“Jadidlar” to‘plami. Bu tashabbus nega birdek iliq qarshi olinmadi?

O‘zbekiston 12:09 / 11.08.2022 14037

“Jadidlar” to‘plami o‘zbek jadidchiligining 8 nafar yirik vakili: G‘ulom Zafariy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, asarlari haqida kitobxonga qisqa ma’lumot berishga harakat qiladi. To‘plam Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan lotin alifbosida nashr etilgan.

O‘rtacha 150 betli 60x84 bichimidagi kitobchalar qutilarga solingan shaklda kitobxonlarga taqdim etildi. Agentlikning ma’lumot berishicha, to‘plam ustida 4 oy davomida 20ga yaqin mutaxassis ishlagan. To‘plamdagi 8 kitobga 8 nafar jadidshunos olim mualliflik qilgan. Ular orasida jadidshunoslikning darg‘alari sanalgan Hamidulla Boltaboyev, Bahodir Karimov kabi olimlar bor.

Har bir jild „Adib hayoti“, „Faoliyati va ijodi“, „Hikmatli so‘zlari“, „E’tirof“ hamda „Foydalanilgan adabiyotlar“ bo‘limlariga bo‘lingan.

Loyiha uchun 1,5 mlrd so‘m ajratilgan

Agentlik rahbari Alisher Sa’dullayevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, “Jadidlar” to‘plamini tayyorlash va 23 ming (har bir to‘plamda 8tadan jami 184 mingta kitob) nusxada chop etish uchun agentlik tomonidan 1 mlrd 416 mln 800 ming so‘m mablag‘ ajratilgan.

“Jadidlar” to‘plamidagi har bir kitobni yozish uchun mualliflarga 10 million so‘mdan gonorar ajratilgan. Har bir to‘plam o‘rta hisobda 61 600 so‘mga, har bir kitobcha esa 7 700 so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Budjetning boshqa xarajatlari bilan taqqoslab, foydali yo‘nalishdagi kitoblarga ajratilgan mablag‘ni kamtarona deyish mumkin. Biroq tanqidchilar bu to‘plamning jadidlar haqida chiqarilgan birinchisi ham, mukammali ham emasligi, mukamallikka da’vo qilmaydigan to‘plamni nashr qilish nega kerak bo‘lganini so‘rashmoqda.

Alisher Sa’dullayevning aytishicha, nashrdan maqsad – “Jadidlar” kitobi to‘plamini aholi, jumladan, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish orqali ma’rifatparvar jadid bobolarimiz haqida har bir yoshning xabardorligini oshirish hisoblanadi.

Agentlik rahbarining fikri bir qaraganda umumiy gapga o‘xshab tasavvur uyg‘otadi. Chunki jadidlar haqida oldin nashr etilgan to‘plamlar ham keng ommaga mo‘ljallangandi va jadidlarni tanitish maqsad qilgan. Xo‘sh, unda “Jadidlar”ning o‘ziga xos jihati nimada?

“Kitoblar maktab o‘quvchisiga tushunarli bo‘lishi uchun yozildi”

Bu savolga to‘plamning “Abdulla Qodiriy” kitobi muallifi, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov javob berar ekan, kitobga har qachongidan ham ishonchli bo‘lgan, bahsli bo‘lmagan ma’lumotlar kiritilgani, ayrim ma’lumotlar keng jamoatchilik uchun ham yangi ekanini ta’kidlaydi.

— Kitobning 8ta bo‘lishining sababi yon tomondan qaraganda “Jadidlar” degan yozuv ko‘rinishi uchun edi. Lekin jadidlar bundan ancha ko‘p. Agentlik tashabbus qiladigan bo‘lsa, yana 8tasini chiqarishimiz mumkin. Kitoblar maktab o‘quvchisiga tushunarli bo‘lishi uchun yozildi. Dalillar o‘quvchilarni ikkilantiradigan bahsli, muammoli bo‘lmasligi kerak edi. O‘quvchilarning qo‘liga yetib borayotgan kitoblarga mutaxassislar 1-2 yil emas, 10 yil, chorak asr davomida yig‘ib yurgan fikrlarning qaymog‘ini kiritdilar.

Va bu yerda muhim bir jihat bor: jadidlarning o‘zi kimlar, jadidlar degan so‘zning ma’nosi nima, jadidlarning maqsadlari nimadan iborat bo‘lgan, degan qirralarni qamrab olishga va o‘quvchilarga taqdim etishga harakat qilindi. Bu kitobning muhim jihati – bugungi o‘quvchi fikrini tarbiyalaydi, Vatan, millat taqdiriga befarq bo‘lmaslikka undaydi.

Yana bir jihat bu – kitobga kiritilgan ayrim gaplar yangi. Chunki mualliflar ayrim ma’lumotlarini noyob fondlardan topib, ilmiy konferensiyalarda yoki 100-200 dona nashr qilingan kitoblarida ma’lum qilgan. Ular ko‘pchilik uchun yangi, deydi olim.

“Maqsadimiz kitobni o‘qitish emas, manbani izlab topib o‘qishsin”

To‘plamni nashr etilish maqsadlari haqida “Abdurauf Fitrat” kitobini tayyorlagan professor fitratshunos Hamidulla Boltaboyev ham fikr bildirdi. Olim kitobning rasmini ijtimoiy sahifalarga qo‘ygandan ko‘ra, uni o‘qib xulosalarni ommaga bildirgan afzalroq deydi.

— Kitobni tarqatishda avvalo uni egasiga, qiziquvchiga berish kerak. Kimnidir targ‘ib qilib qiziqtirish masalaning bir tomoni, lekin ikkinchi tomoni – kitob o‘z egasiga yetib borishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boryapman. Ko‘proq kitob o‘qiganlar emas, kitob olmoqchi bo‘lgan va olganlarning minnatdorchiliklaridan iborat bo‘lib qolyapti. Mana shu 8 ulug‘ jadid bobolarimizning hayotini birdaniga hammasini o‘qib bo‘lmaydi: tanlab olib o‘qib, shular bo‘yicha savol-javob bo‘lishini istardim.

Ertaga mening kitobimni o‘qigan odam, Fitratning asarini o‘qishga rag‘bat sezsa, ana shunda maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. Maqsadimiz – kitobni o‘qitish emas, manbani izlab topib o‘qisin, deydi u.

Tekinga tarqatilish sababi

Kitobning jadidlar haqida oldin nashr etilganlaridan yana bir farqi – u tekinga tarqatilmoqda.

To‘plam ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilganlarga, professor-o‘qituvchilarga, talabalarga, o‘quvchi-yoshlarga, vazirlik, idora va tashkilotlar xodimlariga – barcha murojaat qilganlarga birdek yetkazib beriladi, dedi Sa’dullayev.

Agentlik rahbari to‘plamni avgust-sentabr oylari davomida maktablar, professional ta’lim muassasalari, oliy ta’lim muassasalariga – barcha ta’lim tashkilotlarining kutubxonalariga mutlaqo bepul yetkazish rejalashtirilgani, kitob barcha ta’lim muassasalariga to‘liq yetkazib berilganidan keyin sotuvga chiqarilishini aytdi.

“Agar ta’lim muassasalariga to‘liq yetib bormasdan turib sotuvga chiqsa, bitta narsadan qo‘rqyapmiz, yarim yo‘lda o‘sha kitob sotuvga chiqib ketishi mumkin”, – deya tushuntirdi Sa’dullayev kitob tekin tarqatilishi sababini.

“Abdurauf Fitrat” kitobi tahlili

Yutuqlar

To‘plamning Fitratga bag‘ishlangan kitobini professor Hamidulla Boltaboyev yozgan. 144 betdan iborat kitob adib hayoti, ijodi, hikmatli so‘zlar, e’tirof, foydalanilgan adabiyot kabi 5 bo‘limga ajratilgan.

Fitratning hayoti yozilgan qism maktab darsliklariga kiritilmagan, ko‘pchilikka noma’lum bo‘lgan ma’lumotlar bilan to‘yintirilgan.

Masalan, kitobning 9-sahifasida o‘zbek tilidagi ilk darslik “Ona tili”ni nashr qildirgan Fitrat bo‘lgani, u shuningdek, Buxoro ilmiy jamiyatini tuzgani va jamiyat bilan “Buxoro arki tarixi” asarini chop ettirgani aytilgan. Shuningdek, kitobda frunzechilar tomonidan to‘pga tutilib, vayrona holiga kelgan Buxoro me’moriy obidalari va shahar suv inshootlarini tiklash ishlariga ham Fitrat bosh bo‘lgani aytilgan. Bu ma’lumotlar Fitrat asarlari joy olgan 8-sinf adabiyot darsligidan topilmaydi.

Yana bir muhim jihat shuki, jadid hayoti qismiga 1921 yil 23 sentabrda Fitrat tahriridan chiqqan Buxoro xalq sho‘rolar jumhuriyati Konstitutsiyasi qabul qilingani ma’lumoti kiritilgan. Bu kitobxonni o‘sha paytda uzoq yillar monarxiya yo‘li bilan boshqarilgan davlatni demokratik islohotlarga yetaklagan yo‘lboshlovchilar kim bo‘lgani bilan tanishtiradi.

Ijodiga bag‘ishlangan qismida Fitrat asarlarining shirasi: uning she’riyati, publitsistikasi, nasriy asarlari, dramalari, ilmiy merosi, tilshunosligi, adabiyotshunosligiga oid sara namunalardan parchalar berilgan.

Masalan, Fitratning “Qiyomat” hikoyasidan berilgan parchalarni o‘qib, kitobxon uni topib o‘qishga rag‘bat sezadi. Shuningdek, adibning “Xudosizlar” jurnalida chop etilgan “Zahroning iymoni”, “Qiyshiq eshon”, “Me’roj”, “Oq mozor” hikoyalari bosilgani ham keng jamoatchilik uchun yangilik bo‘lsa kerak.

Kitobda Fitratning tilshunoslik sohasiga qo‘shgan hissasi ham ixcham va tushunarli usulda yoritilgan. Uning “Tilimiz” maqolasidan keltirilgan ushbu parcha bugun ham ahamiyatini yo‘qotmagan:

“Dunyo sahnasida iyaru taqlidning rolin hech bir millat biz turklar kabi ado eta olmaganlar. Biz qaysi bir millatning qaysi bir narsasiga taqlid etmoqchi bo‘lsak, o‘zimizning milliy ruhimizga qaramasdan taqlid etamiz”.

Kamchiliklar

Kitobning o‘lchami o‘qishga biroz noqulaylik tug‘diradi. To‘g‘ri, uni cho‘ntakda olib yurish mumkin, lekin kitob kichikligi uchun mutolaa davomida qo‘ldan chiqib ketaveradi. Ikkinchidan, satrlarning bir tarafi kitob sahifasi tikilgan joyga yaqin, bu esa satrni to‘liq o‘qishni qiyinlashtiradi. Buning uchun kitobni kuch bilan ochish talab etiladi va natijada kitobga shikast yetishi mumkin.

Fitratning hayoti haqida berilgan ma’lumotlar tadrijiylik asosida berilgani kitobxonni chalg‘itmay voqealarni kuzatish imkonini beradi. Biroq hayotiga oid ma’lumotlar biroz xronologiyaga o‘xshab qolgan. Ya’ni bo‘lgan voqea va yili keltirilganidan tashqari, o‘sha paytdagi siyosiy vaziyat va voqea sabablariga oydinlik kiritilishi kerak.

Masalan, kitobda “…. Bunday maktablar Abduvohid Burhonov va Mirkomil Burhonovlar tomonidan ochilgan bo‘lib, 1919-1920 yillarda Buxoro inqilobiy xodimlarining katta qismini tayyorlab bergani manba bo‘ldi… Eski jadidlarga A. Burhonov, so‘l jadidlarga Fitrat boshchilik qildi. Nihoyat ular murosaga kelishib, “Yosh buxorolilar” partiyasini tashkil qildilar”, degan ma’lumot bor. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nega jadidlar 2 toifaga bo‘lingan va matndagi “murosaga kelishib” deyilgani nimaga ishora? Jadidlar orasida qandaydir kelishmovchilik bo‘lganmi? Agar shunday bo‘lsa, eski jadidlar nimani xohlagan va yangi jadidlar-chi, degan savol tug‘iladi. Shularga izoh berib ketilsa, foydali bo‘lar edi. Chunki voqeaning sababi uni eslab qolishni oson va qiziqarli qiladi.

“So‘l jadidlar” namoyish boshlamoqchi bo‘lgani haqida gapirilgan o‘rinda ularda namoyish o‘tkazish fikri qanday paydo bo‘lganiga izoh berilmagan. Shuningdek, amir namoyishchilarni o‘qqa tutgani haqida ma’lumot berilib, darhol Fitrat Samarqandga ketgani haqida gapirilgan.

Tarixiy manbalarda amir va “So‘l jadidlar” o‘rtasida jiddiy to‘qnashuv bo‘lgani, jadidlar halok bo‘lgani, namoyishchilar nega yengilgani haqida ham ma’lumotlar bor. Taxminimizcha, bu kabi ma’lumotlar kitobni kattalashtirib yubormaslik uchun kiritilmagan bo‘lishi mumkin. Lekin kitobxon uchun amir va jadidlar orasidagi tarixning burilish nuqtasi doimo qiziq. Bir so‘z bilan aytganda, Fitratning siyosiy faoliyati haqida kam ma’lumot berilgan.

Fitratning Buxoroda o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qildirishda qo‘shgan hissasi haqida yozilgan o‘rinda Buxoroda o‘sha paytda qaysi til davlat tili bo‘lgani haqida ham ma’lumot berib ketish o‘rinli bo‘lardi. Til masalasida qandaydir chalkashliklar yoki ziddiyat bo‘lgani tushuntirilib, o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qilishning ahamiyatini ko‘rsatib berish kerak edi. Chunki til masalasi hamma davrlarda ham katta islohot sanaladi.

Kitobda Fitratning qamoqqa olinishi, unga qanday ayblar qo‘yilgani va vafoti haqidagi ma’lumotlarga o‘rin berilmagan. Fikrimizcha, millat fidoyisining so‘nggi kunlari, unga qo‘llangan adolatsizliklar haqida avlodlar ko‘proq bilishga haqli.

Kitob maqsadiga erishganini bilish mumkinmi?

Tayyor yo‘llarni buzib, ularni qayta qurish yoki turli tadbirbozliklar uchun milliardlar ajratishdan ko‘ra, kitobga mablag‘ ajratib, uni yozishni olimlarga topshirish e’tirofga loyiq, albatta. Aholimizning jadidlar faoliyatidan xabardorligi uyuyatli darajada ekanini hisobga olsak, bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p.

Afsuski, to‘plab tarqatila boshlaganiga 2 oydan oshgan bo‘lsa-da kitob kim uchun qay darajada foydali bo‘lgani haqida kam gapirilyapti. Kitobxonlarning shaxsiy sahifalarini asosan kitob bilan tushilgan rasmlar egallayapti, taqriz va mutolaa mulohazalarini deyarli uchratmaysiz.

Yana bir ochiq qolayotgan savol shuki, kitobni tekin tarqatish uni ko‘proq odam o‘qishiga yordam beradimi, bu targ‘ibot usuli ish berarmikan?

Balki kitob qanchalik o‘z maqsadiga erishganini bilish uchun bir necha yil vaqt kerakdir. Agar kitob olganlar o‘z sahifalarida kitobni olganlari haqida emas, o‘qiganlari, undagi ma’lumotlar haqida ham postlar qo‘ysalar, kitob ma’lum ma’noda o‘z maqsadiga yetgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kitobni olganlar yoki uni o‘qiganlar o‘rtasida tadqiqot, so‘rovnomalar o‘tkazish orqali ham buni aniqlasa bo‘ladi.

Biroq ko‘pchilikning ichida bir hadik kezib yuribdi: kitobga mehrimiz bilan maqtana olmay qolganimizni inobatga olsak, to‘plamlar targ‘iboti bilan har qancha shug‘ullanmaylik, ular maktablar, tashkilotlar, o‘quvchilar tokchalarida chang bosib qolmasmikan?

Umuman, maqsad aholining, ayniqsa yoshlarning jadidlar haqidagi xabardorligini oshirish ekan, ular kunini o‘tkazayotgan internet va mediada targ‘ibotning zamonaviy, original va badiiy ta’sirchan usullarini ham qo‘llash kerak emasmikan?

Zuhra Abduhalimova, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: