Senat Oliy sud va Konstitutsiyaviy sud sudyaligi uchun prezident taqdim etgan nomzodlarni tasdiqladi

O‘zbekiston 18:06 / 10.08.2022 27981

10 avgust kuni videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining o‘ttizinchi yalpi majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim qilingan nomzodlar lavozimga tasdiqlandi.

Xususan, Oliy sud raisi lavozimiga Baxtiyor Jahongirovich Islomov nomzodi tasdiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Oliy sud raisi lavozimida ishlab kelgan Kozimjon Komilov salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan. Senat yalpi majlisida uni lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti tomonidan taqdim etilgan Konstitutsiyaviy sudning yangi tarkibi Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullangan nomzodlar yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Bunda yangi saylangan tarkib Konstitutsiyaviy sudning amaldagi tarkibi o‘z faoliyatini yakunlaganidan so‘ng ishga kirishishi belgilandi.

Senat axborotida Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga saylangan shaxslarning ism-familiyalari keltirilmagan.

Konstitutsiyaviy sud sudyaligiga prezident tomonidan quyidagi nomzodlar taqdim qilingan edi:

  • Balkibayeva Janagul Ismoilovna;
  • G‘afurov Asqarjon Boyisovich;
  • Davletova Karomatjon Xudoybergenovna;
  • Ismaylov Raxat Aminbayevich;
  • Rahimov Abdumannob Qo‘ziyevich;
  • Rahmonov Akmal Ergashevich.

Shuningdek, salomatligi tufayli o‘z xohishi bilan egallab turgan lavozimidan ketgan Oliy sud raisi Kozimjon Komilov Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga taqdim qilingandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudiga 2021 yil fevralidan buyon Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov raislik qilib kelayotgandi.

Ko‘proq yangiliklar: