“Hayot sinovlari oldida sportdagi qiyinchiliklar hech narsamas” - paradzyudochi chempion qizlar

Jamiyat 17:34 / 09.08.2022 13601

Sportchilar paradzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lishgan va boshqa qator musobaqalarda munosib ishtirok etib kelishmoqda.

Xosiyatxon Foziljonova hayoti davomida uchragan qiyinchiliklari va sportga kirib kelishi haqida so‘zlab berdi:

“Aslida bu yerga kelishimga sinfdoshim sababchi bo‘lgan. U uyimizga kelib, Andijon shahrida ko‘zi ojizlar uchun dzyudo sport turini o‘rgatishayotganini aytdi. Biz keldik. Bizni Shokir aka Isomiddinov kutib oldi va shundan beri shu yerda shug‘ullanamiz.

Ko‘pchilik ko‘zi ojiz bo‘lsa, nima ham qila oladi, qo‘lidan hech narsa kelmaydi, deyishadi. Hattoki o‘zimga ham nogiron bo‘lsang, uyda o‘tirsang bo‘lmaydimi, seni yetaklab borishga kimning vaqti bor, deydiganlar ham bo‘lgan.

Ba’zida ko‘zim ojiz bo‘lib qolganidan tushkunlikka tushib, barchasini tashlab ketgim keladi. Lekin bunday holatlardan ustozim beradigan motivatsiya tufayli chiqib ketaman”.

Muharramoy Abdusamatova umidsizlikka tushmaslik, mag‘lubiyat alami va erishayotgan yutuqlari haqida gapirib berdi:

“Imkoniyatimiz cheklangani uchun usullarni bajarishimizda qiyinchiliklar bo‘ladi. Kuniga ikki mahal shug‘ullanaman. Hayot qiyinchiliklari oldida sportdagi qiyinchiliklar hech narsa emas.

Menday ko‘zi ojiz, imkoniyati cheklanganlardan tushkunlikka tushmasliklarini so‘ragan bo‘lardim. Doimiy harakat qilishdan to‘xtashmasin, derdim.

Ikki karra O‘zbekiston chempioniman, universitetda 4-bosqich talabasiman. Ota-onam doim meni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning o‘zi mening yutuqlarim.

Turkiyada bo‘lgan musobaqadagi mag‘lubiyatda juda ham alam qilgan. Xuddi butun O‘zbekiston ortimdan qarab turganday his qilganman”.

Xosiyatxon oilaviy sharoiti, yo‘lkira uchun ham pul topa olmay qolayotgan vaqtlari va unga yordam berayotganlarga to‘xtalib o‘tdi.

“Oilada qiyinchilik bo‘ladi. Ba’zida kelib-ketishga sharoit ko‘tarmay qoladi. Dadam va ukam ikkinchi guruh nogironi. Ba’zan yo‘lkira uchun ham pul topa olmay qolaman. Mana shunday paytlarda murabbiyim yo‘lga chiqavering, o‘zim kutib olaman, deb yo‘lkiramgacha beradi”.

Har ikki sportchining ham kelajakdagi orzusi – Olimpiada, Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etish.

Ko‘zi ojiz bo‘lishiga qaramay marrani katta olib, o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘yayotgan bu ikki qahramonimizning orzulari ushalishiga tilakdoshmiz.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.

Ko‘proq yangiliklar: