“O‘zbekneftgaz”: “Maroqand neft bazasi”ning Bulung‘ur va Jomboy filiallarida 73 mlrd 775 mln so‘mlik talon-toroj va kamomad aniqlandi

O‘zbekiston 14:10 / 12.08.2022 9786

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, tizimdagi korxonalarda moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ular kelgusida yo‘l qo‘yilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, o‘rganishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti xodimlari tomonidan “Maroqand neft bazasi” MChJda neft mahsulotlarining navbatdan tashqari inventarizatsiyasi o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlar jarayonida, Bulung‘ur va Jomboy filiallarida neft mahsulotlari inventarizatsiyadan o‘tkazilganda, vertikal po‘lat sig‘imlarga (RVS) qasddan texnik o‘zgartirish kiritish va qo‘lbola usulda sig‘im ichiga temir quvur joylashtirilganligi aniqlandi.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Bulung‘ur filialida jami 22 125,3 mln so‘mlik 2 612,9 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilgani va katta miqdorda talon-toroj qilingani holati aniqlandi, jumladan:

  • Ai-80 avtobenzinidan 18 340,4 mln so‘mlik 2 382,1 tonna; 
  • EKO markali dizel yonilg‘isidan 705,8 mln so‘mlik 44,1 tonna; 
  • TDL-05 markali dizel yonilg‘isidan 1 752,1 mln so‘mlik 111,6 tonna; 
  • TD-K5 yevro markali dizel yonilg‘isidan 1327,0 mln so‘mlik 75,1 tonna.

Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Jomboy filialida esa jami 51 649,7 mln so‘mlik 4441,2 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi, jumladan:

  • Ai-80 avtobenzini 18029,6 mln so‘mlik 2341,7 tonna 
  • YeVRO K-5 dizel yonilg‘isi 81,7 mln so‘mlik 4,6 tonna 
  • Dizel yonilg‘isi 1516,3 mln so‘mlik 92,3 tonna 
  • EKO dizel yonilg‘isi 32022,1 mln so‘mlik 2002,5 tonna

Bulung‘ur va Jomboy filiallarida jami 73775,0 mln so‘mlik 7054,1 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi. Moliyaviy va komplayens nazorati departamenti va boshqa tegishli departament mutaxassislari tomonidan inventarizatsiya davom ettirilmoqda.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish maqsadida, to‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli tartibda taqdim etildi.

O‘rganishlar jarayonida, Bulung‘ur filiali moddiy javobgar shaxsi X.L. javobgarligidagi neft mahsulotlari inventarizatsiyadan o‘tkazilganda, 7 ta vertikal po‘lat sig‘imlarga (RVS) qasddan texnik o‘zgartirish kiritish va qo‘lbola usulda sig‘im ichiga temir quvur joylashtirilgani hamda buning natijasida tezkor ma’lumotlarga ko‘ra jami 21 494,7 mln so‘mlik 2 573,5 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo‘l qo‘yilgani va katta miqdorda talon-toroj qilingani holati aniqlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Maroqand neft bazasi” MChJning xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan jami 11 nafar mas’ul mansabdor shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 6 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llangan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: