Markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan ko‘p qavatli uylarga “aqlli” gaz hisoblagichlarini o‘rnatish majburiy tartibda amalga oshirilmaydi

O‘zbekiston 19:11 / 09.08.2022 5214

Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 mingta ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlari ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o‘rnatiladi.

“Hududgazta’minot” Vazirlar Mahkamasining “Respublika iste’molchilarining tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga izoh berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yilning oktyabr oyiga qadar respublika hududlarida yer uchastkalarida joylashgan hamda markaziy issiqlik ta’minotiga ulanmagan ko‘p qavatli uylarda “aqlli” gaz hisoblash uskunalarini o‘rnatishni yakunlash kerak. Shuningdek, Navoiy va Buxoro viloyatlarida hamda Toshkent shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan hamda tabiiy gaz iste’moli yuqori bo‘lmagan 11,5 mingta ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlarning ushbu uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur yechim xonadonlarga hisobdonlar o‘rnatilishi noqulayligi va ularning tabiiy gazdan kam iste’mol qilinishini qayd etgan fuqarolarning murojaatlari va takliflarini inobatga olgan holda qabul qilingan.

“Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 396 mingdan ortiq xonadonda bittadan gaz plitasi o‘rnatilgan bo‘lib, ularning gaz iste’mol hajmi oyiga 5 kubometrdan 27 kubometrgachani tashkil etmoqda. Shunga asoslanib, ko‘p qavatli uylarning umumiy iste’mol hajmini monitoring qilish uchun gaz hisoblagichlar uylarning kirish qismidagi umumiy gaz quvurlariga yoki iste’molchi iltimosiga binoan xonadon ichiga o‘rnatib beriladi. Yangi hisoblagichni o‘rnatishni istamagan taqdirda esa iste’molchi eski turdagi hisoblagichni tekshiruvdan o‘tkazib foydalanishi yoki xonadonda yashovchi fuqarolar soniga qarab tabiiy gaz uchun to‘lovni amalga oshirishi mumkin”, deyiladi “Hududgazta’minot” bayonotida.

Qarorda iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berishni “gaz taqsimlash stansiyasi – tuman (shahar) chegarasi – yirik uchastkalarning kirish qismi –iste’molchi” texnologik zanjiri asosida tuman (shahar)lar chegarasidagi quvurlarga 1,8 mingta elektron hisoblagich o‘rnatilishi va “onlayn” monitoring qilish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.

Shuningdek, keyingi uch yil davomida 706,5 mingta xonadonda ikki bosqichli gaz ta’minoti tizimi joriy etilishi va iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz hajmlari balansini avtomatik ravishda shakllantiruvchi dasturiy ta’minot joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 381,3 km yangi gaz quvurlarini qurish, 452,4 km gaz quvurlarini ta’mirlash ham ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarorida texnik sabablarga ko‘ra nazorat qilish imkoniyati cheklangan gaz tarmoqlari xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda yerosti va yerusti gaz quvurlarining texnik jarayonlarini tahlil qilish hamda gaz sizib chiqish holatlarini aniqlash uchun 2 dona uchuvchisiz uchish apparati (dron), georadar va masofaviy gaz detektorlar, 5 dona mobil laboratoriya xarid qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: