1,5 mln oylik va boshqalar - ekologiya sohasidagi tizimli muammolar

O‘zbekiston 15:46 / 09.08.2022 31215

“Ekoinspektorlarda hatto ratsiya ham yo‘q”

— Men Janubiy Ustyurt, Hisor qo‘riqxonalarida ekoinspektorlar bilan birga yurganimda ularning quroli yo‘qligini ko‘rib hayron qoldim. Ularga qurol berilmagan. Ular qanday qilib qurolli brakonerlarga qarshi chiqishi mumkin. Bu juda kulgili, shunday holatda ham ularning juda ko‘pchiligi sidqidildan xizmat qilib, jonini xatarga qo‘yadi.

Ikkinchidan, yuqoridagi ikkala qo‘riqxona ekoinspektorlari oddiy ratsiya bilan ta’minlangan. U yerda oddiy mobil operatorlar ishlamagani sabab ekoinspektorlar sun’iy yo‘ldosh orqali ishlovchi ratsiya bilan ta’minlanishi kerak. Chunki masofa ozgina uzoqlashsa, ular bir-birini yo‘qotib qo‘yadi. Xavf tug‘ilsa, bir-birining oldiga yetib kelolmasligi mumkin.

Ekoinspektorlarga aynan milliy gvardiya, ichki ishlar xodimlariga berilgan imtiyozlarning hammasini berish kerak deb o‘ylayman. Chunki ular odam qo‘riqlasa, ekoinspektorlar hayvonot dunyosini qo‘riqlayapti. Shuning uchun ularning vakolatlarini kengaytirish kerak. Bundan tashqari, ekoinspektorlarning oyligi ham juda kam.

Yana bir muammo – qo‘riqxonalarda dronlar yetishmaydi. Hamma qo‘riqxona va boshqarmalarga albatta dronlar berish kerak va qo‘riqlanadigan hudud dronlar kuzatuvi ostida bo‘lishi kerak.

Noyob hayvonlar yashaydigan yerlarning o‘zlashtirilishi

— Afsuski, O‘zbekistonda ekologiya boshqarmalarining hokimliklarga tishi o‘tmaydi. Natijada hokimliklar tadbirkorlarga istagan yerini bo‘lib beryapti. Bo‘lib berilgan hududlarda yovvoyi jonivorlar, Qizil kitobga kiritilganlari ham yashaydi. Ko‘plab aholi vakillari nima uchun tulki kelib, tovug‘imni yeb ketdi yoki ilon uyimga kirdi deb murojaat qiladi. Aslida odamlar o‘sha jonivorlarning uyida yashayapti. Bizda hamma joy o‘zlashtirilgan bo‘lsa, jonivorlar qayerdan ovqat oladi? Shuning uchun tabiiy muhofaza qilinadigan hududlarni ko‘paytirish kerak.

Birgina Yozyovon cho‘lini oladigan bo‘lsak, cho‘l o‘zlashtirilishi natijasida u yerda yashayotgan Qizil kitobga kiritilgan, dunyoning biror joyida yo‘q 5ta endemik kaltakesak yo‘qolib boryapti. Mutaxassislar bu jarayon 4-5 yil davom etadigan bo‘lsa, tadbirkorlarga yer ajratib berish to‘xtatilmasa, o‘sha turdagi kaltakesaklar umuman Yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketadi deyishdi.

Reabilitatsiya markazlari haqida

— Umuman olganda, O‘zbekistonda ekologiya sohasiga oid ko‘p tashkilotlar bor. Bizda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi kabilar bor. Lekin ekologiya, Qizil kitobga kiritilgan jonivorlar, yovvoyi jonivorlar muhofazasiga oid muammolar juda ko‘p. Masalan, O‘zbekistonga ko‘plab hayvonlar noqonuniy olib kiriladi. Ular bojxona xodimlari tomonidan ushlanadi. Xo‘sh, bu jonivorlar taqdiri keyin nima bo‘ladi?

Aslida ular jonivorlarni reabilitatsiya qilish markaziga jo‘natilishi kerak. Bizda bunday markazning o‘zi yo‘q. Natijada ularni Toshkent hayvonot bog‘iga jo‘natishadi. Lekin bog‘ direktori ko‘p marotaba bog‘da hayvonlar ko‘payib ketgani, qo‘shimcha jonivorlarni olishga imkon yo‘qligini aytgan. Viloyatlardagi hayvonot bog‘lari esa o‘ta abgor holatda. Bizga ham shunday reabilitatsiya markazlari kerak.

Bu yerda yana bir mantiqsizlik bor: nega hayvonot bog‘lari, sayyor zooparklar Madaniyat vazirligi tasarrufiga berilgan?

“Ekologiya sohasida ishlab yurgan, lekin sohani tushunmaydigan xodimlar bor”

— Ekologiya sohasiga aynan ekologiya fakultetlarini bitirayotgan mutaxassislarni olish kerak. Afsuski, tizimda “osmondan tushib qolgan” kadrlar ko‘p. Aksariyat holatda ekoinspektor lavozimiga umuman boshqa soha odamlari olinadi. Bu – “perevalochnyy punkt”, ya’ni boshqa ishga o‘tib olish uchun qulay joy bo‘lib qolgan.

Samarqandda ham, Qashqadaryoda ham bir xil holatga guvoh bo‘ldim: Ekopartiyaga o‘zi nima uchun kirganini bilmaydigan odamlar bor. Faqat o‘sha yerda yurib, nomidan foydalanishni maqsad qilganlar bor. Faqat odamlar sonini ko‘paytirish emas, endi sifat uchun ham ishlash kerak.

“Ekopartiya real muammolarni ko‘tarishi kerak”

— Ekopartiyaga keladigan bo‘lsak, Ekopartiyaning xalq orasidagi nufuzini oshirish kerak, buning uchun partiya faqat PR bilan shug‘ullanmasdan, aynan joylardagi real muammolarni ko‘rcatishi kerak. Chunki odamlar hozir ekopartiyaga nisbatan ham juda salbiy fikrga borib qolishgan.

Men o‘zim ularning qilayotgan ishlarini bilaman. Lekin real ravishda ularning qilayotgan ishi unchalik ko‘rinmayapti. Eng asosiysi, Ekopartiya jamoatchilikda ekologiyaga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishi kerak. Chunki jamoatchilikni jonlantirishda ularda mablag‘ ham, kuch ham yetarli. Ekopartiya ekologiyani asrash bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil qilishi, xodimlarining ongini o‘zgartirishi kerak.

Har bir tashkilotda ekologik yoshlar qanotini tashkil qilish ham zarur. Bu yog‘iga ekologik muammolar ko‘payaveradi va jiddiylashaveradi.

Boshqaruvni ixchamlashtirish

— Bizda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bor. Ular yagona Davlat ekologiya qo‘mitasi sifatida birlashtirilishi lozim.

Bundan tashqari, hayvonot bog‘larini ham Madaniyat vazirligi tasarrufidan chiqarib, o‘sha qo‘mitaga kiritish kerak. Birlashtirilgan Ekoqo‘mita esa bevosita Senatning nazoratida bo‘lishi zarur.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: