Neft zavodi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol. Farg‘onadagi hodisa tafsilotlari

Jamiyat 21:20 / 06.08.2022 59286

Kun.uz muxbiri holatni o‘rgandi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Farg‘ona filiali Kombustiologiya bo‘limi boshlig‘i Davlatbek Oripovning ta’kidlashicha, bemorning holati og‘ir.

 Davlatbek Oripov

“Bemor Sanobarxon Haydarova 2 avgust kuni Shoshilinch tez tibbiy ilmiy markazi Farg‘ona filiali Qabul diagnostika bo‘limiga olib kelindi. Bemor reanimatsiya bo‘limiga olinib mutaxassislar tomonidan zaruriy muolajalar qilindi. Holati stabillashgandan keyin davolanishni davom ettirish uchun Kombustiologiya bo‘limiga olindi.

Bemorning hozirgi kundagi holati og‘ir. Alangadan tananing II-III A,V daraja 60 foiz termik kuyish tashxisi qo‘yilib, davolash standart bo‘yicha olib borilmoqda,”– deydi davolovchi shifokor.

Kun.uz muxbiri bemorning yaqinlari yordamida Sanobarxon Haydarovadan ham izoh olishga muvaffaq bo‘ldi. Bemorning diktofonga yozib olingan ovozidan uning bazo‘r gapirayotganini bilish mumkin. Ayol zavod kadrlar bo‘limiga ishdan bo‘shatishsa o‘zini yoqib yuborishidan ogohlantirgani, keyin boshqa bo‘limga o‘tkazishgani haqida gapiradi.

Shifoxonada bo‘lib turgan Sanobarxon Haydarovaning qaynukasi Solisher Sarimsoqov hodisa sabablari haqida o‘ziga ma’lum bo‘lganlarini quyidagicha so‘zladi:

Solisher Sarimsoqov

“Bir kun avval Sanobar opamga zavoddagi xodimlar bo‘limida ishlovchi Feruza ismli shaxs ariza yozing, ish o‘rni ham yo‘q “sokrasheniya”ga tushdingiz debdi. Unga javoban opam uyda boquvchimiz yo‘q, turmush o‘rtog‘im Rossiyadan qaytgan, ish topa olmay qiynalyapti, 4 nafar qizim bor deb tushuntirgan. Xodimlar bo‘limi mas’uli shundan keyin ham ish o‘rni yo‘qligini yana ta’kidlagan. Shundan keyin zavodning “oxrana” bo‘limida ishlovchi yigitlari Sanobar opamni tashqariga olib chiqib qo‘yibdi.

Holatda asabiylashgan opam: “Agar zavodda ish topilmasa, o‘zimni o‘zim yoqib yuboraman”, degan ekan. “Otdelkadr”da ishlovchi opalar bunga javoban qo‘lingdan kelganini qilaver deyishgan.

Bemor davolanayotgan xona

Uyga qaytib kelayotganda yo‘lda benzin sotadigan joydan yarim litr benzin sotib olib sumkasiga joylagan ekan. Zavod darvozasiga yelkasiga sumkani ilganicha kirgan. Qo‘riqchilar esa opamni tashqariga olib chiqib qo‘yishgan. Sanobar opam uyida sharoit yaxshi emasligi agar ish o‘rni qilib berishmasa o‘zini yoqib yuborishini aytgan. Shunda sumkasidan baklajka chiqarib benzinni boshidan quygan va gugurt chaqib yuborgan”, – deydi u.

Sanobarxon Haydarovaning turmush o‘rtog‘i Doniyor Haydarov u kovid asoratidan davolanib kelishi, oladigan 1 million so‘m oyligi dorilarga ham yetmasligini ta’kidladi.

Doniyor Haydarov

“Turmush o‘rtog‘imning sog‘ligidagi muammolari sabab bir oyda 4-5 kun ishlaydigan rejimga tushirib qo‘yishgan edi. Dushanba kuni “bugun ariza yozdirishadi” deb ishga borgan edi. Dushanba kuni ishlab keldi. Seshanba kuni esa mana shunday mudhish voqea sodir bo‘ldi. Pensiyaga chiqqunimcha zavodda ishlayman, deb niyat qilar edi. O‘zi ishlayotgan 32-sexdan boshqa bo‘limga o‘tkazamiz deyishgan ekan. Lekin hali o‘tkazishmagan edi.

Bir oyda ishga 5-6 kun borib bir million so‘m oylik olar, lekin bu pul kasalini davolatish uchun dori-darmonga yetmas edi. Koviddan o‘pkasiga zarar yetib davolatib yurardi. 4 nafar qizimiz bor. 3 qizimni turmushga berganman. Kenjasi 8-sinfda o‘qiydi.

O‘sha kuni tomorqani sug‘orayotgan edim. Soat 10:00larda tezda kasalxonaga yetib kelishimni aytishdi. O‘zi ishdan bo‘shayman ekan deb ruhiy tushkunlikka tushib yurgan edi”, – deydi ayolning turmush o‘rtog‘i.

Yuzaga kelgan holat bo‘yicha zavod mas’ullaridan izoh olish uchun FNQIZga bordik. Lekin negadir ichkariga kirishimizga ruxsat berishmadi.

3-4 soatlik kutishdan so‘ng telefon va mikrofonlar tashqarida qolish sharti bilan zavod direktorining xonasiga kirishga muvaffaq bo‘ldik. Lekin shunda ham qabulxonada qo‘l soatlarimizgacha yechib olindi.

“Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, Sanobarxon Haydarova zavodda 2014 yildan beri ishlaydi. Qurilish-montaj ishlari bilan shug‘ullanadigan 32-sex tugatilib, ishchilar zavod tarkibida yangi tashkil etilgan “RSMU NEFT” UK (remont-qurilish unitar korxonasi)ga qayta rasmiylashtirib ishga olingan. Sanobar Haydarova ham boshqalar qatori ish haqi saqlangan holda 1 avgust kunidan e’tiboran 2-razryad bilan ana shu yangi korxonaga bo‘yoqchi lavozimiga ishga qabul qilingan.

Zavod ma’muriyatiga ko‘ra, hodisa sodir bo‘lgan 2 avgust kuni xodim singlisining kiyimida korxonaga keladi. Ruxsatnomasi uyda qolib ketgani uchun xodim ichkariga kiritilmaydi. Oradan bir oz vaqt o‘tib xodimning jiyani xolasiga ruxsatnomani olib kelib beradi va Sanobar Haydarova zavod ichkarisiga kirmoqchi bo‘ladi. Lekin bu safar qo‘riqlash xizmati xodimlari ish vaqtidan kech qolgani uchun uni ichkariga kiritmasligini aytishadi.

Tashqariga chiqib ketgan xodim 8:31 da qaytib kelgan va nazorat punkti oldida plastik idishdagi benzinni o‘zining ustidan quygan gugurt yordamida olov chiqargan. FNQZ xavfsizlik xodimlari o‘t o‘chirish vositalari va kiyimlar yordamida yong‘inni o‘chirishgan. Ammo ayol yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilib, sezilarli darajada kuyish jarohatini olgan. Soat 8:37 da Sanobarxon Dehqonovna tez yordam mashinasida Farg‘ona shahridagi shifoxonaning kuyish bo‘limiga yuborilgan.

Ayni paytda holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: