Uzpaynet'ni sotish jarayoni boshlandi 

O‘zbekiston 16:40 / 08.08.2022 8594

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Uzpaynet ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini raqobatga asoslangan sotuv jarayoni orqali sotish rejasini e’lon qildi.

Abrau Capital va Centil kompaniyalar konsorsiumi bitim bo‘yicha Davaktiv agentligining xususiylashtirish bo‘yicha yetakchi maslahatchisi hisoblanadi.

Kompaniya O‘zbekiston bozorida 2005 yildan buyon yirik to‘lov tashkilotlaridan biri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniya Paynet to‘lov tizimi ishlab chiqaruvchisi va savdo belgisi egasi deb hisoblanadi. Hozirgi kunda 390 dan ortiq xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar to‘lovlarni tizim orqali qabul qilmoqda — mobil aloqa, internet, uy-joy, sug‘urta va boshqalar.

Paynet mahalliy banklar bilan hamkorlik qiladi – to‘lov tizimi xizmatlari qatoriga "Kartadan naqd pul olish", "Pul o‘tkazmalari", "Rekvizitlar bo‘yicha to‘lov", "Kreditlarni qaytarish" kabi bank xizmatlari kiradi.

Paynet tizimi orqali har kuni 1,3 milliondan ortiq to‘lovlar 25 ming to‘lovni qabul qilish punkti va shu nomdagi mobil ilova orqali amalga oshiriladi.

Sotish jarayoni barcha manfaatdor tomonlar uchun ochiq bo‘lgan raqobat tamoyillariga asoslangan xususiylashtirish mexanizmi orqali amalga oshiriladi. Talabgorlar qiziqish bildirishi to‘g‘risidagi arizani 2022 yil 7 sentabr soat 18:00 ga qadar yuborishi lozim.

Qabul qilingan arizalar quyidagi mezonlar bo‘yicha saralanadi: davlat ulushini sotib olish uchun to‘lovga qobiliyatliligi; xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin bo‘lgan ma’muriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlari yo‘qligi; “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga rioya etilishi.

Ko‘proq yangiliklar: