Turonbank IFC bilan transformatsiya qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi

O‘zbekiston 09:00 / 11.08.2022 2484

2022 yilning 10 avgust kuni Turonbank faoliyatini to‘liq transformatsiya qilish yuzasidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan navbatdagi kelishuv shartnomasi imzolandi. 

Zamonaviy bank xizmatlariga bo‘lgan talab kundan kunga oshib borayotgan paytda O‘zbekiston moliya bozorida o‘zining munosib reytingiga ega Turonbank tomonidan mijozlar uchun qulay va innovatsion xizmatlarni taklif etish maqsadida zamonaviy transformatsiya jarayonlari amalga oshirilyapti. Bank faoliyatida eng so‘nggi texnologiyalarni qo‘llagan holda ish yurituvini joriy etish, oson, tezkor va sifatli bank mahsulotlarini ishlab chiqish muhim sanaladi. 

Shu maqsadda bank nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari bilan ham ijobiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. 2021 yildan boshlab Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan o‘rnatilgan hamkorlik munosabatlari bunga misol bo‘la oladi. Uning natijasida dastlabki bosqichda Turonbank faoliyati chuqur tahlil qilindi. 

O‘zaro hamkorlikning navbatdagi ikkinchi bosqichi esa 2022 yildan boshlanib, unda IFC ekspertlari tomonidan bankning joriy operatsiyalari, kredit jarayonlari, risklarni boshqarish, korporativ boshqaruv bo‘yicha batafsil baholash olib borildi hamda moliya muassasasining biznes jarayonlari diagnostikadan to‘liq o‘tkazildi. Natijada, xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan hamkorlikda Turonbankni 2022-2025 yillar davomida to‘liq transformatsiya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Navbatdagi kelishuvda esa Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bilan bank faoliyatini to‘liq transformatsiya qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi. 

Tadbirda “Turonbank” ATB Boshqaruv raisi Chori Mirzayev, IFC bilan imzolangan mazkur hamkorlik kelishuvi davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi ekanligini qayd etdi.  

Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Turkiya, Afg‘oniston va Pokiston bo‘yicha moliya institutlari guruhi menejyeri Mexmet Mumdjuogluning ta’kidlashicha, “Turonbank” ATB bilan tuzilgan strategik hamkorlik hukumatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y – harakatlarning muhim bosqichlaridan biridir. 

“Biz Turonbank bilan o‘zaro ijobiy aloqalarni yo‘lga qo‘yganligimizdan mamnunmiz va bankning kichik o‘rta biznes tarmog‘i, shuningdek suv xo‘jaligi kabi yo‘nalishlardagi faoliyatini yuqori baholaymiz”,- deydi IFC menejyeri Mexmet Mumdjuoglu.   

Qayd etilishicha, Turonbank va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga olib chiqilishi bankni xususiylashtirish jarayonlarini yanada tezlashtirishga xizmat qiladi. Bu orqali esa mijozlar bazasini oshirib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini bir necha karra yaxshilash, biznes vakillari uchun taklif etiladigan mahsulotlarning turlarini ko‘paytirish, natijada bankni agrosavdo va chakana xizmatlar yo‘nalishida yanada rivojlangan tijorat moliya muassasasiga transformatsiya qilish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, o‘z faoliyatida suv resurslaridan foydalanuvchi mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni moliyalashtirish uchun investitsiyalarni keng jalb qilish orqali «Moviy» usuldagi moliyaviy bank bo‘lish imkoniyatlarini o‘rganish ham rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: