Tadbirkor va Qudbiyev bahsi: marketpleys bilan ishlaydigan tadbirkor byurokratiyadan qiynalayotganini aytdi

Iqtisodiyot 17:49 / 19.08.2022 53861

Joriy yil 17-18 avgust kunlari “Tadbirkorlar bilan muloqot” haftaligi bo‘lib o‘tdi. Unda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev ishtirok etib, tadbirkorlar murojaatini eshitdi.

“Girgitton rasta” agregatorlari asoschilaridan biri, tadbirkor Xurshid Maroziqov “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunchilikdagi byurokratiya tadbirkorlarga yuk bo‘layotganini aytdi.

“Kimdir magazin yuritmoqchi bo‘lsa, qanchadir mablag‘ini sarflab soliq idoralari bilan uni integratsiya qilishi mumkindir. Menga o‘xshagan kompaniyalar-chi? Masalan, 250 dan ortiq kontraktim bo‘lgani uchun har bir hamkorimga borib, soliq organi bilan integratsiya qilishing, yillik to‘lov qilishing kerak va merchant ID olib, keyin uni menga ulaysan, deyishim kerak. Bu bilan endi rivojlanayotgan elektron bozorni byurokratiyalar bilan bo‘g‘yapmiz. Mana bu yerda [zalni ko‘rsatib] Chaykoff’dagi Alina bor, agar men u bilan komissiya asosida ishlayman desam, u bu to‘g‘ri kelmasligi, QQS to‘lovchisi ekanini aytadi”, – dedi u.

Tadbirkorning fikricha, oflayn bozorga yetarli tushunchani bermasdan turib, onlayn agregatorlarga yuklama berish o‘sib borayotgan sohani ochiqcha bo‘g‘ishdir. U bunday muammolardan keyin O‘zbekistonda ushbu sohaga 1,2 mln dollar investitsiya kiritish fikridan qaytib, Istanbul va Torontaga borib biznes qilgan yaxshiroq, degan fikrga kelganini aytdi.

“Chunki O‘zbekistonda o‘rtacha chekning o‘zi past, restoranlar bilan kichik komissiyada ishlayman, o‘zi jozibador bo‘lmagan bozorni yana ustidan suv quyib bo‘g‘ishdek bo‘lyapti. Taxminan 65 dan ziyod odam nomidan gapiryapman. Ofisda ishlaydigan programmistlar va xodimlarimdan kelib chiqib ishimni to‘xtatish haqida gapiryapman”, – dedi tadbirkor.

Uning savoliga javoban, Sherzod Qudbiyev Soliq qo‘mitasi faqatgina qonunchilikka muvofiq chek talab qilayotganini aytdi. Qudbiyev yillik to‘lovga oid shartlar yo‘qligi, soliq xizmati bundan foyda ko‘rmasligini ta’kidladi.

“Savolingizni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, nega marketpleysim orqali sotilgan narsaga chek so‘rayapsizlar, demoqchisiz. Marketpleysdanmi, oflayn savdodanmi chek berishni talab qilyapmiz. Chunki katta raqamlashtirishni amalga oshirgandan keyin, marketpleysmi, oflayn savdomi – chek berishni talab qilamiz, albatta.

Misol uchun, siz boshqa birovning suvini menga sotish uchun o‘rtada marketpleys yaratgansiz, men u odamning suvini sizdan sotib olyapman, hech qanday masala yo‘q. Yillik to‘lov qilish kerak deyapsiz, unaqa narsa yo‘q. Hech qanday ulanish, umuman marketpleys bo‘yicha soliq xizmati bunday xizmat ko‘rsatmaydi, bundan keyin ham soliq xizmati bu bozorga kirmaydi. Soliq xizmati faqatgina soliq to‘lovchilarga pastda xizmat ko‘rsatib, tirikchilik qiladigan tashkilot. Unga budjetdan mablag‘ ajratiladi, servis tijorat maqsadlariga kirishmaydi”, – deydi Qudbiyev.

Qudbiyev bu yerda yagona talab qilayotgan narsa – tadbirkor chek berayotgan bo‘lsa, komissionerni ko‘rsatib qo‘yishi kerak ekanligini aytdi. 

“Chek berganingiz ko‘rinib tursin, agar kiritmasangiz, oborot sizniki bo‘lib hisoblanadi, deyapmiz. Qonunchilikda shunday yozilgan. Boshqa tadbirkorlar shunga amal qilyapti. Agar talabga amal qilmasangiz, ularga nisbatan raqobat ustunligiga ega bo‘lasiz. Chek berish talabini qo‘yyapmiz, xolos. Soliq xizmatidan kim sizga bunday degani tagiga yetamiz, agar shunday bo‘lsa, bugunoq chek qo‘yiladi”, – dedi DSQ raisi.

Ko‘proq yangiliklar: