Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkentni turistlar oqimi bo‘yicha Dubay darajasiga yetkazish orzusini aytdi

O‘zbekiston 14:11 / 10.08.2022 13475

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 8 avgust kuni turizmni rivojlantirish mavzusidagi brifingda so‘zga chiqdi. Bu haqda UzReport telekanali xabar bermoqda.

“Bugungi Toshkent 1994 yildagi Dubaydan zo‘r, aniq ayta olaman. Necha yil bo‘libdi… Sekin-sekin bugun Dubay 80 million* odamni qabul qilyapti. Turizmga juda katta kuch berdi, katta imkoniyatlar [yaratdi], neftga qarab qolmadi. Turizm yo‘nalishida eng yaxshilarini qilishni boshladi va hokazo.

Men o‘ylaymanki, albatta, juda Dubayga yetish qiyindir, lekin yaxshi orzu qilsak, qisman bo‘lsa ham [Dubay darajasida] bo‘lmaymizmi? To‘g‘rimi?” – dedi hokim.

Ortiqxo‘jayev poytaxtda turizmni rivojlantirish maqsadida ishlangan “Salom, Tashkent” videoroligi katta natija berishiga ishontirdi.

“Hammamiz targ‘ibot qilaylik [videorolikni]. Agar: “Senga ishonib targ‘ibot qilgan edik, dekabrda hech kim kelmadi”, desalaringiz, qancha urishsangiz yoki so‘ksangiz, men roziman.

Buni targ‘ibot qilsak, men o‘ylaymanki, bir oy, 20 kundan keyin turistlar yomg‘irday yog‘iladi. Agar hammamiz birga ishlaydigan bo‘lsak, yomg‘irday yog‘iladi. U to 15-20 dekabrgacha boradi. “Rezultati” bo‘yicha sizlar bilan qishda – dekabr oyida sizlar bilan gaplashamiz. Men “rezultat”ga ishlayman”, – ta’kidladi shahar rahbari.

“Salom, Tashkent” roligi:

  • *Ma’lumot uchun, Birlashgan Arab Amirliklarining eng mashhur shahri bo‘lmish Dubayga sayyohlar oqimi pandemiyadan oldingi 2019 yilda ilk marta 16 milliondan oshib, 16,7 mln nafarga yetgan. Dubay 2019 yili turistlar eng ko‘p pul sarflagan shaharlar bo‘yicha Mastercard tuzgan reytingda birinchi o‘rinni egallagan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 609,6 ming nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan. Ulardan 95 foizini MDH mamlakatlaridan kelgan.

Toshkent shahar hokimligining ma’lum qilishicha, 2022 yilning dastlabki 7 oyida poytaxtga 1 mln 742 ming nafar sayyoh kelgan, ularning 318 ming nafari xorijlik, qolgani – mahalliy turistlar. Shaharda 1 kunda 33 ming turistga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning brifingda aytishicha, 3 oy davomida shahardagi 95 ta mehmonxona va 16 ta nomdor restoranga 12 mingta so‘rovnoma tarqatilgan. Ularning 4789 tasiga javob olingan. Maqsad – sayyohlar Toshkentda nimani ko‘rishni xohlaydi, bu yerga yana qanday sabab qayta kelishi mumkinligini aniqlash. Eng ko‘p takliflar infratuzilmani yaxshilash, madaniy dam olish va xizmatlar sohalari hamda obodonlashtirish masalalarida bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: