1 yanvardan yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari funksiyasiga ko‘ra uch turga bo‘linadi

O‘zbekiston 11:30 / 12.08.2022 6261

“Hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari funksiyasiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • shahar yo‘nalishlari - magistral, bog‘lovchi, halqa va yetkazib beruvchi yo‘nalishlarga;
  • shahar atrofi yo‘nalishlari - magistral, bog‘lovchi va yetkazib beruvchi yo‘nalishlarga;
  • shaharlararo yo‘nalishlar - magistral va bog‘lovchi yo‘nalishlarga.

Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari 2023 yil 1 yanvarga qadar hududlarda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari yangi tarmoqlari mazkur bandda belgilangan tartibda joriy etilishini ta’minlaydi.

Transport vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining 2024 yil 1 yanvardan boshlab shahardagi magistral, bog‘lovchi, halqa yo‘nalishlarida hamda shahar atrofidagi magistral va bog‘lovchi yo‘nalishlarda, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda faqat avtobus va mikroavtobuslardan (M2 va M3 toifali avtotransport vositalari) foydalanish bo‘yicha takliflari ma’qullanadi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha avtovokzal va avtostansiyalarda shaharlararo va xalqaro avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha yagona elektron onlayn chipta sotish tizimi joriy etiladi.

Transport vazirligi avtovokzal va avtostansiyalardagi jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish va “onlayn” monitoring qilish maqsadida joriy yil yakuniga qadar “Ye-Vokzal” elektron platformasini ishga tushiradi.

Ko‘proq yangiliklar: