Sallasi desa kallasi. Farg‘onada 87ta daraxt kesib tashlandi

O‘zbekiston 16:11 / 10.08.2022 16585

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 4 iyul kuni Farg‘ona viloyat Ekologiya boshqarmasiga O‘zbekiston tumani «Qirqketmon» MFY hududida manzarali daraxtlar kesilayotgani haqida xabar kelib tushgan. Boshqarma xodimlari voqea joyiga yetib borganida tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari daraxtlarni kesishayotgani ustidan chiqishgan.

O‘rganishlar natijasida hududda 48 tup ko‘p yillik sosna, 9 tup shumtol va 30 tupdan ortiq mevali daraxtlar ostidan kesilgani aniqlangan. O‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar esa 856 500 000 so‘mni tashkil qilgan.

Farg‘ona viloyati «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ ma’lumotiga ko‘ra, «Qirqketmon» MFY raisining 20 iyun kungi aloqa xatiga asosan, tuman elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 2022 yil 4 iyul kuni 966-sonli naryad chiqarilgan. Murojaat asosida hududni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi 10 kVli «Tutzor-1» elektr uzatish tarmog‘i muhofaza zonasiga tegib turgan daraxt shoxlari tozalanishi belgilangan. Daraxt kesish jarayonida mahalla raisi hamda hududda yashovchi fuqarolar tomonidan noqulay ob-havo vaqtida mazkur tarmoqda avariyali uzilishlar bo‘layotgani, jumladan shamol vaqtida daraxtlar egilib, tarmoqqa tegishi natijasida yong‘in kelib chiqqani, bu esa inson hayotiga xavf solishi mumkinligi ta’kidlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2016 yilda shu hududda yashagan marhum M.M. daraxt shoxi sinib tushishi oqibatida kuchlanish ostiga (tokka) tushib vafot etgan. Mahalla faollari tomonidan bunday holatlar qayta sodir bo‘lmasligi uchun daraxtlarni ostidan kesib tashlash so‘ralgan.

O‘zbekiston TETK rahbari Jasur Meliyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda daraxt kesilishi holatini elektr liniyasi atrofidagi 10 metr bo‘lgan muhofaza zonasini bo‘shatish bilan izohladi.

«Qirqketmon» MFY raisi daraxtlarni butab berishlarini so‘rab xat chiqargan edi. 2016 yilda fuqarolardan biri shu daraxtlar sabab vafot etgani uchun aholi tashvishda yashagan. Chunki daraxt shoxlari tarmoqning simlari orasigacha kirib ketgan.

«Mahallada bolalar bog‘chasi joylashgan. Yog‘ingarchilikda kuchlanish yerga o‘tib ketsa, fuqarolar bilan biror kor-hol ro‘y bersa, qarorlar ijrosi ta’minlanmagani uchun men aybdor bo‘laman. Bunday holatda ekologiya bir chetda qolib ketadi», — dedi TETK rahbari Jasur Meliyev.

J.Meliyev daraxtlarni kesishdan oldin Ekologiya boshqarmasini ogohlantirmaganini tan oldi.

«Daraxtlar kesilishdan oldingi holatda ularning shoxlari elektr simining orasigacha kirib ketganini ko‘rishingiz mumkin. Tumanimizda bunday holatlar ko‘plab topiladi. Tarmoq ostiga ekilgan daraxtlar ish faoliyatimizga zarar ko‘rsatmay qolmaydi: avariyali o‘chishlarga sabab bo‘ladi, ikki sim bir bo‘lib qolsa avtomatni kuydiradi, kuchlanishda yo‘qotishlar bo‘ladi», — dedi u.

Rahbar daraxtlarni ostidan kesib tashlamay, ularning faqat shoxlari butalganida quruq kaltakni yerga suqib qo‘ydandek ayanchli ko‘rinish aks etishi, mahallaning ko‘rkini ham buzishi mumkinligini ta’kidladi.

«Qolaversa, tol daraxtini kesganimiz bilan u tez orada yana ko‘kka bo‘y cho‘zib yana tarmog‘imizga zarar yetkazadi. Sosna daraxti ham xuddi shunday. Yana qaytaraman, daraxt shoxlari sim orasigacha kirib ketgan bo‘lib, elektr liniyasi atrofining 10 metrgacha bo‘lgan muhofaza zonasini bo‘shatib qo‘yishim kerak edi. Men 10 yillik qarorlar ijrosini bajardim xolos», — deydi tuman ETK rahbari Jasur Meliyev.

 

«Qirqketmon» MFY raisi Rustam Mamatovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, haqiqatan ham 2016 yilda M.M. ismli fuqaro Yoshlar ko‘chasidan o‘tayotganda manzarali daraxtlardan biri elektr simiga qulashi oqibatida vafot etgan.

«Mana shunday salbiy holatlar takror sodir bo‘lmasligi uchun mahalla nomidan TETKga ko‘chadagi elektr simlariga tegib turgan manzarali daraxt shoxlarini butash uchun xat chiqargan edim. Qizim shifoxonada davolanayotgani sababli u bilan ovora bo‘lib qolgan payt TETK xodimlari kelib daraxtlarni tagidan kesib tashlagan. Lekin biz daraxt shoxlarini butab berishlarini so‘ragan edik, ular tagidan kesib tashlashlarini hatto bilmagan edik», — deydi MFY raisi Rustam Mamatov.

Avvalroq Chilonzorda yo‘l kengaytirish ishlari sabab yuzdan ortiq daraxtga zarar yetkazilgani, buning ortidan Chilonzor tumani hokimi va prokurori ishdan olingani, Toshkent shahar hokimi va prokurori esa jazolangani haqida maqola e’lon qilingan edi.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: