Shahar avtobuslari tarifi har yili kamida bir marta qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekiston 11:17 / 12.08.2022 1603

“Hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar: 2022-2026 yillarda 5 000 ta avtobus va mikroavtobus xarid qilish dasturi; 2022-2026 yillarda 278 ta yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish dasturi; 2022-2026 yillarda 81 ta avtovokzal va avtostansiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlanadi.

2022-2026 yillarda hududlarda avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish dasturi doirasida tadbirkorlar tomonidan milliy valutada olingan kredit foizlari Markaziy bank qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo‘lgan qismi hamda AQSh dollarida olingan kredit foizlari 5 foizlik stavkadan ortiq bo‘lgan qismi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda Toshkent va Samarqand shaharlarida ishlab chiqilgan jamoat transportini rivojlantirish chora-tadbirlari asosida Nukus shahri va viloyat markazlarida jamoat transportini rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish jadvali tasdiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari:

  • Transport vazirligi bilan birgalikda har yili kamida bir marta shahar avtobus yo‘nalishlarida qo‘llanilayotgan yo‘lkira tariflari amaldagi haqiqiy xarajatlardan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqilishini;
  • mahalliy budjetlar parametrlari shakllantirilayotganda shahar yo‘nalishlarida cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilar tashish natijasida tashuvchilari ko‘radigan zararlarni qoplash uchun mablag‘lar ko‘zda tutilishini va ushbu mablag‘lar tashuvchilarga belgilangan tartibda to‘lab berilishini ta’minlaydi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar, shahar va tumanlar hokimlari faoliyati samaradorligini baholashda hududdagi avtobus yo‘nalishlari tarmog‘i, avtobuslar soni, jamoat transporti va infratuzilmasi sifati, bajarilgan ish hajmlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘lar kabi ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: