2017 yildan daromadlar o‘sdi, faqat shu paytgacha yuqori daromad olganlarniki – Jahon banki

Iqtisodiyot 13:06 / 11.08.2022 26262

“O‘zbekiston: mamlakatning ikkinchi tizimli diagnostikasi” hisobotida Jahon banki oxirgi 20 yil ichida kambag‘allik darajasining pasayishi qoniqarsiz darajada bo‘lgani haqida xulosaga keldi.

“Oxirgi yigirma yil ichida kambag‘allik darajasi barqaror ravishda pasayib bordi, ammo iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari hisobga olinsa, pasayish sur’ati qoniqarsiz darajada bo‘lgan”,– deyiladi hisobotda.

Kambag‘allik darajasi pasayganmi?

“Kam ta’minlangan aholi”ning rasmiy ta’rifiga muvofiq, kambag‘allik darajasi 2000 yildagi qariyb 28 foizdan 2019 yilda 11 foizga pasaygan. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2018 yilga kelib mamlakatda kambag‘allikning eng og‘ir shakllariga deyarli barham berilgan. Shunga qaramay, aholi jon boshiga daromadlar darajasiga ko‘ra o‘rta daromadli mamlakatlar quyi guruhiga mansub mamlakatlar uchun qo‘llanadigan kambag‘allik mezonlaridan foydalangan holda baholanganida, o‘sha yili O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi mamlakat jami aholisiga nisbatan 9,5 foizni tashkil etgan.

20 yilda aholi daromadlari qanday o‘zgardi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda kambag‘allikning og‘ir shakllari kam uchrasa-da, so‘nggi o‘n yillikda aholi turmush farovonligining yanada yaxshiroq standartlariga erishish borasidagi siljishlar ancha sekinroq kechdi, ayniqsa mamlakatda iqtisodiy o‘sish sur’atining tarixan qayd etilgan ko‘rsatkichlarini hisobga olsak. Aholi jon boshiga daromadlar darajasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan o‘xshash mamlakatlarda aholi jon boshiga YaIM ko‘rsatkichining har 1 foizga o‘sishi kambag‘allikning milliy chegarasidan past darajada hayot kechiruvchi aholi sonining odatda 3,3 foizga qisqarishiga olib keladi, biroq xomashyo eksport qiluvchi mamlakatlarda bu ko‘rsatkich biroz pastroq. Ammo 2009-2014 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda kam ta’minlangan aholining ulushi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan ikki karra sekinroq sur’atlarda kamaygan va 2015-2019 yillarda esa qisqarish sur’ati bor-yo‘g‘i 1,1 foizni tashkil etgan. 2017 yildan keyingi davrda daromadlar o‘sishi tezlashganiga qaramay, mazkur o‘sish shu davrgacha ham eng yuqori daromadga egalik qilib kelgan aholi qatlamiga ko‘proq sezildi. Daromadlar o‘sishi daromadlarning taqsimlanish ko‘rsatkichi bo‘yicha quyida joylashgan 40 foiz aholi uchun ancha sekin sur’atlarda qayd etildi.

Jahon banki mamlakatda iqtisodiy o‘sishning kambag‘allikni qisqartirish jarayonlariga ta’sir qilish darajasi asta-sekin pasayib borayotgani haqida xulosa qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: