O‘zbekiston - Serbiya qishloq xo‘jaligi ilmiy markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:19 / 11.08.2022 863

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda 2022-2026 yillarda urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasiga asosan urug‘chilik va ko‘chat yetishtirishni rivojlantirish milliy dasturi ishlab chiqilgan.

Quyidagilar milliy dasturni amalga oshirish ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • qishloq xo‘jaligi ekinlari nav mualliflari va nav originatorlarini huquqiy himoya qilish hamda rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlarini yuqori hosildor, sifat ko‘rsatkichi jahon andozalari talablariga mos bo‘lgan navlarni belgilangan tartibda xorijdan olib kelish va mahalliy navlar hamda duragaylarni yaratish;
  • sohada faoliyat ko‘rsatadigan ilmiy muassasalar va urug‘chilik xo‘jaliklari kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
  • kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va kadrlar malakasini oshirish yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash va xorijiy ekspertlarni jalb qilish;
  • in-vitro laboratoriyalari sonini 6 tadan 10 taga yetkazish hisobiga yiliga o‘rtacha 26 mln dona virusdan xoli mahalliy, xorijiy seleksiyaga mansub meva va uzum navlari ko‘chatlarini tayyorlash;
  • urug‘liklarni yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash va iste’molchilarga yetkazib berish borasidagi infratuzilmani moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash hamda xizmatlar ko‘rsatish tizimini rivojlantirish;
  • urug‘chilik va ko‘chatchilikda istiqbolda erishish ko‘zda tutilgan indikatorlarni aniqlash hamda investitsiya uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va mevali daraxtlar ko‘chatlari bilan ichki ehtiyojni to‘liq qondirishni inobatga olgan holda ishlab chiqarish tizimini yaratish, sifatli urug‘liklar va ko‘chatlar eksporti hajmini oshirish.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining:

  • Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini rivojlantirish milliy markazi tasarrufida O‘zbekiston - Serbiya qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘chiligi ilmiy markazi;
  • Turkiyaning Gaziantep pistachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda Toshkent davlat agrar universiteti huzurida O‘zbekiston - Turkiya pistachilik ilmiy markazini tashkil etish taklifiga rozilik beriladi.
Ko‘proq yangiliklar: