Qashqadaryoda 23 yoshli sportchining jasadi Qarshi magistral kanalidan topildi

Jamiyat 20:22 / 06.08.2022 44389

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida yashovchi 23 yoshli sportchining jasadi Qarshi magistral kanalidan topilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum sportchining jasadini FVB g‘avvoslari topa olmagach, 2022 yil 14 iyul kuni uning akasi qarindoshlari bilan birga qidirib topgan.

Marhumning akasi ukasi qotillik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Qarshi shahar hududidan oqib o‘tuvchi Qarshi magistral kanalidan 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro K.I.ning jasadi topilgani holati yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ish bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 17 avgust kuni Qarshi shahrida sport murabbiyi Elbek Rahimovni bir guruh shaxslar odamlar ko‘z o‘ngida kaltaklab, mashinaga solib olib ketishgan. Keyinroq murabbiyning jasadi Chiroqchi tumanidan topilgandi.

2022 yil 5 may kuni Elbek Rahimovning o‘ldirilishida aybdor deb topilgan jami 26 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qilgandi.

Shuningdek, 2021 yilning 13 sentabr kuni qashqadaryolik yana bir taniqli sportchi Kamoliddin Rasulov Toshkentda tanishi tomonidan bir necha joyidan pichoqlangan, olgan jarohatlari natijasida vafot etgandi.

2022 yil 14 mart kuni K.Rasulovni o‘ldirganlikda aybdor deb topilgan shaxsga sud hukmi o‘qilgan va unga 15 ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangandi.

Ko‘proq yangiliklar: