«Endi AQSh-Rossiya emas, Hindiston-O‘zbekiston qarama-qarshiligi bo‘ladi» – hindistonliklar «shaxmatdagi muloyim devlar» haqida

O‘zbekiston 12:18 / 12.08.2022 37052

Mashhurlar e’tirofi

Garri Kasparov. Foto: Facebook/Garry Kasparov

Shaxmat bo‘yicha 13-jahon chempioni, bugungi kunda AQShda istiqomat qilayotgan rossiyalik grossmeyster Garri Kasparov o‘zbekistonlarning shaxmat olimpiadasidagi ishtirokini yuksak baholadi:

«O‘zbekiston jamoasini Chennayda bo‘lib o‘tgan shaxmat olimpiadasidagi g‘alaba bilan tabriklayman. Eng yosh tarkib bilan reyting yetakchilarini, musobaqa mezbonlarining kuchli jamoalarini, an’anaviy favoritlarni ortda qoldirib g‘olib bo‘lish bu – aql bovar qilmas natija».

Tim Torlot. Foto: Twitter/ Tim Torlot

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya birlashgan qirolligining mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlot ham hamyurtlarimizni ulkan g‘alaba bilan qutlagan.

«Mot! Orzular jamoasi bo‘lgan O‘zbekistonga tabriklarim. O‘zbekiston jamoasi shaxmat olimpiadasida birorta matchni boy bermay o‘z tarixidagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu – ajoyib natija».

Jonatan Rouson. Foto: Flickr/ Brendan O'Gorman

Shotlandiyalik grossmeyster Jonatan Rouson erishilgan muvaffaqiyat bilan tabriklarkan, O‘zbekiston shaxmatning asl vatani bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan.

«O‘zbekistonga tabriklarim! Ikki mamlakat chegarasini hatlab o‘tmasdan dengizga chiqa olmaydigan davlat uchun yomon natija emas. «Biz yoshlarga qaranglar, biz yetakchimiz! » deyish boshqa, asablarni jilovlab, amalda g‘alaba qozonish – umuman boshqa narsa. Aftidan, ular uzoq vaqtdan buyon bir jamoa sifatida birga bo‘lishgan.

Shaxmat Hindistonda paydo bo‘lgan esa-da, uning hind zaminiga O‘zbekistondan kelgani haqida qarashlar mavjud. Davrimizgacha yaxshi saqlangan eng qadimiy shaxmat donalari aynanO‘zbekistonda, hozirgi Samarqanddagi Afrosiyob xarobalaridan qazib olingan».

Grossmeyster, shaxmat olimpiadasi sovrindori, aql gimnastikasiga bag‘ishlangan va dunyo miqyosida eng ko‘p sotilgan 10 kitobdan birining muallifi Boris Avrux ham Chennay olimpiadasidagi muvaffaqiyat bilan tabriklagan.

Boris Avrux. Foto: Prochessleague.com

«Bu – O‘zbekiston uchun ulkan muvaffaqiyat. G‘alaba bilan O‘zbekiston jamoasi, shuningdek, ularning ajoyib murabbiyi Ivan Sokolovni tabriklayman. Har bir shaxmatchiga aeroportdayoq 60 ming dollarlik chek va yangi avtomobil berildi. Olimpiada g‘oliblarini shunday taqdirlashadi. Barakalla, O‘zbekiston!»

Qozog‘istonda tug‘ilgan, ayni paytda AQShda yashayotgan Boris musobaqa davomida O‘zbekiston jamoasi a’zolarining hozirgi va 10 yil oldingi suratlarini ulashib, ushbu bolalar hozir shaxmat olimpiadasida yetakchilik qilayotganini ta’kidlagan.

Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev 10 yil avval va hozir. Foto: Twitter/ Boris Avrukh

Memlar...

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek shaxmatchilarining olamshumul g‘alabasiga bag‘ishlangan bir-biridan ajoyib memlar tarqaldi. Ularni kuzatib, hamyurtlarimizning olimpiadadagi ishtiroki juda ko‘pchilikni to‘lqinlantirganini payqash qiyin emas.

Foto: Twitter/ Art Pirate
Foto: Twitter/ Zahiriddin
Foto: Twitter/ HabiKatura
Foto: Twitter/ Imagination
Foto: Twitter/ Shuxratbek
Foto: Twitter/ Sobirov
Foto-12. Foto: Twitter/ Abbos Serobov

«O‘zbekistonliklar chindan ham sharafga munosib»

Hindistondagi eng mashhur shaxmat platformasi ChessBase India Chennay olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi a’zolaridan intervyu oldi. Intervyu davomida muhim o‘yin oldidan shaxmatchilarimiz nimalarni his qilishgani haqidagi savollarga javob topish, eng qiyin holatlarda ham g‘olib chiqishlariga ishonchni yo‘qotishmaganiga amin bo‘lish mumkin.

Xususan, boshlovchi Nodirbek Abdusattorovdan Gukeshga qarshi o‘yin avvalidayoq murakkab vaziyatga tushib qolib, g‘alaba qozonishga deyarli imkon qolmagan vaziyatda ham nima uchun taslim bo‘lmaganini so‘raydi. Bu savolga javoban sportchimiz shunday javob beradi: «Jamoamni qutqarishim kerakligini his qildim».

YouTube’da ushbu intervyuga bildirilgan izohlar yanada qiziq. Fikr bildirganlarning ko‘pchiligi hindistonliklar. Olimpiadada O‘zbekiston Hindiston jamoalarini oltin medallardan mahrum qilgan bo‘lsa-da, hindlar nafratomuz izohlar qoldirishmagani, xolis bo‘la olishgani tahsinga sazovor.

«Nodirbek Abdusattorovni rapid (tezkor shaxmat) bo‘yicha jahon chempionatida g‘olib bo‘lganda tanigandim. O‘shandayoq ushbu yigitcha allaqachon kuchli o‘ntalikka munosib shaxmatchi ekanini anglab yetganman.

Bu intervyu orqali o‘zbekistonlik boshqa yoshlar haqida ham ma’lumotga ega bo‘ldim. Ularni albatta kuzatib boring. Kelajakdagi shaxmat turnirlari taqdirini Rossiya va AQSh o‘rtasidagi emas, balki Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bahslar hal qiladi. Qiziqarli janglar hali oldinda»,– Aditya Gupta.

«Omadimiz kelgani uchun biz chempion bo‘ldik» demoqda Vohidov. Yo‘q, do‘stim, mashaqqatli mehnat va mahorat tufayli siz va yigitlar qolganlarni ortda qoldirdingiz. O‘zbek yigitlarining kamtarligiga qoyil qolmay iloj yo‘q », – Houtaro Oreki.

«Men hindistonlikman. O‘zbekistonlik yoshlar chindan ham kamtar va sharafga munosib ekani haqidagi fikrga qo‘shilaman. Ularning qarshisida qalpog‘imni yechaman», – Abhinandan Choudhuri.

«Menimcha, o‘zbekistonliklar muvaffaqiyatining bosh sabablaridan biri bu – Vohidovning yetakchiligi. U jamoa qanday o‘ynashidan qat’i nazar hammani jipslashtirib turadigan yigitga o‘xshaydi. Hatto intervyu berayotganda ham u o‘zini jamoadagi boshqa yigitlarning akasidek tutmoqda. Ushbu ajoyib jamoani tabriklayman»,  – Sajal Jaisval.

«Ajoyib jamoa. Sindorov biroz hayajon va qo‘l imo-ishoralari bilan Ivanchukka o‘xshab gapirarkan. Ularning barchasi juda iste’dodli. Qayerdadir Vishi Anand va Rustam Qosimjonov o‘zlaridan keyingi vorislarga kulib qarab turishgandek», – Aditya Kulkarni.

«Jahongir Vohidov Gukeshga qarshi o‘yin oldidan Abdusattorovga «Hech bo‘lmaganda durang o‘yna, u – navbatdagi Karlsen» degan ekan. Bu – shaxmat yulduzlarning o‘zlari tomonidan aytilayotgan samimiy e’tiroflar. Bundan kattaroq iltifot bo‘lishi mumkin emas. Siz o‘zbek shaxmatchilari haqiqatan ham muloyim devlarsiz», – Tapan Gogoi.

«Abdusattorovning rapid bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritishi va Gukeshga qarshi imkonsiz vaziyatda g‘alabaga erishishi matonatdan boshqa narsa emas va bu bahsdan hamma nimadir o‘rganishi mumkin. Uning navbatdagi TOP turnirda ishtirokini ko‘rganimdan, O‘zbekiston jamoasi chempionlardek o‘ynab oltin medalga loyiq bo‘lganidan xursandman», – Varun Sinx.

«Tabriklayman, O‘zbekiston! Ajoyib va kamtar yigitlarning intervyusini ko‘rib, haqiqatan ham eng yaxshi va munosib jamoa g‘olib bo‘lganiga amin bo‘ldim. Oradan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, ular har bir bahsning burilish nuqtalarini va har bir o‘yinni detallarigacha eslashidan hayratdaman. O‘zbekistonliklarning Hindiston-2 jamoasi bilan jangini men to‘liq bosim ostida tomosha qildim. Har ikkala jamoa tarkibida bo‘lajak jahon chempionlari va chempionlikka da’vogarlar kurashayotganini ko‘rgandek bo‘ldim. O‘zbekiston bilan bir qatorda Hindistonni ham yilning, balki 10 yillikning eng esda qolarli shaxmat voqealaridan birini ajoyib tarzda o‘tkazgani bilan qutlayman» , – Jai Hind.

Jamshid Niyozov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: