Qozog‘iston aviakompaniyalari O‘zbekistonga parvozlar sonini oshirmoqchi

O‘zbekiston 11:50 / 10.08.2022 6028

Qozog‘iston aviatashuvchilari O‘zbekiston va Xitoyga parvozlar sonini oshirish ustida ishlamoqda, deb xabar berdi Inbusiness nashri.

Bu haqda respublika Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Saltanat Tompiyeva moderatorligida bo‘lib o‘tgan onlayn-konferensiyada Air Astana, Qazaq Air va SCAT vakillari aytib o‘tdi. Ular boshqa davlatlar bilan muntazam reyslar tiklangani haqida ham xabar berdi. 

Hozirda Qozog‘istondan 28 davlatning 115 shahriga, jumladan O‘zbekistonga parvozlar amalga oshirilmoqda. Yilning birinchi yarmida mamlakat aviakompaniyalari xalqaro reyslarda 1,2 million yo‘lovchini o‘z manziliga yetkazdi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 60 foizga ko‘p. 

Shu bilan birga, aviatashuvchilar hukumatdan parvozlar geografiyasini kengaytirishda yordam so‘ramoqda. Hozir ular O‘zbekiston va Xitoy shaharlariga yangi yo‘nalishlar tashkil etish, Pokiston bilan havo qatnovlarini yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. 

Aviakompaniyalar ushbu yo‘nalishlarga yuqori talabni qayd etgan, ammo boshqa davlatlarning ruxsatnomalari yo‘qligi uni qoplashni qiyinlashtiradi. Cheklangan taklif chiptalar narxiga ta’sir qilmoqda. 

Qozog‘iston fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi xitoylik hamkasblariga parvozlar sonini ko‘paytirish bo‘yicha bir necha takliflar yuborgan. Yangi yo‘nalishlar va reyslar ochish bo‘yicha so‘rov «O‘zaviatsiya»ga ham yuborilgan, hozir Qozog‘iston tomoni javob kutmoqda, dedi Saltanat Tompiyeva. 

Ko‘proq yangiliklar: