Xushnud Xudoyberdiyev: «Sudlar tepasida hech kimdan qo‘rqmaydigan rahbar kerak»

O‘zbekiston 07:32 / 12.08.2022 13980

Sud-huquq tizimi jamiyatni rivojlantirishda hech qachon almashmaydigan ustundir. Bu haqda huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev “Osmondagi bolalar” loyihasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlar odil bo‘lishi kerak, shunda iqtisodiyot ham rivojlanadi, investitsiyalar ham kiraveradi.

“Bizda shu paytgacha bu yo‘nalishda ko‘p ish qilindi. Tizimda ishlayotganlar hozir bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida yaxshi fikr aytishyapti. Avvalgi bilan solishtirganda o‘zgarish katta. Lekin haqiqiy, biz orzu qilayotgan sud tizimi bilan solishtirganda hali ancha ishimiz bor. Biz hali yarim yo‘lga yo yetdik, yoki yarim yo‘lda ham emasmiz. Bu juda ko‘p faktorlarga bog‘liq”, deydi huquqshunos.

Xushnud Xudoyberdiyevga ko‘ra, sud-huquq tizimini rivojlantirish uchun sudlarning moddiy ta’minotini yaxshilash kerak.

“Ya’ni, sudya kimgadir moddiy qaram bo‘lmasligi kerak. Bu muhim faktorlardan biri. Sababi sudyaning yo‘qotadigan narsasi bo‘lishi kerak. Masalan, poraga aralashmaslik yoki boshqa noxolis ish qilmaslik uchun ozodlikni yo‘qotishdan qo‘rqishi lozim. Shu bilan birga, o‘zining yaxshi daromad olib turgan joyidan ajralish ham inson motivatsiyasidan biri. Misol uchun, sudya bo‘lib 50 mln oylik olsangiz, ammo qandaydir mas’uliyatsizlik qilib, ishga sovuq yondashib shu ishdan ayrilib, ko‘chaga chiqsangiz oddiy yurist bo‘lib 5 mln oylik olishingiz mumkin”, dedi u.

Qayd etilishicha, bu faktor mas’uliyat bilan ishlash, shuningdek, pulga, poraga o‘ch bo‘lmaslik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi darkor.

“Bundan tashqari, siyosiy iroda ham kerak. Balki, sudlar tepasida hech kimdan qo‘rqmaydigan rahbar kerakdir. Barcha yaxshi rahbarlar shu tizim ichidan chiqib kelgan. Yuqori davralarda, xatolar ko‘p qilinayotgan jamiyatda mustaqil sud tizimi birdan yaxshi bo‘lib ketishi ham qiyin bo‘ladi. Sababi, yuqori davralar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib o‘z xatolarini yopishga harakat qilishadi. Bu tozalanish, to‘g‘ri yo‘lga tushish faqat sud tomonidan emas, narigi tomonda ham bo‘lishi kerak. Ya’ni, xato qadam qo‘yayotgan yuqori davralar bilan mustaqil sud tizimi bitta jamiyatda, bitta davlatda yasholmaydi”, dedi huquqshunos.

Ta’kidlanishicha, sudlarning yaxshilanib, shaffoflashib ketishi jarayonida boshqa tomon ham yaxshilanishda davom etishi lozim.

“Hozir nega yaxshilanyapti sud tizimi? Sababi, bu yerda ham xatolar kamaygan. Balki bu baholash qiyindir, ammo to‘g‘ri qarorlar ko‘paygan. Shuning uchun bu yerga ham bosim kamroq. Bosim qiladiganlarning o‘zi to‘g‘ri ishlayapti, ularga ham sudga bosim qilish qiziq emas”, deydi Xushnud Xudoyberdiyev.

Bundan tashqari, u sud-huquqiy tizimini rivojlantirish bevosita yuridik ta’limga bog‘liq ekanini aytdi.

“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, sudlardagi vakant joylarni to‘ldirish uchun yaxshi kadr topisholmaydi. Imtihon qilishadi, o‘tish balli 60 foiz deyilsa, bunda sudyalikka tavsiya etilganlar soni vakant joylar sonidan ancha kam bo‘ladi. U yer vakant bo‘lib turganidan keyin sudning ish hajmi ko‘payadi. So‘ngra o‘tolmaganlarning yaxshiroq natija ko‘rsatganlari qo‘yiladi. Shu tariqa, daraja ham pastga tushib ketaveradi. Balki hozir yaxshilangandir, ammo bir-ikki yil oldingi ma’lumot shunaqa. Ya’ni, kadrlar bilan bog‘liq muammolar ham bor”, dedi u.

Ma’lumot uchun, 11 avgust kuni prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov tomonidan Oliy sud yangi raisini jamoaga tanishtiruv jarayoni bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda sud organlariga nisbatan aholi haqli e’tirozlari haddan ziyod ko‘payib, ko‘plab adolatsizliklar yuzasidan shikoyatlar soni keskin ortib ketgan.

“Umid qilamizki, ushbu yangi tayinlov aynan ushbu muammolar yechimi hamda sud organlarini tubdan isloh qilish uchun xizmat qiladi”, dedi Sardor Umrzoqov.

Bundan oldin prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z maslahatchisi Baxtiyor Islomov nomzodini Oliy sud raisi lavozimiga, Kozim Komilov nomzodini Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga ko‘rsatib, Senatga taqdimnomalar kiritgandi.

10 avgust kuni video-konferens-aloqa tarzida bo‘lib o‘tgan Senat o‘ttizinchi yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim qilingan nomzodlar lavozimga tasdiqlandi.

Baxtiyor Islomov bungacha prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ishlab kelayotgandi.

Ko‘proq yangiliklar: