«Har bir daqiqani qadrlang, o‘zingiz uchun investitsiya yarating» – prezident Arxitektura instituti talabalari bilan suhbatlashdi

O‘zbekiston 17:04 / 10.08.2022 8222

Prezident dastlab to‘liq yangi bunyod etilgan Arxitektura va qurilish instituti bilan tanishdi hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar bilan suhbatda bo‘ldi.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berishicha, davlat rahbari yoshlarni bilim olishdan charchamaslikka chorlagan.

“Bilimga intilgan inson qiyin sharoitda ham, hatto sham yorug‘ida bo‘lsa ham o‘z ustida ishlaydi. Men bu institutni to‘liq qayta qurish, barcha sharoitlar bilan ta’minlash haqida topshiriq berganimda siz kabi yoshlar, qorako‘z farzandlarimning kelajagini ta’minlashni maqsad qilganman. Sizlarga tilagim - har bir daqiqani qadrlang, bilim olish orqali o‘zingizga investitsiya yarating. Unutmang, vaqt shiddat bilan o‘tib ketadi, keyinchalik qo‘ldan chiqarilgan imkoniyatlar uchun pushaymondan foyda yo‘q.

Mana shu insitutning o‘zi bir vaqtlar to‘rtta joyda joylashgandi. Talabalar ham, domlalar ham sarson edi. Moddiy texnik bazasi og‘ir bo‘lgan. Mana, harakat qilsa qilsa bo‘lar ekan-ku. Lekin bu hammasi emas. Biz arxitektura-qurilish ta’limi bo‘yicha klaster ustida ishlashimiz kerak. Kerak bo‘lsa, maktabgacha ta’limdan boshlab ilmiy tadqiqot markazlarigacha birlashib ishlashi kerak. Toki jahon talabiga mos bo‘lgan yetuk kadrlar tayyorlansin” – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum uchun, institut qurilishi 2020 yil 24 iyunda boshlangan va joriy yilning 10 martida yakunlangan.

Loyiha doirasida 4 ta bino, jumladan, 2 ta 5 qavatli o‘quv binosi, 8 qavatli ma’muriyat binosi, 5 qavatli o‘quv-laboratoriya binosi qurilgan, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari to‘liq yakunlandi. Institutda 4 ta fakultet va 23 ta kafedra mavjud bo‘lib, 338 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. 

Institutda 22 ta kunduzgi, 10 ta sirtqi, 6 ta ikkinchi mutaxassislik sirtqi ta’lim yo‘nalishlari va 25 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha jami 6 548 nafar talaba, jumladan 30 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: