Jizzaxda MIB xodimi pichoqlandi

O‘zbekiston 12:00 / 09.08.2022 7930

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 5 avgust kuni Baxmal tumani Kaltatoy qishlog‘ida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan MIB xodimlariga fuqarolardan biri pichoq bilan hamla qilib, xodimlardan biriga tan jarohati yetkazgan.

Ma’lum bo‘lishicha, MIB Baxmal tumani bo‘limi ijrochisi 2 nafar hamkasbi bilan “Qutlug‘obod” MFYga qarashli Kaltatoy qishlog‘ida yashovchi fuqarodan shu qishloqda yashovchi sobiq turmush o‘rtog‘ining bir nafar voyaga yetmagan farzandi foydasiga 15 million so‘m aliment pullarini undirish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudi ijro hujjatiga asosan borgan.

Xonadon sohibi mast holatda aliment pullarini bermaslik maqsadida janjal ko‘tarib, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan xizmat vazifasini bajarayotgan MIB xodimining tanasiga bir necha marotaba urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Oqibatda jabrlanuvchi “qorin bo‘shlig‘ining chap va pastki qismi, ko‘krak qafasining chap biqin sohasi hamda chap yelka sohalariga sanchilib kirgan jarohati” tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Qashqadaryoda MIB xodimini urib, tan jarohati yetkazgan fuqaro ozodlikdan mahrum etilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: