Prezident tadbirkorlar uchun qanday yengilliklarni e’lon qildi?

Iqtisodiyot 20:56 / 22.08.2022 76354

Korxonalar toifalarga ajratiladi

Prezident soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan 5 ta yo‘nalishda tashabbuslarni bildirdi. Birinchi yo‘nalishga ko‘ra, korxonalar toifalarga ajratilib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida yondashuv belgilanadi.

Bunda, korxonalar yillik aylanmasi bo‘yicha toifalarga ajratiladi. Bular:

  • 1 milliard so‘mgacha bo‘lgani – mikro biznes;
  • 10 milliard so‘mgacha bo‘lgani – kichik biznes;
  • 100 milliard so‘mgacha bo‘lgani o‘rta biznes toifasiga kiradi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etiladi.

Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkorlar uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlanib qoladi.

Yoki, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi. Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu rejim kimga qanday tadbiq etilishi borasida alohida tartib ishlab chiqiladi.

Toifalar bo‘yicha alohida soliq rejimlari joriy qilinadi

Ikkinchi toifa, ya’ni aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘laydi.

2023 yil 1 yanvardan:

  • kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining faqat 50 foizini to‘laydi;
  • mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi;
  • soddalashtirilgan soliq, moliyaviy va statistika hisobotlari joriy etiladi;
  • davlat xaridlarida 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ to‘lab beriladi (amalda 15 foiz).

QQS stavkasi pasaytiriladi

2023 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi hozirgi 15 foizdan 12 foizga tushiriladi.

Prezident 2023 yildan QQS 12 foiz bo‘lishi haqida o‘tgan yili prezidentlik saylovlari oldidan e’lon qilgan edi. Bu keyinchalik 2022 yilgi “Budjetnoma”da ham aks etdi.

“Ochiq aytishim kerak, “iqtisodiyot pandemiya tufayli hali to‘liq tiklanmadi, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat yaxshi emas, shu sababli buni keyinga qoldiraylik”, deb taklif berganlar ham bo‘ldi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev bugungi nutqida.

Tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan voz kechiladi

Joriy yil 1 iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan edi.

Lekin avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

“Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?” – ta’kidladi davlat rahbari.

Kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltiriladi

Prezident ilgari surgan ikkinchi tashabbus – tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish borasida bo‘ldi.

Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilindi.

Tuman va shaharlar uchun biznesga alohida yondashuvlar joriy qilinadi.

Uchinchi yo‘nalish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini qayd etdi.

Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.

Tadbirkorlarning mulki himoyasi kuchaytiriladi

Bu tashabbus 4-yo‘nalish sifatida ilgari surildi. Bundan buyon yer va mulk ajratish haqidagi qarorlarni bekor qilish faqat sud tartibida bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev hokimlarning mulk huquqiga oid qarorlarni ular tomonidan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmasligini aytdi. Ya’ni huquq beruvchi hujjatni faqat sud haqiqiy emas, deb topishi mumkin bo‘ladi.

“Bo‘ldi endi, bir hokim keladi, ikkinchisi uning qarorini bekor qiladi. Bu nima degan gap?” – dedi prezident.

Tergov jarayonida mol-mulkni xatlab qo‘yish amaliyoti o‘zgaradi

O‘tgan 3 yilda tergovchilar tomonidan aniqlangan zarardan ikki barobar ko‘p mol-mulk xatlangan (1,5 trillion so‘m).

Endilikda har bir xatlovning asosli ekani sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, qarorni faqat sud qabul qiladi.

Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga 3 yillik moratoriy e’lon qilinadi

Beshinchi yo‘nalish sifatida tadbirkorlar faoliyatini nazorat qilish va ularni javobgarlikka tortish masalalari tilga olindi.

Jazo choralarini qo‘llashga 3 yillik moratoriy e’lon qilinishi bilan birga, tadbirkorlarga nisbatan majburiyatlar yuklaydigan yangi qonun hujjatlari qabul qilinganda, yo‘l qo‘ygan xatosi uchun tadbirkorga 6 oy davomida jazo qo‘llanilmaydi.

Soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jazolar yengillashtiriladi

Kichik biznes vakillari tomonidan soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jarimalarning turi ko‘pligi va og‘irligi masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Misol uchun, bugungi kunda aylanmadan soliq to‘layotgan 370 mingdan ziyod kichik tadbirkorlarning soliq bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovi 1 million so‘m atrofida.

Lekin, kassa cheki bermagani uchun 5 milliondan 10 million so‘mgacha moliyaviy, shuningdek 3 milliondan 12 million so‘mgacha ma’muriy jarima solinadi. Ya’ni kichik tadbirkorlar uchun ham, yirik korxonalar uchun ham jazo bir xil.

Savdo sohasida faoliyat ko‘rsatadigan tadbirkorlarni qariyb 30 yildan beri qiynab keladigan muammo ham yechiladi, ya’ni savdo qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘liq bekor qilinadi (Jinoyat kodeksining 189-moddasi).

Birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga jazo chorasi qo‘llanilmaydi. Buning o‘rniga kamchiliklarni bartaraf etishga soliq idoralari ko‘makchi bo‘ladigan tizim joriy etiladi. Jarimalar miqdori ham tadbirkorlarning to‘layotgan solig‘idan oshib ketmasligi kerak.

Savdo-sanoat palatasi kuchayadi

Savdo-sanoat palatasi hukumat bo‘ysunuvidan to‘liq chiqariladi. Palata hukumatga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan masala kiritish vakolatini oladi.

Bundan tashqari, SSPga tadbirkor manfaatini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish vakolatlari ham beriladi.

O‘z navbatida, SSPning hududiy boshqarma va bo‘limlari ham hokim va boshqa hududiy rahbarlarga ko‘rib chiqishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Jamoatchilik kengashi va yangi unvon

Yuqorida aytilgan barcha takliflarni amalga oshirish uchun Prezident huzurida Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tuziladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni ham ta’sis etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: