“Markaziy Osiyo tog‘laridagi ko‘p yillik suv zaxirasi keskin kamaymoqda” - ekspert bilan suhbat

O‘zbekiston 12:13 / 12.08.2022 21607

Germaniya Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi rahbari, Berlindagi Humboldt universiteti dotsenti Abror G‘afurov Kun.uz bilan suhbatda Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligi vujudga kelishi sabablari, O‘zbekiston uchun suv manbalarining ahamiyati, iqlim o‘zgarishining tog‘ muzliklariga ta’siri haqida ma’lumot berdi.

“Iyul-avgust oylarida suv resurslarining keskin kamayib ketishi kutilmoqda”

— Markaziy Osiyoda suv resurslari taqchilligining vujudga kelishiga ikkita omil ta’sir o‘tkazmoqda. Birinchisi, bu iqlimning o‘zgarishi bo‘lsa, ikkinchisi, aholi soni oshib borishidir.

Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv resurslari hosil bo‘lish jarayoni o‘zgarib bormoqda. Jazirama issiq tufayli me’yoridan ortiq bug‘lanish hosil bo‘lishi bunga bir sabab bo‘lsa, tog‘lardagi mavsumiy suv zaxiralari yildan yilga kamayib borayotgani ikkinchi muhim omildir.

“O‘zgidromet”ning kuzatuv ma’lumotlariga asoslangan holda olib borgan ilmiy ishlarimiz natijasiga ko‘ra, birgina Toshkent shahrida oxirgi 100 yil ichida iyul oyidagi maksimal havo harorati qariyb 2° S ga oshgan. Bu juda katta ko‘rsatkich va hududimizdagi suv resurslari hosil bo‘lish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Bir necha yildan buyon ko‘p ma’ruzalarimda kelajakda iyul-avgust oylarida suv resurslari keskin kamayib ketishi to‘g‘risida gapirib kelaman. Hozir shu jarayonning boshlang‘ich nuqtasida turibmiz. Maqsadim – salbiy ma’lumot tarqatish emas, balki ilm-fan orqali aniqlik kiritishga muvaffaq bo‘lingan iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirlaridan keng jamoatchilikni xabardor qilish. Umuman olganda, muammoni yashirish unga qadam qo‘yish bilan teng bo‘ladi.

O‘z navbatida, yuqoridagi ikkinchi omil birinchi omil bilan bog‘liq. Ya’ni aholi soni ko‘payib borar ekan, suvga xam talab ortib boraveradi. Suv miqdori kamayib ketayotgan bir paytda unga bo‘lgan talab aholi sonining ko‘payishi oqibatida oshib boraversa, suv taqchilligi yanada yaqqol muammo sifatida namoyon bo‘la boshlaydi.

“Suv resurslari taqchilligi nafaqat oziq-ovqat xavfsizligiga, balki aholi bandligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”

— O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sektoridan olinadigan daromad umumiy yalpi ichki mahsulotning taxminan 25 foizini tashkil qiladi. Respublikada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, yoz oylari quruq va yog‘ingarchiliksiz kechishi bois, sug‘orish tizimiga qattiq bog‘langan. Mana shu faktning o‘zi ham suv resurslarining ahamiyati qay darajada muhimligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sektori aholining taxminan 25-30 foizini ish bilan ta’minlaydi. Bundan kelib chiqilsa, suv resurslari nafaqat oziq-ovqat xavfsizligiga, balki aholi bandligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham O‘zbekiston uchun yagona yo‘l kelajakda bizni kutayotgan suv resurslari bilan bog‘liq sharoitga vaqtida tayyorlanishdir.

Buning uchun bir qancha iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyalarini qo‘llash mumkin va aminmanki bu kabi ishlar hukumat tomonidan ham amalga oshirilyapti. Birgina misol bu – tomchilatib sug‘orishni respublika miqyosida keng qo‘llash tashabbusidir. Kelajakda yildan yilga jazirama issiq bo‘lgan iyul-avgust oylarida suv kamayib ketishi kutilayotgan ekan, suvni hozirdan iqtisod qilib ishlatishni o‘rganishimiz kerak. Buning uchun katta investitsiya kerak va juda ko‘p ishlarni amalga oshirish lozim, lekin suvni iqtisod qilmasdan turib 20-30 yildan keyin xam xuddi bugungidek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtira olamiz deb aytish qiyin.

“Tog‘larda yildan yilga keragidan ko‘p muz erib bormoqda”

— Oxirgi yillarda kuzatilayotgan anomal issiq tog‘ muzliklariga juda jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Muzliklarning erishi va o‘zini qayta tiklash massasi bo‘ladi va bu odatda “0” atrofida bo‘lishi kerak. Afsuski, Markaziy Osiyodagi muzliklar erishi va o‘zini tiklash balansi oxirgi yillarda salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lib bormoqda.

Bu o‘z navbatida Markaziy Osiyo tog‘laridagi ko‘p yillik suv zaxirasi keskin kamayib borayotganidan dalolat beradi.

Bu yerda yana bir jihatga e’tibor berishni lozim deb bilaman. Hozirda, ya’ni ayni shu yoz kunlarida, Markaziy Osiyo daryolari suvga to‘yingan va bu daryolardagi suv miqdorini kuzatsak, yuqorida aytib o‘tgan kamayishni ko‘rmasligimiz mumkin. Ko‘p odamlarga iqlim o‘zgarishi oqibatida suv kamaymoqda, deb aytasiz, lekin ular daryolarda suv ko‘p-ku deb javob qaytarishadi. Aynan hozirgi kunlarda ba’zi daryolarda me’yoridan ko‘p suv miqdori bo‘lishini iqlim o‘zgarishining suv resurslariga ta’siri deb olsak xato bo‘lmaydi. Chunki tog‘larda yildan yilga keragidan ko‘p muz erib bormoqda va shuning hisobiga daryolar muzliklar erish davrida (iyul-avgust) suvga to‘yingan. Lekin muzliklarning ham o‘z maksimal erish nuqtasi bor. O‘sha nuqtagacha ular me’yordan ortiq suv hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ammo agar bu nuqtadan o‘tib ketiladigan bo‘lsa, muzliklar erishi tufayli hosil bo‘ladigan suv miqdori keskin darajada kamayib ketadi.

Ana shundan keyin daryolarda yoz oylarida suv kamayib ketish holatlari kuzatiladi. Ilmiy ishlarimiz natijalariga ko‘ra, ayrim hududlarda muzliklarning maksimal erish nuqtasiga yetib kelganmiz, ayrim hududlarda bu nuqta orqada qolgan bo‘lsa, ayrimlarida bu hali oldinda. Bu degani iqlim o‘zgarishi tufayli hamma joyda bir xil darajada suv taqchilligi kuzatilmaydi va bu narsa hududlardagi mavjud muzliklarning maksimal erish nuqtasiga yetib kelish jarayoni bilan bog‘liq bo‘ladi.

“Kelajakda tabiiy ofatlar ko‘payishiga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak”

— Suv resurslari qimmatli zaxira ekanini e’tiborga olgan holda barcha Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda undan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi. Bu kabi tavsiyalar osonlikcha aytilsa-da, lekin amalga oshirish – juda katta vazifa. Shunga qaramay, Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda kelajak uchun tayyorgarlik ko‘rish lozim deb bilaman.

Iqlim o‘zgarishi nafaqat suv resurslaridan qishloq xo‘jaligida foydalanilishiga, balki gidroenergetika tarmog‘iga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shunday ekan, qo‘shni davlatlar bilan birgalikda suv resurslaridan oqilona foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Iqlim o‘zgarishining nafaqat suv miqdori kamayib ketishiga ta’siri bor, bundan tashqari kelajakda tabiiy ofatlar ko‘payishiga olib kelish ehtimoli ham katta. Bunga joriy yilning aprel-may oylarida respublika hududida kuzatilgan suv toshqini va sellarni misol qilib keltirish mumkin. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda sel toshqinlari soni rekord darajaga yetgan. Buning oqibatida katta miqdorda iqtisodiy yo‘qotishlar bo‘ldi, misol tariqasida yo‘llarni va boshqa infrastruktura tizimlarini tiklashga ketgan xarajatlarni aytish mumkin.

Iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siriga tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, tabiiy ofatlarning oldini olish va ta’sirini kamaytirishni ham yoddan chiqarmasligimiz kerak. Xalqaro tajribadan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, tabiiy ofatlar ta’sirini kamaytirishga qaratilgan 1 dollar investitsiya, tabiiy ofatlar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy ta’sirning kamida 3 dollar qiymatga teng miqdorini iqtisod qilishi mumkin. Shuning uchun yildan yilga soni oshib borayotgan tabiiy ofatlarga to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak bo‘ladi.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: