Yengil atletika federatsiyasi: Turkiyada davom etayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida yengil atletikachilarimiz 3 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritishdi

O‘zbekiston 16:00 / 12.08.2022 4202

Dastlabki kungi musobaqalarda qatnashgan sportchilarimizning qo‘lga kiritayotgan g‘alabalaridan ilhomlanib, bahslarga kirishgan atletlarimiz 100 foizlik natijaga ega bo‘lishdi. 

Jumladan, tajribali va mahoratli yengil atletikachimiz Suhrob Xo‘jayev bosqon uloqtirish bellashuvlarida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. U 71.87 metr natija bilan oltin medalga egalik qildi va shohsupaning yuqori pog‘onasidan joy oldi. 

O‘zbek yengil atletikachilari orasida birinchi bo‘lib “Brilliant liga”da muvaffaqiyatga erishgan Safina Sa’dullayeva Konyadagi musobaqalarda ham tengsiz ekanini isbotladi. 

Balandlikka sakrash dasturida 1.97 metr natija qayd etib g‘alabaga erishgan Safina oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, mazkur dasturda Svetlana Radzivil ham qatnashib 1.87 natijaga ega bo‘ldi va u kumush medalga sazovor bo‘ldi. Balandlikka sakrash bahslarida ham sportchilarimiz sovrinli o‘rinlarni band qilishdi.

Kolumbiyada o‘tgan yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan Sharifa Davronova Islom birdamligi o‘yinlarida ham amalda tengsiz ekanligini isbotladi. Uch hatlab sakrash dasturida qatnashgan atletimiz 14.30 metr natijani qayd etib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Ushbu sektorda ishtirok etgan Roksana Xudoyorova 13.87 metr natija bilan 4-o‘rinni egalladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmat 

Ko‘proq yangiliklar: