Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi: Asosiy murojaatlar nima haqda?

O‘zbekiston 21:22 / 10.08.2022 11275

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashadi. O‘tgan yilgi uchrashuvda 20 avgust – Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilingach, bu kunda davlat rahbarining ishbilarmonlar bilan uchrashuvlari an’anaga aylanmoqda.

Uchrashuvdan oldin tadbirkorlar murojaatlarini o‘rganish uchun iyun oyida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida maxsus shtab ish boshlagan.

“Shtabga (8 avgust holatiga ko‘ra) 8200dan ziyod murojaat kelib tushgan. Shundan eng ko‘p murojaatlar biznesni moliyalashtirish, soliq tizimi, yer ajratish hamda imtiyoz va preferensiyalar berish borasida. O‘tgan yil bilan solishtiradigan bo‘lsak, ba’zi yo‘nalishlarda murojaatlar kamaygan, buni chiqayotgan farmonlar natijasi deb bilaman. Soliq yukini kamaytirish, davlat organlarining tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga aralashuviga oid murojaatlar ko‘paygan”, – deydi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Dadaxon Jumaniyozov.

Kadastr agentligi mas’ul xodimi Davron Xoliqulovning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkorlardan mulk huquqini tiklash va yer ajratish kabi masalalarda ham ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

“Yer ajratish og‘ir bo‘lgan hududlarda auksionsiz yer berish borasida taklif kiritganmiz. Taklif katta investitsiya kiritaman degan tadbirkorlarga og‘ir hududlardan, masalan Qoraqalpog‘istondan auksionsiz yer ajratishni nazarda tutadi. Hozirda yer ajratish “e-auksion” orqali amalga oshirilyapti, tadbirkorlik sohasi bo‘yicha kimga qancha yer kerak bo‘lsa, auksionda yutib olib foydalanish imkoniyati bor”, – deydi u.

Dadaxon Jumaniyozov tadbirkorlar ko‘proq tizimli muammolarni ko‘tarishlari maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

“Tadbirkorlarimizdan iltimos qilib qolardik, tizimli muammolar yuzasidan takliflarni ko‘proq berishsa, biz ularni o‘rganib chiqqan holda davlatimiz rahbariga o‘rnatilgan tartibda kiritamiz”, – dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shtab faoliyatini boshlagandan 8 avgustga qadar soliq sohasi bo‘yicha 795ta murojaat kelib tushgan. O‘tgan yilning shu davrida bu borada 370ta murojaat kelib tushgan edi. Raqamlar soliq tizimiga oid murojaatlar bu yil o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobarga ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Mfaktor'ga bergan intervyusida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan bu yilgi uchrashuvida “katta o‘zgarishlar” bo‘lishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita tekshirishlarda soliq organlari xodimlarining vakolatlari va tekshirish muddatlarini qisqartirish takliflarini ko‘rib chiqmoqda.

“Tadbirkorlarimiz, butun xalqimiz ko‘radi, ma’murchilik va soliq nuqtayi nazaridan juda katta o‘zgarishlar oldimizda turibdi. Tadbirkorlarimizga yangiliklar va yaxshi xushxabarlarimiz bo‘ladi. Soliq organlarining vazifasi ko‘paymoqda. Lekin hozir tekshirishlarda soliq organlari xodimlarining vakolatlari va tekshirish muddatlarini qisqartirish takliflarini ko‘ryapmiz”, – dedi u.

Qudbiyev imtiyozlarni qisqartirish bo‘yicha ishlanayotgani, individual xarakterga ega imtiyozlarni qisqartirish bo‘yicha topshiriq ham borligini aytdi. Qo‘mita bu bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi uchrashuvda ham tadbirkorlarga bir qator yengilliklar e’lon qilingan edi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Videoperator Javohir G‘ayratov

Ko‘proq yangiliklar: