ko‘proq Eronga yaqinroqmiz. Ha, hammasi avvalgidek yaxshi bo‘lmaydi. Lekin, yashasa bo‘ladi, hatto uzoq davr davomida ham.

Aleksandr Isakov

Rossiya, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha Bloomberg Economics iqtisodchisi:

Sanksiyalar ta’siri xuddi 2014-2015 yillarda birinchi katta cheklovlar to‘lqinidagi kabi bo‘ldi. Xuddi Janubiy Afrika yoki Eron kabi boshqa mamlakatlarga kiritilgan moliyaviy sanksiyalarga o‘xshash. Ular iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘sishni sekinlashtiradi, lekin sog‘lom balansga ega, qarz miqdori kam bo‘lgan va joriy hisobi ijobiy bo‘lgan davlat uchun ular qo‘qqisdan salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Ommaga mashhur iqtisodchilarning aksariyati bank sohasi inqirozini kutishgan edi. Ular banklar o‘rtasidagi ishonch yo‘qolishi, banklararo bozor to‘xtab qolishi va kredit berish to‘xtatilishini bashorat qilishdi. Moliya sektori to‘xtab qolishi oqibatida iqtisodiyotning qolgan qismiga zarba berilishini kutishdi.

Lekin keyinchalik bu prognoz noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun suzuvchi stavka asosida kredit berishni chekladi, natijada moliyaviy barqarorlikka erishdi, tizimga ishonch yo‘qotilmadi.

Rossiya 2013-2019 yillarda to‘g‘ri ish qildi: bu davrda zaif biznes-modelga ega o‘yinchilar bank bozorini tark etdi. Shuningdek, «eskrou» hisob tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni qurilish sohasida «xavfsiz bitim» tamoyili joriy etildi. Bunda mijoz qurilishi tugallanmagan uy sotib olganda, pullar maxsus hisob raqamiga qo‘yiladi. Quruvchi uyni tugatib, egasiga topshirmaguncha puldan foydalana olmaydi. Qurilish sohasini moliyalashtirish barqarorlashganidan so‘ng, hozirda Xitoyda sodir bo‘layotgan voqealar istisno qilindi.

Bank sohasi barqarorligi uchun bu juda muhim chora. Shunday ekan, banklarga kapitalni tiklab olish uchun bir oz vaqt kerak, lekin eng yomoni ortda qoldi.

Yevgeniy Nadorshin

«PF Kapital» konsalting kompaniyasi bosh iqtisodchisi, Rossiya iqtisodiy rivojlanish vazirining sobiq maslahatchisi:

Neft va neft mahsulotlariga taalluqli sanksiyalar faqat 2022 yil oxiri va 2023 yil boshida ta’sir qilishi mumkin. Shu sababli, iste’molning pasayish nuqtasidan o‘tilgani va hukumatning bu yil YaIM atigi 3 foizga pasayishi haqidagi ijobiy izohlariga qo‘shilmayman.

Menimcha, 2023 yil voqealar rivoji qanday bo‘lishidan qat’i nazar o‘sish yili bo‘lmaydi. Agar bu yil pasayish 3 foiz bo‘lsa, kelasi yili bundan ham oshadi.

Hozircha chet el biznesining Rossiyadan ketishi bilan bog‘liq ishsizlik darajasi keskin oshmadi. Masalan, Ericsson va Nokia yil oxiriga qadar Rossiyadagi ishini davom ettirishni rejalashtirmoqda. Tark etayotgan kompaniyalarning aksariyati ishchilarni yarim kunlik ish rejimiga o‘tkazgan yoki haq to‘lanadigan ta’tilga yuborgan.

Bundan tashqari, ishsizlarning bir qismi «maxsus operatsiya»ga jalb etilgan ko‘ngillilar bilan bog‘liq: ular ish bilan ta’minlanganlar ro‘yxatiga kiritilgan, chunki Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan.

Koviddan o‘lim darajasi ham pasaymadi. Bu odamlarning ba’zilari mehnatga layoqatli aholidir va bu ham ishsizlikni kamaytiradi, chunki oxir-oqibat ularning o‘rniga boshqasi ishga olinadi.

Tovarlar eksporti bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganini ko‘rmoqdaman. Import kutilganidan ham yomonroq tiklanmoqda, ichki bozorda tovarlar assortimentida muammolar bor. Mahalliy miqyosda narxlar asossiz oshib ketgan.

Agar ishlab chiqarilayotgan mahsulot ichida xorijdan keltiriladigan komponent bo‘lsa, yana bir muammo yuzaga keladi. Uning o‘rnini bosadigan komponent topilmasa, ishlab chiqarish to‘xtab qoladi.

Import o‘rnini mahalliy tovarlar bilan almashtirishga keladigan bo‘lsak, Markaziy bank bir paytlar buni aqlli ibora bilan tavsiflagan edi: import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarilmayapti deb aytolmaymiz, lekin bu Rossiya iqtisodiyotidagi ishbilarmonlik faolligiga sezilarli ta’sir qilmoqda deb ham aytolmaymiz.

Import o‘rnini bosish loyihalarining ko‘pchiligi, agar ular umuman bor bo‘lgan taqdirda ham, zo‘rg‘a amalga oshirilayotgani hisobga olinsa, 6 oy ichida to‘liq joriy qilinishi dargumon. Shu vaqt ichida import o‘rnini bosish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalardan xabarim yo‘q va mahalliylashtirish to‘liq yo‘lga qo‘yish mumkinligiga shubham bor.

Avvalroq, Bauman universitetida neon gaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berildi. «Maxsus operatsiya» tufayli uni xorijdan yetkazib berish to‘xtab qolgan edi. Lekin men murakkab yechimlar uchun, hatto o‘rta texnologiyali bo‘lsa ham, 6 oy ichida biror narsani sozlash mumkin deb o‘ylamayman.

Qandaydir mahsulotlarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan taqdirda ham, bozorlar o‘smaguncha, bu shunchaki pasayishni yumshatdi.

Oleg Itsxoki

Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti iqtisodiyot professori:

Real iqtisodiy sanksiyalarni qo‘llashdan ko‘ra, Ukrainaga harbiy yordam berish osonroq bo‘lib chiqdi, bu qayg‘uli. Qo‘shma Shtatlarda neft masalasida Yevropaga katta bosim o‘tkazmaslikka qaror qilishdi. Chunki ular Rossiya neftini sotib olishdan zudlik bilan bosh torsa, neft narxi bir barrel uchun 200 dollargacha ko‘tarilishidan qo‘rqishdi. Ular Yevropa iqtisodiyotida hech qanday inqiroz bo‘lishini xohlamadilar.

Iqtisodchilar nuqtayi nazaridan, bu katta xato. Birinchi navbatda fransuz va nemis iqtisodchilari orasida neft va gaz sanksiyalari zudlik bilan – mart oyidayoq qo‘llanishi kerak, degan yakdil fikr mavjud edi. Bu Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatni tubdan o‘zgartirgan bo‘lardi.

Mart oyida energiya sanksiyalari kiritilishi Yevropa mamlakatlari uchun qimmatga tushgan bo‘lardi, ammo iqtisodchilarning ta’kidlashicha, bu xarajat olti oydan ko‘proq davom etgan urush narxidan ancha past. Ammo Yevropadagi sanoat lobbisi iqtisodchilar fikridan ko‘ra kuchliroq bo‘lib chiqdi. Shu sababli, iqtisodiy sanksiyalar to‘laqonli bo‘lmadi, oqibatda, Rossiya mart-aprel oylarida neft va gaz eksportidan rekord darajada daromad oldi. Oltin-valuta zaxiralari muzlatilganiga qaramay, bu budjet uchun moliyaviy yostiqni vujudga keltirdi.

Hozirgi bosqichda sanksiyalarning ma’nosi – urushni moliyalashtirishni davlat budjeti uchun jiddiy muammoga aylantirishdir. 2022 yil uchun budjet taqchilligi allaqachon bashorat qilinmoqda, u Milliy boylik jamg‘armasi (MBJ) hisobidan qoplanadi. Ammo kamomad ko‘lami va MBJ qay darajada ishlatilishi aniq emas.

Shu bilan birga, aholining nominal daromadlari 1 foizga kamaydi. Bu ko‘p emas, lekin yashash narxi 14 foizga oshdi. Birinchi yarim yillikda iqtisodiyot 5 foizga pasaydi, biroq, turmush darajasi pasayishi ancha yuqori – taxminan 14-15 foizni tashkil etdi. So‘nggi 10 yil ichida Rossiya iqtisodiyoti ancha o‘sgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 6 oy ichida yo‘qotildi.

Bu yerda ikkita ehtimoliy ssenariy bor. Birinchisi, Rossiya yaqin kelajak uchun resurslar zaxirasiga ega, demak, iqtisodiyotni turg‘un holatda ushlab turishga qodir. Ikkinchisi, resurslar urushning birinchi olti oyida sezilarli darajada kamaygan. Haqli savol tug‘iladi: agar davlat iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlamasa, bu ishsizlikning inqirozli o‘sishiga olib keladimi?

Hech kim yaqin kelajakda zudlik bilan inqiroz bo‘lishini kutmaydi, chunki endi sanksiyalar boshqacha ishlamoqda. Yevropa Rossiya nefti va gazini sotib olishdan bosh torsa ham, Rossiya ularni Hindiston, Xitoy va Indoneziyaga sotadi. Ehtimol, ta’minot hajmi avvalgi darajada bo‘lmasligi mumkin, lekin baribir yangi mijozlar topiladi.

AQSh Moliya vazirligining maqsadi jahon bozorlariga neft va gaz yetkazib berish keskin kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik, resurslar boshqa mijozlar tomonidan katta chegirmalar bilan sotib olinishiga erishish edi (bunday vaziyat Rossiya uchun kam daromadli). Masalan, hozirda Hindiston Rossiya neftini katta chegirma (25-30 foiz) bilan sotib olmoqda. Asosiy masala – chegirma dunyo narxiga nisbatan qanchalik katta bo‘lishida.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, urushning bir kuni 500 million dollarga tushmoqda, bu Rossiyaning ushbu davrda Yevropaga energiya eksportidan olgan 1 kunlik daromadiga teng. Ya’ni shu vaqtgacha Rossiyaning urush xarajatlari amalda Yevropa tomonidan qoplab kelinayotgandi. Shubhasiz, bu holat boshqa takrorlanmaydi. Bu daromadlar tobora pasayib bormoqda va urushni xuddi shu miqyosda moliyalash shunchaki imkonsiz bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: