SSV: Yuqori texnologik tibbiy yordamga muhtoj sirdaryolik bemorlarga imtiyozli tibbiy yo‘llanmalar berilmoqda

Jamiyat 11:24 / 09.08.2022 5933

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hududlarda o‘tkazilayotgan sog‘lomlashtirish aksiyalari ana shunday bemorlarga katta yengillik bermoqda.

Vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, jami 150 nafardan iborat maxsus guruhning bu galgi geolokatsiyasi Sirdaryo viloyati bo‘ldi.

Tahlillarga ko‘ra, bugun Sirdaryo viloyatida eng ko‘p tarqalgan kasalliklar orasida nafas olish tizimi a’zolari xastaliklari yuqori o‘rinda turadi. Keyingi o‘rinlarni esa qon va qon yaratish a’zolari kasalliklari, ovqat hazm qilish, yurak-qon tomir tizimi xastaliklari band etgan. Bu kabi kasalliklarni davolash, sohaga doir masalalarni tizimli va manzilli hal etish uchun, avvalo, aholining bu boradagi muammolarini o‘rganish hamda ularga ijobiy yechim topish kabi qator chora-tadbirlar talab etiladi.

Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi – birinchi manzil

Dastlab Guliston shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida muammoli masalalar bilan kelgan murojaatchilarni Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari qabul qildi. Tadbir davomida aholi murojaatlari tinglanib, muammoli masalalarni joyida hal etish choralari ko‘rildi. 

12 yoshda orttirilgan dardga 33 yoshda chora topildi

O‘z muammmosiga yechim topgan bir shunday fuqarolardan biri Dilbar Qo‘shoqova — 1989 yilda tug‘ilgan. Guliston shahrida yashaydi. 3 nafar farzandi bor. Ushbu ayolni 12 yoshligidagi dard hamon qiynaydi. Uning aytishicha, bolaligida yerga qattiq yiqilishi tufayli oyoq suyagi yorilgan.  

Oqibatda suyak yemirilib, oqsoqlik boshlangan. Biroq moddiy imkoni yo‘qligi sababli o‘z vaqtida davolana olmagan. Natijada bemorning ahvoli yillar davomida yanada og‘irlashadi. Ayniqsa, ayol uchinchi farzandini dunyoga keltirgach, kasallik yanada zo‘raygan. Qabulda vazirlik mutasaddilari uning murojaatlariga quloq tutdi. Bemorga davlat hisobidan bepul protez qo‘yilib, davolanadigan bo‘ldi.

2 yil infarkt asorati bilan qiynalib yurgan bemorda stentlash amaliyoti o‘tkaziladi

Sayyor qabul davomida o‘z muammosiga yechim topgan yana bir bemor – Olloyor Bo‘tayorov Guliston shahar Sayqal mahallasida yashaydi. 52 yoshda. U 2020 yil infarktni boshdan kechirgan. Shundan beri muntazam davolanib yuradi. Ammo dard chekingani yo‘q. 

O‘tkazilgan sayyor tibbiy qabuldan Olloyor aka ham noumid qaytmadi. Bemorga Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida stentlash operatsiyasi uchun bepul yo‘llanma berildi.

Sayyor qabullar Boyovut tumanida davom etdi

Sayyor tibbiy qabulning keyingi bosqichi Boyovut tumani Taraqqiyot mahallasi hududidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bo‘lib o‘tdi. Qabulda viloyatning barcha hududlaridan kelgan bemorlar jam bo‘ldi. 

O‘tkazilgan tadbirda fuqarolar dastlab ro‘yxatga olinib, elektron tarzda tor soha mutaxassislari ko‘rigiga yo‘naltirildi. Shuningdek, bemor tibbiy yordamga muhtojlik darajasiga ko‘ra tasniflanib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi tuman, viloyat va respublika miqyosida belgilab olindi.

Muammoli masalalar bilan kelgan fuqarolarni Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari qabul qilib, murojaatlariga tezkor yechim topish choralari ko‘rildi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yo‘q aholi vakillariga shu joyning o‘zida davlat hisobidan davolanish uchun yo‘llanmalar rasmiylashtirildi.

Bo‘yin tomirida anevrizma bo‘lgan 4 yoshli bemor poytaxtda operatsiya qilinadi

Xovos tumanida yashovchi Guljahon Abduqodirova ham 4 yoshli farzandining darddan sog‘ayishi uchun sayyor tibbiy qabulga yordam ilinjida kelgan. Ayolning 2018 yilda tug‘ilgan murg‘ak farzandini bo‘yin tomiridagi anevrizma kasalligi qiynaydi. 

Shu vaqt ichida onaning shifo izlab bormagan joyi qolmadi. Ammo natija yo‘q. Bugun esa uning farzandi uchun qilgan murojaati javobsiz qolmadi. Bemor bolaga akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bepul operatsiya qilish uchun yo‘llanma berildi.

Gepatit B ga chalingan 35 yoshli ayol bepul dori vositalari bilan ta’minlandi

Sarvinoz Usmonova 35 yoshda. 2017 yil unga surunkali gepatit V xastaligi tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlarning aytishicha, bu kasallikka chalingan bemorlar uzoq vaqt ushbu virusga qarshi kerakli dori vositalarini ichib yurishi lozim. Aks holda, sirroz va jigar saratoni kabi jiddiy xastaliklarga olib kelishi mumkin. Sayyor qabulda bemor poytaxtdan kelgan malakali shifokorlar tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, bepul dori vositalari bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. 

Ikki tomonlama koksartrozga chalingan bemor shifoxonaga yotqizildi

Bundan tashqari, mutaxassislar bemorlar uyda yotib qolgan, yuqori texnologiyali tibbiy molajalarga muhtoj bo‘lgan bemorlarning uyiga borib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmoqda. 

Ulardan biri Gulistonning Do‘stlik mahallasida yashovchi Orzigul Qodirova bo‘lib, 1966 yilda tug‘ilgan bemor tos sohasidagi og‘riqlar sabab yurishga qiynaladi. Bundan tashqari, qon bosimi oshishidan ham aziyat chekadi. 

Poytaxtdan tashrif buyurgan mutaxassislar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, avvalo, zudlik bilan uni viloyat shifoxonasiga yotqizib, qon bosimini me’yorlashtirish, undan so‘ng bemorda ikki tomonlama koksartroz tashxisiga ko‘ra respublika darajasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bemor uyidan tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib ketildi. 

Shuningdek, Sirdaryoda bo‘lib o‘tayotgan sog‘lomlashtirish aksiyasi doirasida yurtimizning eng malakali va tajribali shifokorlari tomonidan «Guliston tibbiyot klasteri»da og‘ir dardga chalingan, lekin davolanishga qurbi yetmaydigan bemorlarda davlat hisobidan qator murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: