Chilonzor ko‘chasi: Daraxtlar tirik qoladimi, saboq chiqariladimi?

O‘zbekiston 23:25 / 08.08.2022 23918

Kun.uz 7 avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani Chilonzor ko‘chasini kengaytirish-ta’mirlash ishlari davomida yo‘l bo‘yidagi ko‘p yillik daraxtlarning ildizlari kesib tashlanayotgani haqida reportaj e’lon qilgandi.

Yo‘l kengaytirish davomida jami 101 tup daraxtga, shu jumladan, 92 tup eman, 1 tup chinor, 5 tup tut, 2 tup archa va 1 tup mevali behi daraxti ildizlari shikastlantirilgan. Bunda diametri 45–98 smgacha bo‘lgan jami 9 tup emanning ildiz qismiga jiddiy shikast yetkazilgan.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bu daraxtlarning omon qolishiga to‘la kafolat berib bo‘lmaydi.

Reportaj e’lon qilinarkan, holat jamoatchilikning keng e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Bu haqda gapirgan eko-faollar holatni unga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning farosatsizligi, shuningdek, amaldagi qonunlar, xalq, jamoatchilik va tabiatga tupurib qo‘yish, sabotaj deya baholashdi.

Xo‘sh, mas’ullar o‘tgan 1 kun davomida noroziliklardan qay darajada xulosa chiqarishdi? Qurilish-ta’mirlash loyihasida nima o‘zgardi? Ildizlariga shikast yetkazilgan ko‘p yillik daraxtlar taqdiri endi nima bo‘ladi?

Kun.uz muxbiri shu kabi savollarga javob topish uchun yana voqea joyida bo‘ldi.

Chilonzor ko‘chasiga kirib borarkanmiz, e’tiborimizni tortgan ilk holat yo‘l chetidagi ildizlari chopib tashlangan emanlar parvarishi bo‘yicha va’da qilingan ishlarning boshlab yuborilgani bo‘ldi.

Ildiz qismi ochilib qolgan yoki kesilgan emanlar tagiga sof sariq tuproq, gumus va qum to‘kilgan. “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” unitar korxonasi ishchilari esa mashinada suv keltirib daraxtlarni sug‘orib chiqishmoqda.

 

Biz boshlangan ishlar haqida shu yerdagi jarayonlarga rahbarlik qilib turgan Chilonzor tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Jo‘rabek Murodovdan ma’lumot so‘radik.

Hokimlik vakilining aytishicha, hozirda daraxtlar parvarishi uchun 140 metr kub sariq tuproq, 45 metr kub gumus va 33 metr kub qum olib kelingan va ular yo‘lning har ikki tomonidan daraxtlar uchun ajratilgan 3,5 metrli yashil hududga mutaxassislar tavsiyasiga asosan solinmoqda.

Ildizlariga jiddiy shikast yetkazilgan eman va chinorlarni saqlab qolish uchun esa chirishning oldini olishda ishlatiladigan fitosporin mikrobiologik preparatlari va ildiz o‘stiruvchi kornevin biostimulyatori bilan ishlov berilmoqda.

Chilonzor ko‘chasini kengaytirish loyihasi o‘zgartiriladi

Jo‘rabek Murodov jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan Chilonzor ko‘chasini kengaytirish loyihasi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev topshirig‘i bilan o‘zgartirilayotganini aytdi.

Unga ko‘ra, dastlabki loyihada kengligi 22 metr qilib belgilangan yo‘l 15 metrgacha qisqartiriladi. Hozir shahar hokimligida ana shu yangi loyiha tayyorlanmoqda.

“Qisqartirishdan keyin qolayotgan 7 metr hudud esa yo‘lning ikki tomoniga 3,5 metrdan bo‘linib, yashil hudud uchun qoldirilishi aytildi. Yashil hududlarni sug‘orish uchun 8ta quduq qaziladi.

Umuman olganda, Chilonzor ko‘chasi 1 sentabrga qadar ta’mirdan chiqarilishi rejalashtirilgan”, – dedi u.

Hozir dastlabki loyiha bo‘yicha yo‘l chetiga o‘rnatilgan irrigatsiya tarmoqlari (lotoklar) ham to‘liq olib tashlanmoqda. Ular yo‘l qisqartirilishi davomida belgilangan joylarda qaytadan o‘rnatiladi.

Hokimlik vakiliga ko‘ra, Chilonzor ko‘chasini kengaytirish va ta’mirlash loyihasining:

  • buyurtmachisi – “Toshkent shahar mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” DUK;
  • bosh pudratchisi – Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi “Toshkent ko‘priklardan foydalanish” UK hisoblanadi.

Ekologiya va atrof-muhitni himoyalashga kuchi yetmayotgan bosh ekolog haqida

6 avgust kuni yuz bergan holat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, uning joylardagi boshqarma va bo‘limlari ham jiddiy islohotlarga muhtojligini ko‘rsatib berdi.

Har holda qo‘mitaning keskirligi, qat’iy siyosati bo‘lganda, u xoh viloyatlar bo‘lsin, xoh poytaxtda, loyihalarning ekologik ekspertizadan o‘tkazilishini qat’iy talab qilgan bo‘lar edi.

Kechagi reportajimiz davomida Toshkent shahar bosh ekologi Farhod Dehqonov ham vaziyat yuzasidan o‘z izohini bergan edi. Ammo poytaxt ekologiyasi uchun birinchi navbatda mas’ul shaxsning bergan noaniq javoblari va o‘zini xuddiki quruvchi kompaniyaning himoyachisidek tutgani ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Avvalo Dehqonov daraxtlarga zarar yetkazgan kompaniyani tanqid qilish, buning ekologiyaga zarari haqida bong urish o‘rniga, jurnalistlarni daraxtlarga ishlov berib, qayta o‘stirish mumkinligiga ishontirishga urindi.

Farhod Dehqonov

“Bu ishlar soha mutaxassislari, tuman obodonlashtirish bo‘limi agronomlari va bizning ekologlar nazoratida bo‘lgan. Ushbu loyiha daraxtlarni maksimal darajada saqlab qolish, ularga zarar yetkazmaslikka harakat qilib loyihalashtirilgan”, – deya tuturiqsiz loyihani oqlashga urindi u.

Poytaxt bosh ekologining bu gaplari Ekologiya qo‘mitasi raisi Narzulla Oblomurodov bergan izohga mutlaqo zid. Raisning aytishicha, Chilonzor ko‘chasini kengaytirish, ta’mirlash ishlari uchun ekologik xulosa ham, ruxsat ham olinmagan.

Toshkentda ekologik muammolar ko‘payib borayotgani shaharning ekologik rahbarlaridan ham qat’iylikni talab qiladi, bu jihat esa shahar ekoboshqarmasida yetishmayotgani ko‘rinib turibdi.

Bu o‘rinda hokimliklar ham shahar aholisining hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri daxldor loyihalarni avvalo jamoatchilik, zarurat bo‘lganda ekologlar bilan maslahat qilishni mutlaqo lozim topmayotganini ham ta’kidlash kerak.

Eslatib o‘tamiz, Chilonzor tuman prokuraturasi dastlabki tekshiruvlarga asosan 7 ta daraxtga ziyon yetkazilgani fakti bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Zarar miqdori 348,9 mln so‘mga baholanmoqda.

UPD: Reportaj tayyorlangan 8 avgust kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida selektor yig‘ilishi o‘tkazildi va unda Chilonzor ko‘chasidagi daraxtlarning nobud qilinishi masalasi ham qattiq tanqid ostiga olindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan Chilonzor tumani hokimi Shavkat Mavlonov hamda tuman prokurori Izzat Bozorov lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va shahar prokurori Ulug‘bek Qosimovga qattiq hayfsan berildi.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi – Abduqodir To‘lqinov. 

Ko‘proq yangiliklar: