Hisobotdagi xatoni tuzatgan soliq to‘lovchilarga 609 mlrd so‘mlik moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmadi 

Iqtisodiyot 07:28 / 20.08.2022 34247

Hisobotlardagi xatolarini tuzatgan soliq to‘lovchilarga 609 mlrd so‘mlik moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar bermoqda.

Soliq to‘lovchi yoki soliq organi tomonidan ilgari taqdim etilgan soliq hisobotida soliq hisoblangan summasini kamaytirib ko‘rsatishga (o‘zgartirishga) olib kelgan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar va (yoki) xatolar aniqlangan bo‘lsa, soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etadi.

Qayd etilishicha, soliq organi tomonidan soliq hisobotini taqdim etishdagi nomuvofiqlik va (yoki) xatolar tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida ham, kameral soliq tekshiruvi natijasida ham aniqlanishi mumkin.

Tekshiruvdan oldingi tahlil davomida nomuvofiqliklar aniqlansa, soliq to‘lovchiga shaxsiy kabinet orqali xabarnoma va kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha esa soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risida so‘rovnoma yuboriladi.

Soliq to‘lovchi birinchi holatda 10 kunlik muddatda, ikkinchi holatda esa 5 kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasini taqdim etishi lozim.

Prezident farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilmaydi.

Ma’lum qilinishicha, 2022 yil 1 avgust holatiga ko‘rilgan nazorat tadbirlari natijalariga ko‘ra, 38,2 ming soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarida 3 trln so‘mlik tafovutlar aniqlangan. 

Soliq to‘lovchilarga yo‘l qo‘yilgan xato va nomuvofiqliklarni ixtiyoriy ravishda tuzatish imkoniyati berilishi natijasida ularga 609 mlrd so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llanilmadi.

Ko‘proq yangiliklar: