Muhojirlik, aldanish va ikki xil munosabat - Turkiyadagi o‘zbek ayollari muammolari

Jamiyat 09:15 / 12.08.2022 29064

Ozoda Islomova – Turkiyadagi O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati asoschisi va rahbari. U Kun.uz muxbiri bilan Istanbulda kechgan suhbatda Turkiyadagi o‘zbek ayollariga munosabat, ularni qiynayotgan muammolar va faoliyati davomida duch kelayotgan holatlar haqida gapirib berdi.

“Turkiyadagi o‘zbek ayollari muammosini kimga aytishni bilmasdi”

— O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi Murojaatlar bo‘limi rahbari sifatida ishlaganman. U yerda ayollarning turfa murojaatlarini tinglar, imkon qadar yordam berar edik. Qo‘mita tugatilganidan so‘ng oz muddat XDP markaziy apparatida ishladim va keyin taqdir taqozosi bilan oilaviy sabablar tufayli Turkiyaga ko‘chib kelishimiz lozim bo‘ldi.

Bu yerga kelgach, o‘z ustimda ishlab, o‘qib, rivojlanishni istadim, ishdan ma’lum muddat voz kechaman, deb reja qildim. Biroq bo‘lmadi. Yo‘l-yo‘lakay o‘zbek ayollarining muammolariga guvoh bo‘ldim, murojaatlarini tingladim. Ayrim hollarda quloqqa chalinib qolardi, gohida shunchaki yaqin olib dardlashishardi. Biroq muammolar bor-u, ularni tinglaydigan odam yo‘q, yechim va ko‘mak beradigan tashkilot yo‘q. Ha, konsulxonamiz bor, biroq ayollarning muammolarini ayollar hal qilib bera oladigan tashkilotga ehtiyoj bor, ayol dardini ayol tushunadi, axir. Chet elda bo‘lganidan keyin dardlar ortadi – farzand sog‘inchi, oila sog‘inchi, Vatan sog‘inchi. O‘z uyidagi tashvishlar boshqa, uyidan uzoqda bo‘lganidagi tashvishlar boshqa. Har bir ayolga individual yondashish lozim bo‘ladi.

Shunda mana shu jamiyatni ochishga qaror qildim. Bizni obdon tekshirishdi. Xorijiy tashkilotni bilasiz, ikki karra ko‘proq tekshirishadi. Jamiyat tashkil etilganiga avgust oyida 1 yil bo‘ladi (suhbat 2022 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan – tahr.). Jamiyatimizga murojaat qilgan ayollarning muammolari hal bo‘lishiga yordamlashib, yaxshi nom qozondik, shekilli, jamiyatimiz haqidagi ijobiy gaplar og‘izdan og‘izga ko‘chib, murojaat qiluvchilar ko‘paya bordi.

“Ko‘p murojaatlar – aldangan, uysiz, pulsiz qolgan ayollardan”

— Bu yerda biz birinchi navbatda huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatamiz. Murojaat qilgan vatandoshimiz bilan muammosi hal bo‘lguniga qadar birga bo‘lamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning Vatanga uchishida samolyot trapigacha olib chiqib qo‘yamiz. Ammo Vatanga qaytib borgach, o‘z yo‘lini topa olmagan ayol-qizlarimiz yana bizga murojaat qilishyapti. Biz konsulxona bilan birgalikda mana shu muammolarni ham bartaraf etishga, bir tizimni yo‘lga qo‘yishga, ya’ni O‘zbekistonga qaytib borgan xotin-qizlar jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashadigan dastur ishlab chiqish niyatidamiz.

Bizga aldangan, uysiz qolgan, pulsiz qolgan ayollar murojaat qilishyapti. Ayrimlarni aldab bu yerga olib kelishadi, pasportlarini olib qo‘yishadi va ular bir amallab qochib, bizni topib kelishadi. Shunday ayollarni ishga joylashtirish bilan shug‘ullanamiz. Tikuvchilik sexlariga ishga joylayapmiz. Shunday ish joylariki, o‘sha yerning o‘zida yashash joyi beriladi va o‘zi pul topadi. Kunlik yaxshi pul topayotgan ayollar yetarli.

Noxush va ijobiy voqealar

— Ishimizda noxush holatlar ham bo‘lib turadimi? Ha, afsuski, bor bunday holatlar. Bir voqeani aytib beray: bir ayol bemor bo‘lib Istanbuldagi kasalxonada davolandi. Uzoq muddat davolanishdan so‘ng kasalxona 108 ming dollar hisob chiqarib berdi. Tabiiyki, u ayolda buncha pul yo‘q. Biz kasalxona rahbariyati bilan, undan yuqori tashkilotlar bilan muloqotga kirishdik, konsulxona ham bu ishga aralashdi va uzoq muzokalardan so‘ng Turkiya tomon vatandoshimizni kasalxonadan chiqarib yuborishga ko‘ndi. Tasavvur qilyapsizmi, Turkiya tomoni 108 ming dollarning bahridan o‘tdi. Bunga erishguncha ozmuncha harakat qilmadik. Ayolni O‘zbekistonga kuzatish asnosida shunaqangi sharmandali ish bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz.

Kasalxonadan chiqar kunimiz yetib bordim, samolyotgacha kuzatib qo‘yishim kerak. Bir payt kasalxona eshigidan chiqayotganimizda detektor ishlab ketdi, darrov qo‘riqchilar yetib kelishdi, ayolning yuklarini tekshira boshlashdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, vatandoshimizning sumkalaridan kasalxonaga tegishli choyshablar, matolar chiqib kela boshladi. Har bir sumkani ochishganida o‘g‘rilangan ashyolar chiqdi. Yer yorilsa-yu, kirib ketsam!

Menga ham o‘sha jinoyatning sherigi sifatida qaray boshlashdi. Politsiya chaqiramiz, qamaymiz, deyishyapti, men buyoqda yalinib yolvoryapman: “Iltimos, unday qilmang, bu ayol vatanga qaytishi kerak, samolyoti uchay deb turibdi”, deya. Tiz cho‘kmaganim qoldi, xolos. Eng yomoni bilasizmi nima? Ratsiya orqali “o‘zbek vatandoshi o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushdi”, deya xabar berishayotganida adoyi tamom bo‘ldim. Vatanim, millatim uchun uyaldim, xo‘rligim keldi. O‘zi Turkiya tomoni komada yotgan o‘sha ayolni oyoqqa turg‘izib berdi, 108 ming dollardan kechib turibdi, nega o‘g‘rilik qiladi axir? Shu ayol xastaligi vaqtida boshidan oxirigacha yonida turib bergan bizni, konsulxonani, vatandoshlari sha’nini o‘ylasa bo‘lmaydimi? Shumi marhamatga javoban rahmat?

Keling, yaxshi gaplardan ham gapiray. Shukrki, yaxshi ayollarimiz ko‘p. O‘zbekiston, o‘zbek nomiga munosib, yaxshi taassurot qoldirayotgan ayollar bor. Qiyin holatda bir ayolimizga ish topib berdik. Turk xonadonida xizmatchi sifatida ishlay boshladi. Vaqt o‘tib o‘sha turk xonadoni bizga shunaqangi rahmatlar aytyaptiki! “Mana shunaqa qizlar bo‘lsa ayting yana, bu qiz o‘zimizning oilamiz a’zosidek bo‘lib ketdi, biz undan judayam minnatdormiz”, degan gaplarni aytishayotganida faxrlanib, xursand bo‘lib ketdim. Bunday holatlar ko‘p.

Turkiyalik erkakka turmushga chiqmoqchimisiz? Qaror qabul qilishga shoshilmang

— Turkiyalik erkaklarga turmushga chiqqan ayollarimizda muammolar bo‘lib turadi. Bu asosan ajrim va bolalar kimda qolishi masalalari. Tabiiyki, turk fuqarosi bolalarini ayoliga bergisi kelmaydi, o‘zbek ayoli esa farzandini o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ladi. Biz shunday holatlarda sudlarda qatnashamiz, ayollarimiz tomonida bo‘lib, muammoni ortiqcha shovqinsiz, talafotsiz hal qilishga yordam beramiz.

Bir voqea bo‘ldi. O‘zbek ayoli bilan ajrashayotgan turk erkak ayolga o‘g‘rilik qildi, deya tuhmat qildi. Keyin bilsak, bolalar va mol-mulkka da’vo qilmasin, deya shunday uydirmani o‘ylab topishgan ekan. Biz sudda bu qizimizning to‘liq oqlanishiga erishdik, qarshi tomonning gaplari soxta bo‘lib chiqdi.

Bilasizmi, ayrim qizlarimiz bilib-bilmay turmush qurishadi va oradan ma’lum vaqt o‘tgach, “mentalitetimiz, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizda qarama-qarshiliklar, o‘xshamaydigan jihatlar bor ekan, ko‘nikolmadim”, deya yordam so‘rab kelishadi. Shundaylarga maslahatim: turmushga chiqishdan oldin obdon o‘ylang, bu yerning tosh-tarozisi haqida tasavvurga ega bo‘ling, urf-odatlarini o‘rganing, huquqiy saviyangizni oshiring. Shunda pand yemaysiz.

“Jamiyatni o‘z mablag‘larimiz hisobidan moliyalashtiryapmiz”

— Ayrimlarda tabiiy savol tug‘iladi: jamiyatning moddiy ta’minoti qayerdan? Hech qayerdan. O‘zimizning resurslardan foydalanyapmiz hozircha. Vaqti kelganda konsulxonamiz xodimlari kerak bo‘lsa o‘z cho‘ntaklaridan pul berib, moddiy yordam berishyapti. Mana bu ofisimizni hatto ayollarimiz vaqtincha yashab turadigan maskan qildik. Muammosi hal bo‘lgunicha bir necha kun shu yerda bo‘lishi mumkin. Shuningdek, shu yerdagi tanish-bilishlar bizga yordam berishyapti. Ular o‘z uylaridan boshpanasiz qolgan va muammolar girdobidagi ayollarimizga joy berishyapti.

O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati (“Özbek Kadın Hakları Derneği”) va O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanmoqda. 2022 yil yanvar / Foto: “Dunyo” AA

 

Biz ayollarga ko‘mak berishda hech kimdan pul olmaymiz. Yuqorida aytganimdek, hozircha o‘z resurslarimizdan foydalanyapmiz. Bizga joriy xarajatlar uchun hech kim pul bermaydi. Ofis xodimlarimga ham o‘z yonimdan maosh to‘layman. Ha, hozircha shunday. “Moddiy manfaati bordirki, shu ishni qilyapti, yaxshigina pul topsa kerak”, deydiganlar ham bo‘ldi. Buni to‘g‘ri o‘zimga aytganlar bo‘ldi. Ularni men taklif qildim: keling, ko‘ring, biz bilan bo‘ling, o‘zingiz ishonch hosil qiling biz qanday ishlayotganimizga. Bilsangiz, bizga shubha bilan qaraganlar, g‘arazli maqsadi bor, deb o‘ylaganlar faoliyatimiz bilan yaqindan tanishib, biz bilan do‘st, hamkor, oila a’zolarimizdek bo‘lib ketishdi. Ofisimizga tez-tez kelib turishadi, qayerda bo‘lmasin, bizni maqtab, yaxshi tavsiflar berishadi.

Shunday holatlar bo‘ldiki, Turkiyaning boshqa shaharlaridan murojaatlar bo‘lganida, biz hayron bo‘lib, “qayerdan eshitdinglar biz haqimizda?” deb so‘raganimizda: “Jamiyatingiz haqida bizga falonchi aytib berdi, falon politsiyachi maslahat berdi, falon idoradan oldik ma’lumotni”, deyishadi. Juda xursand bo‘lib ketamiz. Politsiyaga tushib qolgan ayollarimizga zobitlarning o‘zi bizning jamiyat haqida ma’lumot berib, murojaat qilishni tavsiya qilishayotgan ekan. Demak, jamiyatimiz yaxshi nom qozonibdi, qilayotgan ishlarimiz bilan uncha-muncha tanilib qolibmiz, deb ko‘nglimiz ko‘tariladi.

“Maqsadimiz – Turkiyadagi o‘zbek ayollarining huquqlarini ta’minlash va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish”

Biz birlashishimiz kerak. Xorijdagi erkag-u ayol, yosh-u qari – hammamiz bir-birimizga ko‘mak berishimiz, bir yoqadan bosh chiqarishimiz lozim. Bizga tashqaridan o‘z-o‘zidan hech kim yordam bermaydi. O‘zimiz vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Bu yerda turib O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatib boryapman. Ijobiy yangiliklar talaygina. Davlat rahbari olib borayotgan siyosat davom etsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz ham jamiyatimizni rivojlantirib, kengaytirib, Turkiyadagi o‘zbek ayollari huquqlarini ta’minlash va har tomonlama yordam ko‘rsatish, o‘zbek ayolining ijobiy imidjini ko‘rsatish va saqlab turishga harakat qilamiz.

Ozoda Islomova suhbat davomida turkiyaliklarning o‘zbeklarga, xususan, o‘zbek ayollariga munosabati, boshqa millat vakillari bilan oradagi farqlar, o‘zbek erkaklarining ayrim nojoiz xatti-harakatlari, o‘zi afsuslanadigan va quvonadigan jihatlar haqida ham gapirib berdi. To‘liq suhbatni video orqali tomosha qiling.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

  • O‘zbek xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish jamiyati bilan +90-555-147-15-84 telefon raqami orqali bog‘lanish mumkin. Ma’lumot uchun, jamiyat xodimlari 8 avgustdan boshlab 24 ish kuniga mehnat ta’tiliga chiqqan.
Ko‘proq yangiliklar: