SSV: Asoratli homiladorlik asoratli bolalar tug‘ilishi degani emas

Jamiyat 09:46 / 07.08.2022 13283

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova mazkur holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Bugungi axborot asrida keng ommaga biror xabarni taqdim etish katta mas’uliyat yuklaydi, — deydi vazir o‘rinbosari. — Boisi birgina noto‘g‘ri ma’lumot noto‘g‘ri tahlillarga olib keladi. Noto‘g‘ri tahlillar noto‘g‘ri qarorlarni qabul qilishga sabab bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash tizimida esa noto‘g‘ri qarorlar achinarli oqibatlarni yuzaga keltirishi aniq.

Ctatistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugun dunyoda ayollarning faqat 20 foizidagina homiladorlik davri fiziologik sog‘lom kechadi. Ularning 30-40 foizida esa bu jarayon yondosh kasalliklar bilan birga o‘tadi.

17 foiz ayollarda homila asoratli kechib, 30 foizida anemiya kuzatiladi. Qolaversa, deyarli har bir homiladorlikning erta davrida bola tushish xavfi mavjud.

Bu raqamlarni bejiz keltirganim yo‘q. Sababi O‘zbekistonda o‘rtacha 900 ming nafar atrofidagi ayolning 170 mingida homiladorlik payti har xil turdagi, ya’ni anemiya va yondosh kasalliklar kuzatilishi hamda homila asoratli kechishi dunyo statistikasiga mos.

Tarqalgan xabarlarda esa asoratli homiladorlik bilan bog‘liq raqamlar asoratli tug‘ilgan chaqaloqlar statistikasi sifatida noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Xo‘sh, asoratli homiladorlik o‘zi nima?

Albatta bu ko‘pchilik o‘ylaganidek, og‘ir o‘lim holatlariga olib keladigan narsa emas. Ya’ni homiladorlikning ilk davridagi oddiy ko‘ngil aynishi, me’yordan ortiq qayt qilish, oyoqlardagi qon tomirlarning varikoz kengayishi, hatto, beldagi og‘riqlar ham homilaning asorat bilan kechishi, degan tashxis qo‘yishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, ayollardagi kamqonlik, immunologik o‘zgarishlar, kesarcha kesishni rejalashtirish, hatto, egizaklik ham tibbiy nuqtayi nazardan asoratli homiladorlik hisoblanadi. Qolaversa, ona qornidagi bolaning joylashishi yoki chaqaloqning tos suyagi va yonbosh bilan kelishini ham shunday deyishimizga asos bo‘ladi.

Ya’ni asoratli homiladorlik asoratli bolalar tug‘ilishi, degani emas va bundan vahimaga tushishga hojat yo‘q.

Qolaversa, yurtimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish natijasida oxirgi yillar onalar o‘limi kamayib, 21 promilledan 14,4 promillega tushdi. Ayniqsa, yaratilgan sharoitlar tufayli 500 gramm vazn bilan tug‘ilgan va birgina hayot belgisi bo‘lgan minglab go‘daklarning yashab qolish imkoniyati yaratildi. Bu quvonarli, albatta.

Natijada mamlakatimizda go‘daklar o‘limi 25 foizga kamayib, Jizzax, Samarqand va Namangan viloyatlarida 6 promilledan pasaydi. Shuningdek, yurtimizda perinatal xizmati rivojlanib, uni nafaqat poytaxt, balki hududlardagi 46 ta tumanlararo markazlar orqali tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Albatta, bu ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimizda mazkur soha davlat e’tiborida ekanining tasdig‘idir. Shunday ekan, barchadan keng ommaga ma’lumot taqdim etayotganda bunga to‘g‘ri va tushungan holda yondashishni alohida so‘rab qolaman. Aks holda, bu odamlarda noto‘g‘ri tasavvur va xulosalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: