1 fevral transport sohasi xodimlari kuni etib belgilanadi

O‘zbekiston 11:56 / 12.08.2022 4821

“Hududlarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Transport vazirligi 1 fevral kunini “O‘zbekiston transport sohasi xodimlari kuni” etib belgilash to‘g‘risidagi qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

2022-2026 yillarda avtovokzal va avtostansiyalarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi to‘liq tadbirkorlik sub’yektlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Bunda, dastur doirasida yangi quriladigan avtostansiyalar joylashtiriladigan yer maydonlari elektron onlayn auksion savdolari orqali tadbirkorlik sub’yektlariga biriktirib beriladi.

Qurilish vazirligi Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda dastur doirasida avtostansiya mavjud bo‘lmagan tumanlarda (shahar) 52 ta yangi avtostansiya qurish uchun yo‘lovchilarga qulay manzillardan yer maydonlari ro‘yxatini shakllantirib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Transport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tashuvchilar faoliyati samaradorligi hamda natijadorligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, avtomobilda tashuvlar sifatini yaxshilash maqsadida tashuvchilar reytingini hisoblash va yuritish tartibini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda asosiy faoliyati avtobuslarda yo‘lovchi tashishni amalga oshirish bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari avtovokzal va avtostansiyalar egallagan yer maydonlari bo‘yicha hisoblangan yer solig‘i va ushbu obektlar uchun hisoblangan mol-mulk solig‘i 1 foizi miqdorida to‘lov amalga oshirishini nazarda tutuvchi “Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ko‘proq yangiliklar: