Samarqand sammitida BMT komissiyasi va ShHT o‘rtasida memorandum imzolanadi

O‘zbekiston 08:46 / 11.08.2022 2036

2022 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov BMT bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ijrochi kotibi Armida Alisjabana bilan onlayn shaklda muzokaralar o‘tkazdi.

A.Alisjabana respublika rahbariyatining Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlari xalqaro hamjamiyat yuksak bahosiga munosib ekanini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi o‘rtasidagi hamkorlik aniq yo‘nalishlari, komissiya bo‘lajak xalqaro tadbirlarida respublika vakillari ishtiroki muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Toshkentda BMT shafeligida Transport va kommunikatsiyalar o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini yanada targ‘ib qilish va amaliy hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

A.Alisjabana joriy yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanhay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, uning doirasida Osiyo va Tinch okeani bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va ShHT o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: