Qarshidagi kanaldan jasadi topilgan yigit voqeasi: marhumning yaqinlari bu tabiiy o‘lim bo‘lganiga ishonmayapti

Jamiyat 14:08 / 11.08.2022 22901

Marhumning akasi Dilshod Karimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tergovga qadar surishtiruv harakatlari sust ketayotgani, sud-tibbiy ekspertiza xulosasi cho‘zilayotganini ma’lum qildi.

Dilshod Karimovning aytishicha, ukasi Islomni 11 iyul kuni 23:00 lar atrofida Asad ismli tanishi telefon orqali chaqiradi. Asad o‘zi ishlayotgan korxonada hamkasblari bilan tortishib qolganini aytadi. Islom o‘sha joyga tanish haydovchi bilan yetib borganida, ularni bir guruh yigitlar kutib turgan bo‘ladi. Mushtlashuv yuzaga keladi. Bu orada Islomni olib borgan haydovchi ham, uni chaqirgan Asad ham voqea joyidan qochadi. Islomning o‘zi kaltaklar ostida qoladi – o‘sha kuni oqshom u uyga qaytmaydi.

Ertasi kuni yigit suvga cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan favqulodda vaziyatlar xodimlari, huquq-tartibot idoralari voqea joyini ko‘zdan kechiradi. G‘avvoslar jalb qilinadi, biroq natija bo‘lmaydi.

Islom voqeadan uch kun o‘tib, 14 iyul kuni Qarshi magistral kanalining quyiroq qismidan o‘lik holda topiladi.  

Dilshod Karimov o‘sha kuni ukasi kaltaklanganiga bevosita guvoh bo‘lganlar borligini aytadi. Biroq u marhumning yaqinlari, guvohlar jiddiy so‘roq qilinmayotganidan taajjublanmoqda. 25 kundan ortiq vaqt o‘tsa-da, ekspertiza xulosalari chiqmayotgani, ukasini urgan yigitlarga nisbatan hech qanday chora qo‘llanmayotgani uning ko‘ngliga shubha solmoqda. «Ishni bosti-bosti qilib yuborishlaridan qo‘rqaman», deydi aka.

Islomning onasi Sabohat Xidirova bilan ham suhbatlashdik. Ona farzandining sodda va boshqalarga doim hamdardlik hissi bilan yashaganini aytmoqda. Ayol shu kunlarda kenja o‘g‘liga kelin olmoqchi bo‘lib yurgani, biroq dog‘da qolganini yig‘lab aytib berdi.

Biz asosiy guvoh – 11 iyul kechasi Islomni chaqirgan tanishi Asad bilan u kaltaklangan joyda suhbatlashdik. Asadning aytishicha, o‘sha kuni o‘zi ishlayotgan korxonadagi yigitlar bilan ziddiyatga borib qoladi. Natijada o‘zi akasidek ko‘rib yurgan Islomni yordamga chaqiradi.

Asad Islom kanaldan topilgan kunda, voqeaning issig‘ida u bilan prokuratura va IIB vakillari umumiy tarzda bir marta suhbatlashganini bildirdi. Biroq uni organ xodimlari qaytib chaqirmagan.

«Islom akani oxirgi marta ko‘rganimda, uni tepishayotgandi, bir necha kishi bo‘lib unga yopishishdi», deydi Asad.

Islom Karimov bolaligidan sport bilan mustaqil shug‘ullanib kelgan. Uning oila a’zolari aynan Qarshi magistral kanalida cho‘milib katta bo‘lganini aytmoqda. Shu sababli kaltaklanib ojiz holatga keltirilmagan yoki avval o‘ldirilib, suvga tashlab yuborilmagan bo‘lsa, u aslo cho‘kib ketmasligiga ishonishmoqda.

Marhumning akasi Dilshod Karimov ko‘z o‘ngimizda o‘zini kanalga tashladi. U narigi qirg‘oqqa suzib o‘tib, nafas rostlamasdan yana ortga qaytdi. Shu harakati orqali o‘zidan jismonan baquvvat bo‘lgan ukasi uchun kanaldan suzib chiqish muammo bo‘lmasligini isbotlashga urindi.

Biz marhumning yaqinlari bildirgan e’tirozga asosan Qashqadaryo viloyat prokuraturasidan izoh olmoqchi bo‘ldik. Viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari Sohibjon G‘aybullayev biz bilan suhbatda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani, ekspertiza xulosasi kutilayotganini ma’lum qildi. Mas’ul bundan ortiq ma’lumot qo‘shimcha qila olmasligini bildirdi.

Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: