Internetda test savollarining surati tarqalgan abituriyent imtihondan chetlatilgan - DTM

Jamiyat 15:37 / 08.08.2022 16479

Birinchi holat

Davlat test markazidan ma’lum qilishlaricha, kimyo fanidan test topshiriqlari aks etgan, lekin test topshiriqlari raqami ko‘rinmagan test topshiriqlari kitobi 8 avgust kuni Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur abituriyent test sinovi vaqtida telefondan foydalanayotgani aniqlanib, dalolatnoma asosida test sinovlaridan chetlashtirilgan.

Ikkinchi holat

Matematika fanidan test topshiriqlari aks etgan, lekin test topshiriqlari raqami ko‘rinmagan test topshiriqlari kitobi esa diagnostik test sinovlariga taalluqli bo‘lib, mazkur test topshiriqlari kitobi 8 avgust (bugun) kuni o‘tkazilgan OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga taalluqli emas, deyiladi xabarda.

“Ayrim telegram kanallar yozganidek hech qanday archa bayram boshlangani yo‘q. Archa bayramni buzib qo‘yganimiz uchun “uzr so‘raymiz”. Abituriyent telefon olib kirishni uddalasa, Davlat test markazi ularni aniqlab, chetlatishni uddalaydi.

Marhamat, sizlar turli rasmlarni telegram kanallarda e’lon qilishda davom etavering, biz esa barchasi nazoratda ekanini ko‘rsatib beramiz hamda jarayonlar shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlaymiz”, – deya ta’kidlagan Davlat test markazi.

Avvalroq markaz direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov Kun.uz'ga bergan intervyusida internetda savollar kitobining suratlari tarqalishi bo‘yicha izoh bergan edi. Unga ko‘ra, savollar kitobining raqamini yashirilgan bo‘lsa ham, har bir kitob individiual tuzilgani uchun, undagi savollarning ketma-ketligiga qarab kitob raqami va u qachon, qayerda, qaysi abituriyentga tushganini aniqlash mumkin. Bu esa kuzatuv kameralarining o‘sha joy va vaqtdagi arxivini qayta ko‘rish, shu orqali telefon olib kirgan abituriyetga chora ko‘rish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: